Boks federatsiyasida yil yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi (foto)

  • 28.12.2016 18:08
  • 0
  • Boks
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi


Yakunlanib borayotgan 2016 yilgi sport mavsumi o‘zbek sporti, xususan O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati, xodimlari, murabbiylari, bokschilari uchun ham o‘ta muvaffaqiyatli bo‘ldi.

Bugun shu munosabat bilan O‘zbekiston boks federatsiyasida ortda qolayotgan yildagi yutuqlar, kamchiliklar borasida “yil sarhisobi” bo‘lib o‘tdi va bo‘lajak rejalar muhokama qilindi. Unda federatsiya bosh kotibi Jahongir Boltaboev, Rio Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlari, OAV hodimlari ishtirok etishdi.

Eng avvalo, O‘zbekiston yil davomida xalqaro sport jamoatchilik diqqat markazida turdi. Yil boshidan yurtimizda Xalqaro havaskor bokchilar uyushmasi – AIBA musobaqalari taqvimidan joy olgan nufuzli turnirlardan biri WSB saralash bellashuvlari  tashkil etildi. Unda ilk marotaba ishtirok etgan Uzbek Tigers” jamoasi birinchi urinishdayoq yarim finalga etib borgani, musobaqa davomida jahon boksida nom qozongan jamoalarni engganiga o‘zlaringiz ham bevosita guvoh bo‘ldingiz. Bundan tashqari, WSB finalini Toshkentda o‘tkazdik va bu musobaqa ham saviyada tashkil etilgani alohida e’tirof qilindi.

Cuba Damodores champion

Shuningdek, 2016 yilning iyul oyida Toshkent shahrida AIBA tashkilotining eng yirik tadbiri – AIBA Ijroiya qo‘mitasi  yig‘ilishi ham oliy darajada tashkil etildi. Bu anjumanda jahon boks taraqqiyotini ta’minlovchi qator hujjatlar, chora-tadbirlar, rejalar muhokama qilindi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov AIBA Ijroqo‘mi a’zoligiga qabul qilindi va Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti etib saylandi.

Sherzod Tashmatov

Bir olam g‘urur va faxr baxsh etgan voqea avgust oyida yuz berdi. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahri mezbonlik qilgan Olimpiya o‘yinlarida Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Fazliddin G‘oyibnazarov oltin, Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziev kumush, Murodjon Ahmadaliev va Rustam To‘laganov bronza medalini qo‘lga kiritib, nafaqat O‘zbekiston sporti, balki jahon boksi tarixidan ham joy oldi.

Ayniqsa, Hasanboy Do‘smatov Olimpiya o‘yinlarida texnikasi eng zo‘r bokschiga beriladigan Vel Barker kubogi bilan taqdirlangani ham o‘zbek boks maktabining ulkan yutug‘idir.

Hasanboy Dusmatov

Shuningdek, tajribali boks murabbiyi Ravshan Xo‘jaev va Hasanboy Do‘smatov jahon maydonlarida yuksak natijalarga erishgan sportchilarni sharaflash, sport an’ananlarini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzi va sport rivojiga hissa qo‘shgan murabbiylar, faxriylarni e’zozlash maqsadida ta’sis etilgan “Oltin Mangust” xalqaro mukofotiga ham ega chiqishdi.

Bundan tashqari Shveytsariyaning Lozanna shahrida unga “jahonning eng yaxshi bokschisi” unvoni topshirildi.

Ortda qolayotgan yilda O‘zbekiston boksi tarixida ilk marotaba bokschi qizimiz ham Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi. Rio Olimpiadasi Yodgoroy Mirzaeva uchun katta tajriba va mahorat maktabi vazifasini o‘tadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Olimpiya o‘yinlari barcha olimpiya sport turlari qatori dunyo bokschilari uchun ham to‘rt yillikning eng katta anjumani bo‘lib qoldi. O‘zbek boks maktabining bor salohiyati va yutug‘i ana shu musobaqada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Anjuman so‘nggida "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan bokschilarimizga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Biz esa shu kungacha erishilgan natijalar yangi yilda ham davom ettiriladi va ular soni oshirilishini tilab qolamiz. Xususan, bokschilarimiz kelasi yil taqvimidan joy olgan qator nufuzli  turnirlarda ishtirok etadi. Bunga bokschilarimizga kuch-g‘ayrat, omad va zafarlar tilab qolamiz.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonning eng kuchli bokschilari uchun yangi mavsum musobaqalari fevral oyidan boshlanadi. “Uzbek Tigers” jamoasi WSB turnirining yangi mavsumidagi ilk uchrashuvini 3 fevral kuni “China Dragons” bokschilariga qarshi o‘tkazadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!