
Andrey Kanchelskis: Ilhom Mo‘minjonovdan minnatdorman
Marosimdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida rossiyalik mutaxassis o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Albatta, yangi jamoani qabul qilish qarorini qabul qilish oson emas. “Navbahor”ning joriy mavsumda 7 ta uchrashuvi qoldi va bu o‘yinlardan to‘rttasini jamoa safarda o‘tkazadi. Albatta, o‘z maydonida har qanday jamoani mag‘lubiyatga uchratishga qodir bo‘lgan “Navbahor”ning safardagi bahslarda nega salbiy natijalarni qayd etayotganligi menga qorong‘u. Balki bu ruhiyat bilan bog‘liqdir, balki boshqa narsa bilan, bunisi menga noma’lum. Futbolchilar bilan yaqindan tanishib, suhbatlashilganidan so‘ng, bunga oydinlik kiritishga intilamiz.
“Bunyodkor”dan 0:2 hisobida uchralgan mag‘lubiyat ham men uchun kutilmagan holat bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, o‘sha o‘yinda ijobiy natijani kutgandim. Ammo... Endi yigitlar o‘sha o‘yinni unutib, bo‘lajak uchrashuvga tayyorlanishlari kerak. Keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘rish uchun hali oldinda yana 2 haftaga yaqin vaqt bor va shu vaqt ichida murabbiylar shtabi bilan bamaslahat va birgalikda o‘z maydonimizdagi “Buxoro” hamda safarda “Lokomotiv” klublariga qarshi kechadigan o‘yinlarga puxta tayyorgarlik ko‘ramiz.
- Ammo chempionlik uchun kurashayotgan “Navbahor”ni qiyin vaziyatda qabul qilib oldingiz. Murabbiy sifatida bu qarorni qabul qilish sizga oson bo‘lmagandir? Axir, o‘zingiz bilan endi yangi futbolchilar olib kela olmaysiz. Shu haqda ham o‘ylab ko‘rdingizmi?
- Albatta, bu haqda o‘yladim. “Navbahor”ni qabul qilish borasida bir qarorga kelish kerak edi va buni qabul qildim. To‘g‘ri, bu tarkibni men yig‘maganman va futbolchilarni ham jamoa safiga men taklif qilmaganman. Endi joriy mavsumda o‘zim bilan yangi o‘yinchilarni olib kela olmayman hamda ayni paytda qo‘l ostimda bo‘lgan futbolchilar bilan mavsumni yakunlaymiz. O‘z o‘rnida sobiq bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonovga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. U yaxshi jamoa shakllantirdi va “Navbahor” ayni paytda turnir jadvalining 3-pog‘onasida bormoqda. Shu sababli, Ilhom Mo‘minjonovni tanqid qilmaslik kerak. Uning kelgusida birorta jamoada faoliyat olib borishi va kelgusi ishlarida omad yor bo‘lishini tilayman.
- Pepsi Superliga bahslarining yakunlanishiga 7 ta tur qoldi. “Navbahor” ushbu 7 uchrashuvning to‘rttasini safarda o‘tkazadi. Jamoa so‘nggi paytlarda safardagi bahslarda salbiy natijalarni qayd etyapti. Bu vaziyatdan qanday chiqib ketmoqchisiz?
- Albatta, ushbu qiyin vaziyatdan murabbiylar shtabi bilan bamaslahat holda chiqib ketamiz. To‘g‘ri, ta’kidlab o‘tganimdek, o‘z maydonida ajoyib o‘yin namoyish etadigan har qanday jamoani mag‘lubiyatga uchratadigan “Navbahor”ni safar uchrashuvlarida tanib bo‘lmay qolyapti. Bu psixologiya bilan bog‘liqmi yoki taktika bilanmi, bu hozircha menga noma’lum. Bunga yigitlar bilan yakkama-yakka suhbatlashganimdan keyin oydinlik kiritiladi. Lekin safar o‘yinlarida ham endi ijobiy natijalarni qayd etishga, futbolchilarni bo‘lajak o‘yinlarga o‘zgacha ruhda tayyorlashga intilaman. Qisqasi, jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishishiga qo‘ldan kelganicha harakat qilaman.
Fikrlar