Avf etilgan futbolchi yoxud Dilshod Ahmadaliev bilan suhbat

  • 17.07.2018 10:35
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

“Bunyodkor” klubi tarbiyalanuvchisi Dilshod Ahmadalievning yana katta futbolga qaytarilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ma’lumki, qishda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati yoshini kichraytirish va shunga o‘xshash boshqa qoida buzarliklarni aniqlagan holda bir qator o‘yinchilarni futboldan chetlatlandi va ularning orasida Ahmadaliev ham bor edi. Lekin ushbu futbolchi tez sur’atda o‘sib kelayotgan kelajagi porloq sifatida e’tirof etilayotgandi. Oradan ma’lum muddat o‘tganidan keyin O‘FA ularni kechirdi. Qolaversa, Ahmadaliev va boshqalar qilmishlari uchun pushaymon ekanliklarini bildirishdi. Natijada Dilshod yana “Bunyodkor” libosida maydonda gavdalana boshladi. SPORTS.uz muhbiri esa futbolga qaytgan Ahmadaliev bilan bog‘landi.

- Dilshod, dastlab bo‘lib o‘tgan voqea haqida o‘zingiz to‘xtalib o‘tsangiz?

- Futboldan chetlatilishimdan oldin hammasi zo‘r edi. Doimgidek, mavsumga tayyorgarlik ko‘rayotgandim. Keyin esa birdaniga shu xabar chiqib qoldi va men nima qilishni bilmay qoldim. To‘g‘risi, karaxt ahvolga tushib qolgandim.

- Tabiiyki, buni o‘zimiz ham kutmagandik. Ayting-chi, O‘FA tomonidan aytilganidek yoshni kichraytirish borasida qoidabuzarlik sodir bo‘lganmidi?

- Ha, sodir bo‘lgan. Lekin hammasini to‘g‘ri tushunib, olti yil oldin o‘z hujjatlarimni olgandim.

- Siz bu borada O‘FAga tushuntirish berganmisiz?

- Ha, klub bilan birga kelishib xat yuborganmiz.

- Endi aslida tug‘ilgan sanangiz qanday?

- 1994 yil, 2 noyabr.

- O‘shanda sizni chetlatishgan paytda nimalarni o‘ylagansiz? Ruhiy tomondan tushkun kayfiyatda edingizmi?

- To‘g‘risi, o‘sha paytlarda qalbimdan har xil narsalar o‘tgan. Oldin bunday holatga tushmaganman desam ham bo‘laveradi.

- Ya’ni, chetlatilganingizdan keyin futboldagi faoliyatingizni tugatish haqida o‘ylamaganmisiz yoki baribir umidingiz bormidi?

- Yo‘q, faoliyatimni tugatish haqida o‘ylamaganman. Lekin, agarda shunday bo‘lsachi deb ham o‘ylaganim rost. Futbolsiz nima qilaman deb hayron qolgandim.

- Bunday kezlarda sizni kimlar qo‘llab-quvvatladi?

- Uyimdagilar, yaqin do‘stlarim va “Bunyodkor”dagilar qo‘llab-quvvatlab turishdi.

- Umuman olganda, futbolsiz vaqtlaringizni qanday o‘tkazdingiz?

- Yaxshi ko‘rgan ishingiz bilan shug‘ullanmasangiz qiyin ekan. To‘g‘risi, juda qiynaldim.

- Dilshod, futbolga qaytganingiz haqidagi xabarni dastlab kimdan eshitdingiz?

- Futbolga qaytganimni birinchi bo‘lib internet saytlaridan ko‘rib bildim.

- Darvoqe, “Bunyodkor” bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov sizni milliy terma jamoaga chaqirish kerak, deya fikr bildirdi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

- Hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Balki nasib qilsa, terma jamoada ham o‘ynab qolarman.

- Sizni oldin bunday qoidabuzarlikka kimdir majbur qilganmi?

- Qoida buzishga keladigan bo‘lsak, bu o‘zimizning aybimiz deb o‘ylayman. Keyin hammasini to‘g‘riladik.

- O‘zingizni ruhan qanday his qildingiz?

- Albatta, ruhan menga boshida juda og‘ir bo‘ldi. Lekin o‘zimni qo‘lga oldim, sabr qildim, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi deb niyat qilgandim.

- Siz 2011 yili terma jamoamiz safida Osiyo chempionati saralash bosqichida 1996 yilda tug‘ilgan futbolchi sifatida qatnashgandingiz. O‘shanda bosh murabbiy Dilshod Nuraliev edi. Mavjud vaziyat haqida uning ham xabari bormidi?

- Murabbiy hech nimani bilmasdi.

- E’tiborlisi, siz futbolga qaytib yana avvalgidek faol o‘ynayapsiz. Uzoq muddat futbol o‘ynamagan bo‘lsangizda, buni qanday uddalayapsiz?

- To‘g‘risi, men futboldan mutlaqo uzoqlashmagandim. Har doim klubim bilan mashg‘ulotlarda birga bo‘ldim. Qolaversa, menga hamma yordam berishga harakat qildi. Murabbiylar va futbolchilar qo‘llab turishdi. Menimcha, shuning uchun ham o‘ynab ketishim qiyin kechmadi.

- Demak, “Bunyodkor”da ishonchli o‘yinlar ko‘rsatayotganingiz shuning mahsulimi?

- Ha, murabbiylarning hissasi katta.

- “Bunyodkor”da ko‘ryapmizki, Mirjalol Qosimov oddiy yoshlarni ham o‘ynatib yuboryapti, masalan sizni ham. Bu murabbiyning ustun tomoni nimada? Unga qanday ta’rif berasiz?

- Ta’rif berishga hojat yo‘q. O‘zinglar ham ko‘rib turibsizlar, “Bunyodkor” Mirjalol Qosimov qo‘l ostida hozirda juda zo‘r klubga aylandi.

- Ayting-chi, o‘sha paytlarda ham klub sizga oylik maosh to‘lab turdimi yoki...

- “Bunyodkor” bilan tuzilgan shartnomam bor-ku. Shunga qarab menga ham oylik maosh berib turishdi. Meni chetga chiqarib qo‘yishgani yo‘q.

- Endi bo‘lib o‘tgan ishlardan keyin o‘zingiz uchun qanday xulosalar chiqaryapsiz?

- Xulosa? Endi boshqa bunday xatoga yo‘l qo‘ymayman.

- Odatda siz kabi futbolchilar chetlatilganida ko‘pchilik sizlarni himoya qilib, ularni adashtirgan boshqa kimsalar, aytaylik, murabbiylarni ham jazolash haqida fikrlar bildirildi. Bunga qanday qaraysiz?

- Hamma aybni murabbiyga to‘nkash durust emas. Bu xatoda garchi yosh bo‘lgan bo‘lsak-da, o‘zimizning ham aybimiz bor.

- Umuman aytganda, bo‘lib o‘tgan ishlardan so‘ng kimlardan uzr so‘ragan bo‘lardingiz?

- Barchadan uzr so‘rayman. Qilgan ishimning noto‘g‘riligini bildim. Meni kechirib, yana bir bor imkon berishgani uchun O‘FA rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!