
«Bavariya»ga nima jin urmoqda yohud Kovachning ham «asal oyi» tugamoqdami?
«Bavariya»da jarohatlar epidemiyasi yangi holat emas. Muxlislar klubning Evropadagi ishtirokiga qadar jamoaning etakchi futbolchilari sog‘ayib safga qaytishlariga umid qilmoqda.
Ikki yil avval Chempionlar Ligasining yarim finalida «Atletiko»ga duch kelgan myunxenliklar safida himoya markazi etakchisi Jerom Boateng va dunyo saviyasidagi vingerlar Frank Riberi va Aren Robbenlar jarohati sabab klub ispanlarga qarshi yakuniy natijaga ko‘ra yutqazib musobaqa bilan xayrlashgandi.
O‘tgan mavsumda esa yana bir jarohatlar epidemiyasi sabab Chempionlar Ligasining xuddi shu bosqichida Manuel Noyer, David Alaba, Korentin Tolisso, Arturo Vidal va Kingsli Komanlarning jarohati sabab bu safar boshqa bir ispan klubi – «Real Madrid» to‘sig‘idan o‘ta olmagandi. Madridliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Bavariya»ni 6-3 hisobida er tishlatgandi.
Hech kim «Bavariya»ning hozirgi jarohatlarga qayta tushib qolganidan hayratlanmayotgani aniq. Bu har yili takrorlanib kelayotgan holat. Hayratga soladigan faqat bu mavsumiy epidemiya ancha barvaqt sodir bo‘layotganidir.
Balki shu sabablidir, myunxenliklar Bundesliga peshqadamligini topshirib qo‘ygan. Jarohatlar girdobining ancha barvaqt sodir bo‘layotgani tufayli klub ixtiyorida sog‘ himoyachilardan faqatgina Joshua Kimmix qolgan. Frantsiyalik iqtidor egalari – Korentin Tolisso va Kingsli Komanlar kamida qishgacha jamoada ko‘rinish bermaydi.
Bu muammoning ildizi nemis klubining yozgi transfer bozorida olib borgan xato siyosati tufayli sodir bo‘lmoqda. «Shalke 04» yarim himoyachisi Leon Gorettskadan tashqari klub birorta futbolchini harid qilgani yo‘q.
Gorettska ham erkin agent sifatida kelib qo‘shildi. Renato Sanches va Serj Gnabrilar ijaradan qaytarildi. Vidal va Ryudilar bilan klub xayrlashdi. Xuan Bernatning «PSJ»ga sotilishi bilan klub ixtiyorida faqatgina uchta qanot himoyachilari qoldi.
Yangi murabbiy Niko Kovach esa borgan sari «Alyans Arena»da kuchli bosim ostida qolib ketmoqda. Avvaliga u jamoa bilan mavsumni yuqori saviyada boshlashga erishdi. Barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 7 uchrashuvda 7 g‘alaba.
Keyinroq jamoa jarohatlarga yo‘liqdi va bu o‘z navbatida natijalarga ta’sir qilmay qo‘ymadi. Klub «Gerta» va «Borussiya Myunxengladbax»lardan uchralgan mag‘lubiyatlardan keyin turnir jadvalida oltinchi o‘ringa tushib ketdi.
To‘g‘ri jamoaning to‘rt asosiy etakchisi jamoaga yordam bera olmayapti. Ammo muammolar borgan sari chuqurlashib bormoqda. Bunday qoniqarsiz natijalardan keyin Kovachni iste’foga chiqarish varianti ham ko‘rilmoqda. Biroq «Bavariya»ning ko‘rsatayotgan natijalariga murabbiyning mutlaqo aybi yo‘q.
«Borussiya Myunxengladbax» bosh murabbiyi ham bunga alohida e’tibor qaratdi. «Uch hafta oldin ham «Bavariya» Niko Kovach qo‘lis ostidagi engilmas jamoa edi. Ikki o‘yindan keyin esa hamma Kovach inqirozi haqida gapira boshladi.»
Yangi transferlarning amalga oshirilmagani va jarohatlar sabab «Bavariya» mavsumni muhim futbolchilarining o‘yini qovushmayotganligi tufayli qiyinchilikka uchramoqda.
Robert Levandovski mavsumni to‘rt o‘yinda uch gol urish bilan boshladi. Ammo shundan bittasini u o‘yindan kiritgan xolos. Hujumchi 22-sentyabrdan beri gol ura olmay kelmoqda.
Polshalik hujumchi shu yozda klubni tark etishni niyat qilgandi. Bunga sabab sifatida u o‘tgan mavsumda etarlicha xurmat qilinmagani bilan izohladi. Ko‘pchilik uni katta o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olmaslikda ayblagandi.
Xuddi shu gaplarni klubning boshqa futbolchilari haqida ham aytish mumkin. Ko‘pchiligini yoshi o‘tib bormoqda, o‘yini sekinlashmoqda va ilgarigidek yaxshi sport formasida emas.
«Bavariya»ning muammolari maydonda aniq ko‘zga tashlanmoqda. Klub Kovachning o‘zini qo‘lga olishiga va futbolchilardan yaxshiroq o‘yin namoyish qilishlariga judayam muhtoj.
Fikrlar