
64 million funt evaziga umidlar bilan olib kelingan futbolchi MYuni tark etish arafasida
"Manchester Yunayted" klubi ikki yil avval 64 million funt (+8 mln bonus) evaziga xarid qilgan daniyalik hujumchisi Rasmus Xoylund bilan xayrlashishga tayyor.
"The Telegraph" nashrining yozishicha, klub futbolchini sotishga shoshilmayapti. Biroq, ayniqsa "Inter" qiziqish bildirar ekan, takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.
"Qizil iblislar" 22 yoshli futbolchini hozir 38–42 million funt atrofidagi narxda qo‘yib yuborishi mumkin. Milanliklar esa futbolchini avvalo ijaraga olib, so‘ngra majburiy yoki ixtiyoriy sotib olish huquqi bilan transferni amalga oshirishni ko‘zlamoqda.
Shunga qaramay, MYu rahbariyati doimiy transferni afzal ko‘rmoqda — bitimda aniq va qat’iy shartlar belgilanishini istaydi.
Futbolchining jamoadan ketishiga asosiy sabab sifatida - yozgi transferlar oynasidagi bir nechta hujumkor futbolchilarning kelishi bo‘lmoqda.
Fikrlar