Ertami, kechmi kim haqiqiy chempionligini aniqlaymiz! Bahodir Jalolov yangi jahon chempioniga "vyzov" tashladi
O‘zbekistonlik super og‘ir vaznli bokschi Bahodir Jalolov (17-0, 15 KO) o‘z vazn toifasida IBF versiyasi bo‘yicha yangi jahon chempioni bo‘lgan xorvatiyalik Filip Hrgovichga (21-1, 16 KO) murojaat qildi.
29 avgust kuni Londonda bo‘lib o‘tgan jangda Hrgovich mahalliy arenalarning yorqin vakillaridan biri sanalgan Mozes Itaumuni (14-1, 12 KO) texnik nokaut evaziga mag‘lub etib, bo‘sh turgan chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.
Bu natija ekspertlar tomonidan kutilmagan burilish sifatida baholandi.
Bahodir Jalolov xorvatiyalik bokschining jangini yuqori baholar ekan, bir vaqtning o‘zida kelgusida u bilan ringda to‘qnashishga tayyor ekanini ham bildirdi.
- Filip Hrgovich, g‘alabang bilan tabriklayman! Sen ajoyib iroda ko‘rsatding va haqiqiy jangchi ekaningni isbotlading. Seni chempion sifatida hurmat qilaman.
Lekin baribir erta yoki kech yo‘llarimiz kesishadi. O‘sha kun kelganda, kim haqiqiy chempion ekanini aniqlaymiz, — deb yozdi «Katta o‘zbek» laqabi bilan mashhur bo‘lgan Jalolov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Bahodir Jalolovning so‘nggi jangi joriy yil 9 may kuni Angliyaning Manchester shahrida o‘tgan edi. O‘sha bahsda u yana bir xorvatiyalik raqib — Agron Smakichini (21-4, 9 KO) muddatidan oldin mag‘lub etgan.

Fikrlar