
Akmal Shorahmedov: Ektor Kuper qattiqqo‘l mutaxassis
Ektor Kuperning "oq bo‘rilar" boshqaruvidagi dastlabki o‘yini 1:1 natijasi bilan yakun topdi. Uchrashuvdan so‘ng terma jamoamiz va "Paxtakor" himoyachisi Akmal Shorahmedov bellashuv borasidagi o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi.
“Kuper oldingi o‘yinlarda o‘tkazib yuborgan gollarimizni ko‘rib chiqib, birinchi navbatda himoyalanishni o‘rgatmoqda. U Eron va Janubiy Koreyaga qarshi kechgan o‘yinlarni ko‘rib chiqib, qanday himoyaviy harakatlarni amalga oshirish borasida saboq bermoqda. Bu mutaxassis hali markaz va hujumda o‘ynash borasida ham ko‘rsatmalarni beradi. Vaqt berilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Yaxshi maydonlar berilmadi hali. Kuper endi o‘zbek futbolchilari bilan tanishmoqda. O‘zbek futbolchilarining xarakteri, yurish-turishi va boshqa tomonlardan o‘rganmoqda. Vaqti kelib unga ham yaxshi sharoitlar yaratib berishadi deb o‘ylaymiz.
Kuper juda ham qattiqqo‘l, to‘g‘ri ma’noda albatta. Futbolchilarga MTJni sevish, uni klubdan ustun ko‘rishni o‘rgatmoqda.
Ektor Kuper hozir barcha futbolchilarni ko‘rib chiqmoqda. Kelgusi uchrashuvda balki boshqa futbolchilar maydonga tushar. 3 oy davomida O‘zbekistonda terma jamoaga munosib futbolchilarni ko‘rib chiqmoqchi. Hozir bu erda natijani o‘ylash noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Bu o‘yin biz uchun bir zina sifatida qabul qilinadi. Undan hozir fantastik natija kutish noo‘rin bo‘ladi.
Argentinalik mutaxassis – ko‘pni ko‘rgan murabbiy. Uning kelishi o‘zbek futboli uchun foyda bo‘ladi. U neytral odam va futbolchilarni tanlayotganda ham klubiga emas, uning jismoniy tayyorgarligiga qaraydi", - dedi Shorahmedov "Sport" telekanali efirida.
Fikrlar