Baxtiyor Namozov yana hakamlikka qaytdi...mi?

  • 18 dekabr, 2018, 11:05
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbol muxlislari uchun Baxtiyor Namozov nomi juda yaxshi tanish. O‘z vaqtida himoyachi sifatida to‘p surgan sobiq futbolchi keyinchalik o‘zini hakamlikka bag‘ishladi. U O‘zbekiston chempionatida hakamlik qildi. Ammo keyinchalik u plyaj futboli bo‘yicha hakamlikda yanada tanildi, ayniqsa, ushbu sport turi bo‘yicha Osiyoning etakchi hakamiga aylandi va bir necha bor jahon chempionatlarida hakamlik qildi. Ammo oxirgi paytlarda u plyaj futbolida hakamlik qilmayotgandi. Chunki oyog‘idan jarohat olgach, operatsiya stoliga yotishga majbur bo‘lgandi. Keyin esa u O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ish boshladi va PFLning musobaqalarida komissar sifatida faoliyat olib bordi. Ammo yaqinda Namozov yana plyaj futboli hakamligiga qaytganligi ma’lum bo‘ldi va xorijdagi musobaqalarda ishtirok etib qaytdi. Biz esa uni hakamlikni batamom tugatib, komissarlikka o‘tib ketdi deb o‘ylagandik. Shu bois Baxtiyor Namozov dastlab shu haqida gapirdi.

Tecno

- Men hali ham rasman FIFAning tarkibidagi hakamman, - deya gap boshladi, Namozov. - Boz ustiga ularga hakamlik faoliyatimni tugatganim haqida xat yoki boshqa narsa yozganim yo‘q. Men Dubayda va Bari orolida tashkil etilgan xalqaro musobaqalarga borib keldim. Bali orolida ma’lum bir hudud atrofida joylashgan terma jamoalar qatnashishdi. Bu xuddi bizdagi KAFA musobaqasiga o‘xshaydi. U erda Sharqiy Timor, Malayziya, Indoneziya, Vetnam va Tailand ishtirok etdi. Dubaydagi musobaqaga esa har yili boraman. Bilasizmi, u erdagi musobaqa plyaj futboli bo‘yicha jahon chempionatidan keyin darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. BAA, Misr, Eron, Braziliya, Taiti, Rossiya kabi terma jamoalar mazkur musobaqada qatnashishdi.

Baxtiyor Namozov plyaj futbolida hakamlik qilish jarayonida jarohat olgandi. Shundan so‘ng u asosan O‘zbekiston chempionatida komissarlik vazifasida ishlab kelmoqda. Biroq ma’lum tanaffusdan so‘ng yana plyaj futboli bo‘yicha hakamlikka qaytgani o‘zi uchun qandaydir qiyinchiliklar tug‘ilmadimikin? Bu haqida uning o‘zi shunday dedi:

- Oyog‘imdagi jarohat bitib qolgan, hozir u qadar qo‘rqinchli emas. Orada bir yarim yillik tanaffusdan keyin yana hakamlikka qaytdim. Baribir bu ham o‘z ishim va qandaydir qiyinchiliklarga duch kelganim yo‘q, - deya javob berdi Namozov.
Demak, ushbu mutaxassisni endilikda yana plyaj futboli hakamligiga qaytib, rasman faoliyatini davom ettiradi deb hisoblasak bo‘ladimi? Bunga esa aniq javobni faqat uning o‘zidan eshitgan ma’qul.

- Baribir keyingi yilga ham men FIFAning hakamlar ro‘yxatidaman, - deya munosabat bildirdi, komissar. - Kelasi yili ham musobaqalar ko‘p. Yangi mavsum uchun hakamlar normativ topshirishlari kerak. Lekin bunday normativlarni qumli maydonda emas, balki futzal o‘ynaladigan zalda topshirish kerak bo‘ladi. Bu esa menga noqulaylik tug‘diradi. Chunki qattiq joyda men qiynalaman. Agar futzal o‘ynaladigan zalda yugursam oyog‘imda og‘riqni his qilaman. Qumli maydonda esa hech qanday muammo bo‘lmaydi. Shu bois kelasi yili hakamlikni davom ettiramanmi-yo‘qmi, buni bilmayman. Hammasi FIFAdan qanday taklif kelishiga bog‘liq.
Darvoqe, yaqinda plyaj futboli bo‘yicha Osiyo chempionatiga qur’a tashlandi, ammo unda O‘zbekiston yo‘q edi. Bu nima bilan bog‘liq? Buning sababini bilish maqsadi Namozovga murojaat qilganimizda u qisqa shunday dedi:

- Nimaga yo‘qligini men bilmayman.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!