Amirjon Safarov: "Nasaf"da futbolchi uchun barcha sharoitlar yaratilgan
O‘zingizga ma’lum, yaqinda "Nasaf" tarkibiga yangi futbolchilar qo‘shildi. Jumladan, muqaddam Samarqandning “Dinamo” klubida faoliyat yuritgan hujumchi Amirjon Safarov endi “ajdarlar” sharafini himoya qiladi.
Futbolchi haqida umumiy ma’lumotlar
Ismi sharifi: Amirjon Safarov
Tug‘ilgan sanasi: 18 fevral 1995 yil (23 yosh)
Tug‘ilgan joyi: Samarqand shahri
Ampluasi: hujumchi
Raqami: 9
O‘ynagan klublari: “Sherdor”, “Dinmo” (Samarqand)
Amirjon Safarov o‘tgan ikki uchrashuvda jamoa tarkibida maydonga tushdi. "Nasaf" rasmiy sayti Safarov bilan qisqacha suhbat uyushtirdi.
"Futbolga 8 yoshimdan qiziqib qolganman. Ilk ustozim Sami Egamberdiev bo‘ladilar. Futbolga qiziqishimni sezgan akam - Akmal Safarov ushbu murabbiyga olib borgan. Akam ham o‘sha paytda futbol o‘ynardi. Ammo keyinchalik oilaviy sharoitimiz taqozo qilmagani uchun, futbolni tashlab ketdi. So‘ng Samarqanddagi Olimpiya zaxiralar kollejida futboldan ta’lim oldim. Bir vaqtda Samarqand viloyati birinchiligida ishtirok etayotgan “Sherdor” jamoasida to‘p tepdim. 2013 yili meni Igor Remnev “Dinamo” klubiga taklif qildi. O‘zlaringiz bilasizlar, “Nasaf”ga kelgunimga qadar ushbu jamoada o‘ynadim.
“Nasaf” klubi murabbiylari menga qiziqish bildirib, jamoaga taklif qilishdi, bunga sobiq jamoam rahbarlari ham qarshilik qilishmadi.
Men bungacha “Nasaf” klubidagi sharoitlarni sirtdan bilardim. Ammo endi o‘zim kelib ko‘rib, amin bo‘ldimki bu erda futbolchi uchun hamma sharoit yaratilgan. Jamaodagi muhit esa meni lol qoldirdi. Hamma hamjihat. Jamoadoshlarim bilan yaqindan tanishib oldim, jamoaga to‘liq kirishib ketishim uchun ular meni qo‘llab turishibdi. Mashg‘ulotlar jarayoni ham haqiqiy professionalcha tashkil etilgan. Murabbiylar ham o‘z ishining ustasi. To‘g‘risi, bu erga kelib shu narsaga amin bo‘ldimki, klub bejizga o‘zining yutuqlari bilan yoki etishtirib chiqargan nomdor futbolchilari bilan tanilmagan. Klubda hamma shu maqsad uchun mehnat qilayotganining guvohi bo‘ldim.
“Nasaf”ga kelib, o‘z oldimga shunday maqsad qo‘ydim. Klubga foydam tegadigan o‘yinchi bo‘lish uchun bor kuchim bilan kurashaman. Jamoam yutug‘i uchun tinmay o‘z ustimda ishlayman. Bunga to‘liq ishonchim bor. Aksincha bo‘lishi mumkin emas.
Hujumchi maydonga tushib, vaziyat yarata olmasa yoki bu vaziyatni golga aylantira olmasa. Uning boshqa o‘yinchidan farqi bo‘lmaydi. Bu hujumchidagi asosiy sifat deb, o‘ylayman", - deb uning so‘zlarini keltirdi Qarshi klubi rasmiy sayti.

Fikrlar