
2019 nafar yosh taekvondochi "Xalqlar do‘stligi" maydonida tashkil qilingan fleshmobda qatnashdi
Poytaxtimizda o‘tkazilayotgan taekvondo bo‘yicha kadetlar o‘rtasidagi jahon chempionati yurtimizda ushbu sport turi rivoji va taraqqiyoti, ommaviy sport targ‘iboti yo‘lida o‘zgacha iz qoldirmoqda. Musobaqani kuzatib borish uchun shaxsan jahon taekvondo federatsiyasi rahbarining tashrifi mazkur turnir ne chog‘lik ahamiyat kasb etishini belgilab bermoqda.
O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi ushbu musobaqa doirasida yana bir ahamiyatli tadbirga qo‘l urdi. Bugun poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” maydonida, avvalo, sog‘lom turmish tarzini, shuningdek, taekvondoni targ‘ib qilish yo‘lida katta fleshmob tashkil qilindi. Unda ushbu sport turida katta yutuqlarga erishgan hamyurtlarimiz, yuzlab mahalliy va Janubiy Koreyadan kelgan yosh taekvondochilar o‘z mahoratlarini namoyish qilishdi. Fleshmobda jami 2019 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ushbu tadbirni jahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chung Von Choy ham katta qiziqish bilan kuzatib bordi. Martabali mehmonga Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev hamrohlik qilishdi.
Tadbir boshida mehmonlarga o‘tgan oy yurtimizda katta tantana ostida o‘tgan “Olimpiya kuni”ga bag‘ishlab tayyorlangan rolik namoyish etildi. Tabiiyki, bunday katta masshtabdagi sport tadbiri Chung Von Choyni ham ta’sirlantirmay qolmadi.
“Go‘zal Toshkentda ilk bor bunday ommaviy sport tadbirida ishtirok etmoqdaman. Bu yurt farzandlaridagi taekvondoga bo‘lgan muhabbat bizga yanada kuch beradi. Bugungi bellashuvda O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining dastlabki medalini qo‘lga kiritdi. Ishonamanki, chempionat davomida o‘zbekistonlik taekvondochilar oltin medallarga sazovor bo‘lishga ham qodir. O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasida musobaqaga tayyorgarlik uchun qisqa vaqt bo‘lishiga qaramasdan jahon chempionatini ba’zi kattalar o‘rtasidagi turnirdan ham chiroyli tarzda tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil etishda bosh-qosh bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga chuqur minnatdorchilik bildirib qolaman. Mazkur chempionatga bag‘ishlangan rolik tayyor bo‘lishi bilan uni jahon taekvondo federatsiyasining saytiga joylab, tashkilotimizga a’zo 209 mamlakat federatsiyalariga namuna sifatida jo‘natamiz”, – dedi Chung Von Choy.
Taekvondo insonni nafaqat jismonan sog‘lom, balki, ruhan tetik qilib tarbiyalaydigan sport turlaridandir. Sportchilar ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlar maydonga yig‘ilgan tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ta’kidlash joiz, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarimizda sportga bo‘lgan mehrning uyg‘onishi, ularning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun katta turtki bo‘lib xizmat qiladi.
Manba: olympic.uz
Fikrlar