Aziz Ibragimov: EChLda o‘ynaydigan jamoani rad etib bo‘lmaydi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Ayni vaqtda Latviyaning “Spartak” klubida faoliyatini davom ettirayotgan hamyurtimiz Aziz Ibragimov SPORTS.uz internet axborot portaliga intervyu berdi. Faoliyatining  katta qismini horijda olib borayotgan Aziz Ibragimov suhbat davomida Latviyaga borib qolishi, ushbu chempionat haqida, terma jamoamizning JCh-2018 saralashidagi natijasiga baho berdi va bundan tashqari O‘FF tomonidan olib borilayotgan islohotlarni to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Aziz Ibragimov Latviya chempioni!

Birinchi navbatda, Latviyaga borib qolishingiz qay tarzda ro‘y berdi. Chunki, o‘zbek futbolchilari uchun bu mamlakat chempionati biroz notanishdir?

- Bu narsa agentlar orqali ro‘y berdi. Vadim ismli agentim Latviyaning “Spartak” jamoasidan qiziqish bo‘layotganini  aytdi. Shu vaqtda yurmalaliklar chempionatda birinchi o‘rinda borayotgan edi va qolaversa, EChL saralashida o‘ynar edi. Shu boisdan ham aynan “Spartak” varianti ma’qul keldi. Bu erga chempion bo‘lish uchun kelgan edim. Mana, shukrki, o‘z niyatimga erishdim.

aziz spartaks_1

Ushbu chempionlik sizning faoliyatingizda ikkinchisi sanaladi…

- Slovakiya chempionatida “Slovan” safida 2008/09 yilgi mavsumda chempion bo‘lgan edim. Darhaqiqat, bu mening ikkinchi “oltinim” bo‘ldi. Albatta, har bir chempionlikni o‘ziga yarasha quvonchli onlari bo‘ladi va bu onlarni so‘z bilan ta’riflash qiyin. 2009 yilda yoshroq bo‘lganman. Hozir 31 yoshdaman va bu chempionlik boshqacha bo‘ldi.

U erga ikkinchi davrada borib qo‘shildingiz, biroq bu chempionatni ta’riflash uchun etarli vaqt sanaladi. Oliy ligamiz bilan Latviya chempionatining qanday farqi bor?

- Latviya chempionati? Oldin o‘ynagan chempionatlarim – Chexiya, Slovakiya chempionatlariga o‘xshab ketadi. Yakkakurashlarga boy, jismoniy tayyorgarlikka ko‘p e’tibor beriladi. Bizda esa asosan texnik futbolga asoslangan o‘yin namoyish etiladi. Shu jihatlari bilan ajralib turadi.

Latviya, Slovakiya, Chexiya - qaysi chempionat kuchliroq

- Bular orasida Chexiya chempionati kuchliroq deb o‘ylayman.

EChLda jamoangizga nima etishmadi deb o‘ylaysiz?

- Menimcha, tajriba etishmadi deb o‘ylayman. Negaki, o‘z maydonimizda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lib, mehmonda 1:1 hisobida durang o‘ynadik. Hech bo‘lmaganda, uyda 0:0 o‘ynaganimizda ham shu natija bilan keyingi bosqichga chiqa olardik. “Astana”ga qarshi o‘yinlarda jamoamizga tajriba etishmadi.

Latviyadagi infratuzilma, media uchun sharoitlar, haqida batafsil aytsangiz.

- U erdagi aksariyat stadionlar yangi ekan. Faqat Riganing “Skonto” jamoasi o‘ynaydigan stadion eskiroq ekan. Media, jurnalistlarga yaratilgan sharoitlar UEFA talablariga to‘la javob beradi.

Mavsum ham yakuniga etmoqda. Keyingi mavsum ham "Spartak"da qolasizmi?

- Mavsum ham tugadi. Kuni kecha klub prezidenti bilan uchrashdim. U jamoada qolishimni istamoqda. Lekin men hozircha barcha savollarga ta’tildan so‘ng javob berishimni aytdim. Biroq o‘zimni ham bu jamoada qolish niyatim bor. Chunki kelgusi mavsumda ham klub EChLda o‘ynaydi.

JCh-2018 saralashida terma jamoamizga nima etishmadi deb o‘ylaysiz?

- Menimcha, termamizga “yangi qon” etishmadi. Fikrimcha, mag‘lubiyatga uchralgan bahslardan so‘ng, o‘sha o‘yinlarda bo‘sh o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarning o‘rniga boshqa o‘yinchilarni sinab ko‘rish kerak edi, deb o‘ylayman. Murabbiy ham bundan xulosa qilishi kerak edi. Chunki, butun saralash tsikli davomida bir tarkib maydonga tushirildi. Sabab shu deb o‘ylayman.

Futbolimizdagi islohotlarni kuzatib boryapsizmi? Ularni qanday baholagan bo‘lardingiz?

- Albatta kuzatib boraman. Ijtimoiy tarmoqlar va internet OAV orqali kuzatib boraman. O‘zgarishlardan xabarim bor. Futbol kundan kunga o‘sib bormoqda. U bir joyda turib qolayotgani yo‘q. Yosh bolakay ham, asta-sekinlik bilan o‘sib borgani kabi, millionlar o‘yini ham o‘zgarib bormoqda.

Oliy ligada 12 ta jamoa qatnashishi ham yaxshi deb o‘ylayman. Raqobat o‘sadi, deb hisoblayman. Bunda nafaqat jamoalar o‘rtasidagi, balki, futbolchilar orasida ham kuchli raqobat bo‘ladi.

Sizning pozitsiyangizda O‘zbekistonda va jahon futbolidagi eng yaxshisi sifatida kimni e’tirof etgan bo‘lar edingiz?

- Bilasizmi, futbolda pozitsiyalarim ko‘p. “Buxoro”da hujum ortida, “Spartak”da boshida hujumda o‘ynadim, keyin chap va o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida to‘p tepdim. So‘nggi bahsda esa o‘nga qanot himoyasida o‘ynadim. Murabbiyning ishonchini oqlagan bo‘lsam kerak, har xolda 90 daqiqa to‘p surdim.

Jahon futbolidan esa Zinedin Zidan, Luis Lima Ronaldolar yoqadi. Hozirgi kunda esa Toni Kroosning o‘yinlarini kuzatib boraman.

Shahzod Xolboev suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!