Dolzarb mavzu: VAR tizimi uchun bizga qancha qovun pishig‘i kerak?

  • 20 sentabr, 2018, 17:45
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatida qo‘llangan VAR tizimi ko‘pchilik mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirgach, o‘zbek futboli ixlosmandlari orasida ham ushbu tizimga qiziqish bildirganlar soni ko‘payib ketdi. Ayniqsa, biror bahsga nisbatan shubhali nigoh bilan qarovchilar orasida “Pepsi Superligada ham VAR tizimini qo‘llash lozim” deydiganlar ham yo‘q emas. Xo‘sh, bizda ushbu tizimni qo‘llashning haqiqatda imkoni bormi yoki bunga hali ancha qovun pishig‘i kerakmi? Keling, bugun aynan mana shu mavzu haqida gaplashamiz.

VARning o‘zbek futbolida qo‘llanishi borasida fikr bildirishdan oldin ushbu tizim haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz. 

VAR tizimi juda katta va murakkab tizim hisoblanib, u o‘z ichiga yuqori texnologiya bilan ishlovchi katta guruhni qamrab oladi. Xususan, ushbu tizimdan foydalanishda video assistentlar guruhi uchun stadionda maxsus xona ajratiladi. Bunda VAR, AVAR1, AVAR2, AVAR3 kabilardan iborat 4 ta hakam videotakrorlar orqali bosh hakamga uchrashuvni mukammal darajada boshqarishda ko‘maklashadi.

Ya’ni ushbu 4 ta hakam o‘yinda yuzaga kelgan vaziyatlarni eng mukmmal rakurslardan kameraga muhrlashi lozim bo‘ladi. Ulardan 2 nafari umumiy vaziyatni oydinlashtiruvchi rakurslarni tanlab olsa, qolgan 2 nafari bosh hakam uchun eng qulay bo‘lgan tasvirlarni tanlab oladi.

Ya’ni, VAR (bosh video assistent) asosiy monitor orqali vaziyatlarni kuzatib boradi va zarur paytda bosh hakamni video takrorlar bilan ta’minlaydi. AVAR1 (video assistent yordamchisi) asosiy ekran qarshisida uchrashuvni kuzatib, vaziyatni tekshirish yoki qayta ko‘rib chiqish lozimligi bo‘yicha ogohlantiradi. AVAR2 uchrashuvda yuzaga keladigan offsayd holatlari bo‘yicha video assistentni ogohlantiradi. AVAR3 VARning shubhali vaziyat vaqtidagi video takrorning bosh hakamga uzatishida ko‘maklashadi. Shuningdek, offsayd holatlarini kuzatib borayotgan AVAR2 va VAR o‘rtasidagi sifatli aloqani ta’minlab beradi.

Ushbu tizim asosan 4 holatda: golni aniqlash, penalti belgilash, kartochkalar ko‘rsatish vaqtida va jazolanishi lozim bo‘lgan futbolchini aniqlashda bosh hakamga ko‘maklashadi.

O‘yin vaqtida hakam biror vaziyatni ko‘zdan qochirgan taqdirda, VAR hakamlar guruhi bosh hakamni vaziyatdan ogoh etadi. Bosh hakam esa quyidagi vaziyatlarda o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi mumkin:

Gol bo‘lgan vaziyatda hujumchi tomonidan qo‘pollik ishlatilgan bo‘lsa va offsayd qayd etilsa;

Penalti o‘rnatilgan yoki bekor qilingan vaziyatda hakam jarimaga sabab bo‘luvchi har qanday fol, yoki hujumchi tomonidan qoida buzilgan holatda;

Bundan tashqari, hakam kartochkaga sabab bo‘luvchi har qanday vaziyatni qayta ko‘rib chiqadi. Shuningdek, ushbu tizim qoidani buzgan futbolchini aniqlashda ham samaralidir.

Shu bilan birgalikda, hakamning ma’lum vaziyatni qayta ko‘rib chiqishi uchun texnik hududda maxsus monitor ajratiladi.

201831764727222525040
Agar bosh hakam biror vaziyatni qayta ko‘rish uchun VAR tomonidan ogohlantirilsa, hakam o‘yinni to‘xtatadi va qo‘lini qulog‘iga tekkazgan holda ishora beradi. Vaziyatni qayta ko‘rib chiqqach, qarorini qo‘llari bilan havoda to‘rtburchak shaklini chizgan holda, e’lon qiladi.

