
9-tur 9 maydan boshlanadi yoxud yana murabbiylar iste’fosi davom etadimi?
9 may kuni Superliganing 9-turiga start beriladi. Andijonda “Andijon” hamda “Neftchi” o‘rtasidagi vodiy derbisi turning markaziy o‘yini sifatida e’tirof etilmoqda. O‘tgan turdan keyin uchta jamoada bosh murabbiylar iste’foga chiqarildi. Hozircha hech biriga rasman bosh murabbiy tayinlangani yo‘q.
9 may
18:00. “Andijon” – “Neftchi”
Turning markaziy o‘yini Andijondagi “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Unda vodiy derbisi doirasida “Andijon” “Neftchi”ni qabul qiladi. “Burgutlar”ning chempionat va Kubokdagi ketma-ket 5 ta mag‘lubiyatidan keyin bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov iste’foga chiqarilganini bilasiz. Uning yordamchisi Artyom Petrosyan jamoani vodiy derbisiga tayyorlamoqda. Bunday derbida jamoalarning egallab turgan o‘rni ahamiyatsiz va futbolchilar maydonda oxirgi kuchi qolgunicha jiddiy kurash olib boradilar. “Andijon” kuchlilarga qarshi qanday o‘ynashni yaxshi biladi. Ikkala jamoaga oson bo‘lmaydi. Lekin stadion to‘lmaydi. Chunki diskvalifikatsiya sababli “Bobur arena”dagi 15 ta sektor yopilgan.
20:15. “Dinamo” – “Surxon”
Superligada ikkita jamoa hali mag‘lubiyatga uchragani yo‘q va ulardan biri “Dinamo”. Vadim Abramov shogirdlarini bu turda Samarqandda “Surxon”ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. Ikkala jamoa ochiq va hujumkor futbol ko‘rsatishni yoqtiradilar. Tomoshabop uchrashuv bo‘lishi shubhasiz va unda istalgan natija qayd etilishi mumkin.
10 may
18:00. “Qo‘qon-1912” – OKMK
Musobaqa peshqadami – OKMK o‘tgan turda “Andijon”ga qarshi uchrashuvda katta qahramonlik ko‘rsatganini yaxshi bilasiz. Bu safar Mirjalol Qosimov jamoasini yana vodiy klubiga qarshi og‘ir uchrashuv kutmoqda. OKMK mehmonda “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahs olib boradi. Bu yil pro ligadan Superligada qatnashayotganlar orasida qo‘qonliklar iliq taassurot qoldirishyapti. O‘tgan turda Toshkentda “Bunyodkor”ni oxirgi soniyada urilgan gol evaziga 1:2 hisobida taslim qilgan Bahrom Haydarov jamoasi OKMKga qarshi ham munosib o‘yin ko‘rsatishi aniq. Maydonda qattiq jang kechadi. Hozirdan ustunlikni biror-bir klubga berib bo‘lmaydi.
19:00. “Nasaf” – “Bunyodkor”
Ushbu o‘yin ham turning markaziy bahslaridan biri. “Bunyodkor” o‘tgan turda o‘z uyida ilk bor mag‘lubiyatini qabul qildi va bu juda alamli kechdi. “Nasaf” esa hali yutqazgani yo‘q. Amaldagi chempion doimgidek o‘z darajasida. Faqat o‘tgan turda “Xorazm” bilan durang o‘ynab qo‘ydi. Albatta, “Nasaf” o‘z uyida o‘ynar ekan, ularda yaxshigina ustunlik bo‘lishi tabiiy. Yaxshi taassurot qoldirayotgan “Bunyodkor”ning “Nasaf”ga qarshi qanday o‘yin taklif qilishi barcha uchun qiziq.
20:15. “Paxtakor” – “Buxoro”
“Surxon”ga mag‘lubiyatga uchragan “Paxtakor” bo‘lajak o‘yinda bosh murabbiysiz o‘ynaydi. Portugaliyalik mutaxassis sog‘ligi bilan bog‘liq muammo tufayli ta’tilga chiqqani aytildi. Ammo u iste’foga chiqarilgani haqiqat. “Buxoro” bilan bahsda Kamoliddin Tojiev “Paxtakor”ni boshqaradi. 8 ta turdan so‘ng 3 g‘alaba va 5 mag‘lubiyat bilan 12-o‘rinni egallab turgan “Paxtakor” uchun bu yarashmagan natija. Rahbariyatni ushbu natija mutlaqo qoniqtirmayapti. “Buxoro” bilan o‘yinda “Sherlar” “quturib” ketmasa bo‘lgani. Balki mag‘lubiyatlar jamoaga ruhiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. “Buxoro”da ham vaziyat yaxshi emas. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoevning kursisi allaqachon qimirlab qolgan. O‘tgan turda “Mash’al”ga imkoniyatni boy berdilar. “Buxoro” uchun “Paxtakor” bilan o‘tadigan o‘yinning ahamiyati yuqori. Bu bahs Baqoev uchun “Buxoro” ustozi sifatidagi oxirgi uchrashuv bo‘lmasligiga kim kafolat beradi?
11 may
18:00. “Navbahor” – “Xorazm”
Namanganda “Navbahor” va “Xorazm” to‘qnashuvi yuz beradi. Hakim Fuzaylov boshqaruvidagi urganchliklar etakchilarga qarshi yaxshi o‘ynayapti. “Bunyodkor” va “Nasaf” bilan bahslarda bir ochko ishlab oldi. Lekin Namanganda o‘ynash ham oson ish emas. “Navbahor”da biroz ustunlik borligi haqiqat.
19:00. “Mash’al” – “Qizilqum”
Ikkala jamoada hozirda 10 ochkodan mavjud. Aytish lozimki, bir-biriga munosib raqiblar va kuchlarini teng baholash mumkin. Ushbu o‘yinda kim yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa va imkoniyatlardan foydalanish samaradorligini ko‘rsata olsa o‘sha klub maqsadiga erishadi.
20:15. “So‘g‘diyona” – “Sho‘rtan”
Superligada g‘alabasiz odimlayotgan yagona klub – “Sho‘rtan”ni Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yin kutyapti. O‘tgan turdagi mag‘lubiyatdan so‘ng “Sho‘rtan” bosh murabbiyi Anvar Berdiev iste’foga chiqarildi. Eldor Moyliev vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarib turadi. “So‘g‘diyona”da ham natijalar hozircha u qadar yaxshi emas va barqarorlik etishmayapti. Shu sababli ushbu uchrashuvda maydonda ayovsiz jang bo‘lsa kerak.
Fikrlar