“Andijon” o‘z tarkibini keskin kuchaytirdi

  • 17.07.2018 20:51
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Joriy mavsum o‘z oldiga Superligaga chiqishni maqad qilib olgan “Andijon” jamoasi yuzaga kelgan transfer oynasida tarkibni kuchaytirish maqsadida bir nechta yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi.

Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi “Kimyogar” stadionida kuniga ikki mahaldan mashg‘ulot olib borayotgan “burgutlar” yozgi transfer chog‘ida o‘z safiga yangi 9 nafar futbolchini qo‘shib oldi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Nikita Ribkin. 26 yoshli darvozabon mavsumning birinchi qismini Superliga qatnashchisi “Metallurg”da o‘tkazgandi. Muxlislar yaxshi bilishsa kerak, iqtidorli posbon bungacha elitaning “Paxtakor” va “Qo‘qon-1912” jamoalarida ham o‘ynagan. Nikita hozircha mashg‘ulotlarda ijobiy taassurot qoldirmoqda. 

Farhod Mirahmatov. Ampluasi himoyachi. 24 yoshli futbolchi birinchi davrada Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasida o‘ynadi. Davron Mamatov. “Neftchi”ning sobiq futbolchisi “Andijon” safiga avvalroq qo‘shilgandi. Markaziy himoyachi mavsumning birinchi qismida “burgutlar” safida “Mash’al”ga qarshi rasmiy uchrashuvda ishtirok etishga ulgurdi.

Sunnatilla Ermatov. Ushbu iqtidor egasi ham transfer oynasi ochilishi bilanoq “Andijon” a’zosiga aylanib ulgurgandi. 23 yoshli yarim himoyachi “Andijon”ning safarda “Mash’al”ga qarshi o‘tkazgan o‘yinida gol urib, jamoasining safardan ochko bilan qaytishida katta hissa qo‘shdi.

Doniyor Hasanov. Sobiq “Obod” jamoasining sardori. Maydon markazida abjirligi va aniq to‘p oshirishlari orqali e’tibor qozongan futbolchi. Hasanov mavsumning birinchi qismini “So‘g‘diyona”da o‘tkazdi. Davralar oralig‘ida Doniyor “Andijon”dan tushgan taklifga rozilik berib, shartnoma imzoladi.

Nodirxon Kamolov. Markaziy yarim himoyadagi raqobatni kuchaytirishi shubhasiz. “Qizilqum” jamoasidan taklif etildi. 24 yoshli farg‘onalik futbolchidan murabbiylarning umidi katta.

Elbek Otaqulov. Transfer oynasining so‘nggi kunida PFL ro‘yxatidan o‘tkazilgan futbolchimiz bo‘ldi. Elbek “Nasaf” futbol akademiyasining tarbiyalanuvchisi sanaladi. 19 yoshli futbolchi mavsumning birinchi qismini “Surxon”da ijarada o‘tkazgandi. Endilikda Otaqulov “Andijon” a’zosiga aylandi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, qarshilik futbolchi chap qanot himoyachisi va yarim himoyachisi sifatida ham birdek o‘ynay oladi.

Farhod Bekmuratov. Andijon futboli tarbiyalanuvchisi yarim yillik tanaffusdan so‘ng yana jamoaga qaytarildi. Muxlislar yaxshi bilishsa kerak, Bekmuratovlarning to‘ng‘ichi yil boshida Toshkentning “Lokomotiv” klubiga ijaraga berilgandi. Iqtidorli futbolchi endilikda “burgutlar”ning Superligaga qaytishida bor kuchini ishga solmoqchi. Farhod ham transfer oynasi yopiladigan kunning o‘zida yana “Andijon”ga “zayavka” qilindi.

Qadamboy Nurmetov. Xorazmlik baquvvat hujumchilarning davomchisi deyish mumkin. 22 yoshli futbolchi og‘ir jaroxatlardan so‘ng yana avvalgi sport formasini tiklab bormoqda. Mavsumning birinchi qismida Nurmetov PRO-Liga to‘purari bo‘ldi. Shu bois “Andijon”dagi oldingi chiziqni ham yanada kuchaytirish maqsadida Qadamboy taklif etildi.

Yuqorida nomlari keltirib o‘tilgan futbolchilarning barchasi bilan “Andijon” jamoasi 1,5 yillik shartnoma imzoladi. Faqatgina Elbek Otaqulov yil yakuniga qadar ijara asosida o‘ynaydigan bo‘ldi.

Kezi kelganda shuni ham aytib o‘tish lozimki, mavsumning birinchi qismini “Andijon”da o‘tkazgan ayrim futbolchilar bilan klub do‘stona ravishda xayrlashishga qaror qildi.

Begzod G‘anijonov, Mirjalol Rajabov, Hoshimbek Shokirov, Xusan Olimjonov, Usmonali Ismonaliev, Alisher Abduvohidov, Obid Hakimov hamda Ma’ruf Zokirjonov kabi futbolchilar bilan tuzilgan shartnoma har ikki tomonning o‘zaro qaroriga muvofiq bekor qilinib, ushbu o‘yinchilar “Andijon” jamoasini erkin agent sifatida tark etdi.

Markaziy yarim himoyachi Eldor Boymatov Superliga klubi “Qizilqum” jamoasiga transfer qilindi.  Ushbu futbolchilarning “Andijon” rivoji uchun qo‘shgan xissasi uchun minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatiga omad tilab qolamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!