Shuni qayd etish lozimki, VOR (Video operation room) faqatgina bir xonada o‘tirib, bosh hakam bilan aloqa qiluvchi hakamlar guruhi joylashgan xona bilangina cheklanmaydi. Ya’ni ushbu tizimni to‘la yo‘lga qo‘yish uchun 37 ta kameradan foydalaniladi: harakatni super sekinlashtiruvchi, harakatni eng yuqori darajada sekinlashtiruvchi, o‘ta yuqori darajadagi sifatli tasvir uzatuvchi HD kameralar va VAR offsayd kameralari.

Xususan, yuqorida nomi qayd etilgan, hakamlar uchun mo‘ljallangan maxsus kameralardan tashqari, yuqori texnologiyalik televizion kameralar hakamlar ishini yana engillashtiradi. Misol uchun bir joyga qotirilgan kamera “o‘rgimchak” kamerachalik vaziyatni qay darajada rivojlanishini batafsil ko‘rsatib bera olmasligi mumkin. Shunday ekan ushbu tizimda har bir texnologiya o‘ziga xos o‘ringa ega.

Xo‘sh endi asosiy savolga to‘xtalsak, o‘zbek futbolida ushbu tizimning qo‘llanilish imkoniyatlari qanday? Klublarning moliyaviy holati VAR tizimini ko‘tara oladimi? Stadionlarning infratuzilmasi-chi?

Bu borada biror fikr aytishdan avval keling, ushbu tizimni qo‘llash uchun kerak bo‘luvchi ba’zi xarajatlarni hisoblab ko‘ramiz.

Darvoza orqasidagi kichik kameralar 1 172 x 2 = 2 344 AQSh dollari

Darvoza orqasidagi asosiy kamera krani 29 500 x 2 = 59 000 AQSh dollari

Darvoza ortidagi asosiy kameralar 36 800 x 2 = 73 600 AQSh dollari

Ultra Slow Motion kamera ob’ektivlari 133 490 x 6 = 800 940 AQSh dollari

Ultra Slow Motion kameralari 18 000 x 6 = 108 000 AQSh dollari

Darvozalarning tepa burchaklari uchun Go Pro kameralari 270 x 2 = 540 AQSh dollari

Ultra High Definition kameralari 25 000 x 2 = 50 000 AQSh dollari

Ultra High Definition kameralari ob’ektivi 130 000 x 2 = 260 000 AQSh dollari

O‘rgimchak kameralar tizimi 5 000 000 AQSh dollari

Bu ushbu tizim uchun zarur bo‘ladigan xarajatlarning hammasi emas. Bu shunchaki, hali muallif tomonidan taxminiy bo‘lsa-da narxini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan kameralar uchun ketadigan xarajatlar miqdori.

Agar ushbu raqamlarning umumiy qiymatini hisoblab chiqadigan bo‘lsak, o‘rtacha 6 350 000 AQSh dollari atrofidagi raqam kelib chiqadi. Agar buni so‘mga aylantirsak, 51 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etadi. Bunda ofsayd kameralari tizimi hisobga olinganicha yo‘q. Shuningdek, VAR tizimini o‘rnatish, uning uzluksiz faoliyatini ta’minlash uchun ketadigan xarajatlar ham hisoblanmadi.

Mavsum boshida PFL tomonidan Pepsi Superliga klublarining o‘rtacha yillik smeta balansi 25 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi belgilangan edi. Biroq ushbu talabni Superliganing barcha klublari ham bajara olishmayotgani hech birimizga sir emas. Shuningdek, O‘zbekistonda “o‘rgimchak” kamera talablariga javob bera oladigan stadionlar ham barmoq bilan sanarli. O‘sha talablarga javob beradigan klublarning esa byudjet masalasida muammolari etarlicha. Yoki aksincha.

Endi yana yuqoridagi savolga qaytamiz. O‘zbekistonda VAR tizimini qo‘llash mumkinmi? Javob bitta ayni holatda bizga a-ancha qovun pishig‘i bor.

P.S: Ushbu maqolada ko‘rsatilgan narxlar o‘quvchiga ma’lum manbadagi ko‘rsatkichlar bilan mos kelmasligi mumkin.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!