«Der Professor» yohud Venger uchun ideal jamoa topildi

  • 30 noyabr, 2018, 17:52
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Arsen Venger o‘tgan mavsum yakunidan beri ishsiz yuribdi va yangi chaqiriqlarni kutib yurgani haqida yaqinda OAVda xabarlar tarqalgan edi. Frantsiyalik mutaxassis uchun «Bavariya» ideal jamoa bo‘lishi mumkin.

Tecno

Myunxenliklar uchun yangi davr boshlanishi mumkin. O‘tgan o‘n yillikda klub bir qator inqirozlarni boshidan kechirganiga qaramay, doim vaziyatni o‘nglashga va yana buyuklikka qaytishning uddasidan chiqib keldi.

O‘sha inqirozlarning birgina echimi bor edi. U ham bo‘lsa Yupp Xaynkes! Afsonaviy murabbiy har doim klub bosslarining qo‘ng‘iroqlariga labbay deya javob berdi va o‘yinini topa olmayotgan «Bavariya»ga katta yordam berib keldi.2012/13-yilgi trebldan keyin Xaynkes iste’foga chiqdi va uning o‘rnini Pep Gvardiola egalladi. Bu murabbiyning uchinchi marta klubga qaytishi edi. Ammo klub o‘tgan mavsum startini Karlo Anchelotti qo‘li ostida juda yomon boshlaganidan keyin Uli Xyoness yana bir marta Xaynkesga murojaat qildi va vaziyatni saqlab qoldi.

«Bavariya» afsonaviy murabbiyidan yana bir mavsum qolishini iltimos qildi. Ammo Xaynkes buni rad qildi. 73 yoshli murabbiy «Alyans Arena»dagi joyiga Tomas Tuxelni tavsiya qildi. Biroq «Borussiya Dortmund»ning bosh murabbiyi «PSJ»ning «yog‘li» taklifiga rad javobini bera olmadi. Shu tariqa myunxenliklar kuchli mutaxassisni olib kela olmadi. «Bavariya»ning sobiq yarim himoyachisi Niko Kovach «Ayntraxt» bilan katta shov-shuv ko‘targanidan keyin majburan olib kelindi. Xorvatiyalik murabbiy yangi jamoasidagi faoliyatini ancha yorqin boshlay oldi. Ammo uning so‘nggi vaqtlarda ko‘rsatayotgan natijalari qo‘rqinchli tus ola boshladi va u katta bosim ostida qolib ketdi. 47 yoshli mutaxassis hanuz yangi g‘alaba formulasini qidirish bilan ovora.

Chempionlar Ligasining so‘nggi turida «Benfika»ni 5-1 hisobida engishi ehtimol sal tanqidlarni pasayishiga sababchi bo‘lar, ammo Xyoness baribir qishda yangi murabbiy olib kelishni niyat qilgan.

Bunga o‘tgan haftada «Fortuna» bilan erishilgan durangdan keyin «Bavariya»dek klubga autsayder bilan erishilgan qoniqarsiz natija ta’sir qilmay qo‘ymagan. Shu tariqa ular Bundesliganing qatorasiga to‘rt uy uchrashuvida g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda va anti-rekord ham o‘rnatildi. «Bugungi natijani qabul qilib bo‘lmaydi. Yaqin bir necha kun ichida biz nega yomon o‘ynayotganimizni tushunishga sarflaymiz. Ayni vaqtda bizni o‘ylantirayotgan muammo shu» – degan Xyoness.

«Bavariya» va ayniqcha Aren Robben “Benfika”ga qarshi uchrashuvda oldingidek kuchli futbol namoyish qilishdi. Ammo yana bir ikki qoniqarsiz natija takrorlansa, Kovachni hech kim klubda ushlab qololmaydi.

Ishlar chappasiga ketsa ham, Hyoness bu safar Xaynkesni chaqira olmaydi. Otaxon-murabbiy yana klubga qaytish niyatida emas. Biroq Xyonessning bahtiga boshqa bir veteran-murabbiy borki, u klub uchun juda mos tushishi mumkin.

Arsen Venger «Bavariya»dagi vaziyatni o‘nglay olishi va ularni yana cho‘qqiga olib chiqishga qodir hisoblanadi. Kovachda yulduz futbolchilar bilan ishlash tajribasi yo‘q. Yaqinda Xames Rodriges «biz Frankfurtda emasmiz» deya murabbiyga sha’ma qilgandi.

Premer Liganing uch karra sohibida Rodriges, Robben, Riberi, Myuller va boshqa yulduzlar bilan ishlashda muammo tug‘ilmaydi.

69 yoshli mutaxassis xudbin futbolchilar bilan qanday ishlashning hadisini olgan va har qanday futbolchi muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasada, Vengerni hurmat qilishi aniq.

Gvardiola erasidan beri klub to‘pga egalik qilgan holda hujumkor o‘yin ko‘rsatishga bog‘lanib qolgan. Venger ham «Arsenal»dagi faoliyati davomida turli xil taktika va uslublarni sinab ko‘rgan.

«Bavariya» ayni vaqtda 4-2-3-1 o‘yin sxemasida o‘ynamoqda. Bu esa frantsiyalik murabbiyga ancha tanish uslub. Bunday sxemada Xames O‘zil kabi “o‘nlik” vazifasini bajarishi, Myuller va Gnabrilar qanotlardan joy olishi mumkin.

«Bavariya» bosh murabbiyligiga Zinedin Zidan ham bog‘lanmoqda, Venger kabi u ham hozirda ishsiz yuribdi. Ammo «Real»ning sobiq murabbiyi nemischa bilmaydi. Til masalasi myunxenliklar uchun ancha jiddiy masala. O‘tgan asrning so‘nggi o‘nyilligi o‘rtalarida, Jovanni Trapattoni davridan boshlab bu an’ana davom etib kelmoqda. O‘shanda italiyalik murabbiyning yutgan sovrinlaridan ko‘ra uning g‘alati matbuot-anjumanlari ancha taniqli edi.

Venger esa yaqinda futboldan uzoqlashmasligini, keyingi klubi Premer Liga vakili bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

Nemischani biladigan «professor» uchun «Bavariya» mos klub bo‘lishi mumkin. «Le Professeur», «The Professor» taxalluslari bilan tanilgan mutaxassis endi «Der Professor»ga aylanib qolsa ajab emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!