Shomurodov mundial keyingi faoliyati va maqsadi haqida ma'lumot berdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodov 2026 yildagi jahon chempionatidagi ishtirokini yakunlar ekan, o‘z fikr va his-tuyg‘ularini bildirib o‘tdi.
Terma jamoa yetakchisi o‘zining Instagram sahifasida mundialdan olingan lavhalarni joylashtirib, jahon chempionatidagi tarixiy debyuti haqida to‘xtaldi.
- Bolaligimdan jahon chempionati maydoniga tushishni orzu qilganman. Bugun esa bu orzu amalga oshdi. Buni so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lgan his-tuyg‘ular edi.
Albatta, hammasi ham o‘ylaganimizdek kechmadi, natija yaxshiroq bo‘lishi mumkin edi. Lekin bu yo‘l meni yanada kuchliroq qildi, beqiyos tajriba berdi va olg‘a intilish uchun yanada katta motivatsiya baxsh etdi.
Yo‘limda men bilan birga bo‘lgan va qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Oldinga qarab harakat qilishda davom etamiz, — deb yozdi Eldor Shomurodov o‘z sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor 2026 yildagi jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. Guruh bosqichida Fabio Kannavaro shogirdlari "K" kvarteti doirasida maydonga tushib, Kolumbiyaga (1:3), Portugaliyaga (0:5) va DR Kongo jamoasiga (1:3) mag‘lub bo‘ldi.
Eldor Shomurodov o‘z mahorati va tajribasi bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilardan bo‘ldi. Eldor O‘zbekistonning mundialdagi ikkinchi goli muallifiga aylanib, tarixga kirdi.
Shomurodovning goli jahon chempionati bosh tashkilotchisi - FIFA tomonidan mundial guruh bosqichidagi eng chiroyli gollar tanloviga qo‘yildi.
Umuman olganda, Shomurodov ayni paytda qator taniqli klublar nishonida turibdi. "Istanbul Boshakshеhir" klubi o‘zbek to‘purari bo‘yicha Turkiyaning mashhur jamoalari "Fenerbahçe" va "Trabzonspor" klublaridan taklif olgan.
Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida xalqaro miqyosda 95 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini 45 marta ishg‘ol qilgan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat rekordchisi hisoblanadi.

Fikrlar