
EChL: Tug‘ilgan kunida “dubl” qilganlar
Kecha EChL 1/8 finali dastlabki bellashuvida “Barselona” Parijda “PSJ” mehmoni bo‘ldi va 4:0 hisobida mag‘lubiytga uchradi. Kecha o‘z tug‘ilgan kunini nishonlayotgan ikki “parijlik” yigitlar – Edinson Kavani xamda Anxel Di Mariyalar o‘zlari tug‘ilgan kunlariga munosib sovg‘a tayyorladilar. Kavani parijliklarning so‘nggi goliga mualliflik qilgan bo‘lsa, argentinalik futbolchi “dubl”ga erishdi. Biz ham shu munosabat bilan xuddi Di Mariya singari tug‘ilgan kunida EChLda “dubl” qayd etgan futbolchilar bilan sizlarni tanishtiramiz.
Georgiy Demetradze(Gruziya) – “Dinamo Kiev”
Gruziyalik hujumchi Kievda bir mavsum to‘p surgan bo‘lsada, o‘ziga xos natijalar qayd etishga ulgurgan deyish mumkin. Gap shundaki Georgiy 1976 yilning 26 sentyabrida tavallud topgan. Oradan 24 yil o‘tib, 2000 yilning ayni 26 sentyabrida Demetradze EChL guruh bosqichida Belgiyaning “Anderlext” jamoasi darvozasiga ikkita to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ladi va EChL tarixida tug‘ilgan kunida “dubl” qilgan ilk futbolchi bo‘ladi. Umuman o‘sha kuni “Dinamo” belgiyaliklar darvozasini 4 bor aniq nishonga oladi. E’tiborlisi, gollardan biriga hamyurtimiz Maksim Shatskix mualliflik qilgan edi.
Ule-Gunnar Sulsher(Norvegiya) – “Manchester Yunayted”
Norvegiyalik mashxur futbolchi 1973 yilning 26 fevralida tug‘ilgan. Sulsher 26 bahorini qarshilayotgan kuni “MYu”ni EChL doirasida “Nant”ga qarshi o‘yib kutib turgan edi. U shu kuni “kanareykalar” darvozasiga ikkita to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Umuman mazkur o‘yinda hisobni frantsuz klubi ochgan bo‘lsada, Fergyuson shogirdlari o‘ziga xos “come back” qilishgan va shu “come back”ga norvegiyalik to‘purar ham o‘z xissasini qo‘shgan edi.
Dado Prsho(Xorvatiya) – “Monako”
Asl kasbi avtomexanik bo‘lgan Prsho 1974 yilning 5 noyabr sanasida dunyoga kelgan. Xorvatiyalik sobiq hujumchi o‘zining 29 yoshga to‘lgan kunini “poker” bilan nishonlagan edi. Aytishga-ku oson, ammo EChLda “poker” qayd etish hammaga ham nasib etavermaydi. Bu xodisa 2003 yilning 5 noyabrida “Deportivo”ga qarshi o‘yinda sodir bo‘lgan edi. 8:3(!) hisobida nihoyasiga etgan o‘yinda “Monako”ning qo‘li baland keladi va knyazlik klubi kiritgan 8 golning 4 tasi Prshoga tegishli edi. “Monako” o‘sha mavsum yakunda finalga qadar etib borgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
Julio Baptista(Braziliya) – “Roma”
2008 yil “Real”dan 9 mln evroga xarid qilingan Baptista 1981 yil 1 oktyabr kuni tavallud topgan. 2008 yilning aynan 1 oktyabr kuni rimliklar “Bordo” mehmoni bo‘ladi. Birinchi bo‘limni mag‘lubiyat bilan tugatgan “Roma” ikkinchi bo‘limda 3 ta to‘p kiritishning uddasidan chiqadi. E’tiborlisi, ushbu gollarning ikkitasi shu kuni 27 yoshini qarshi olgan Julio Baptista kiritgan edi.
Raxim Sterling(Angliya) – “Manchester Siti”
Sterling 1994 yilning 8 dekabrida dunyoga kelgan. O‘tgan yilgi mavsumda “Manchester Siti” safiga kelib qo‘shilgan Raxim aynan o‘tgan mavsum guruh bosqichi 5-turida Myunxengladbaxning “Borussiya” klubiga qarshi o‘yinda “dubl”ga erishadi. Qizig‘i, Sterling jamoa 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchrab turgan vaqtda 80 va 81 daqiqalarda ketma-ket ikkita to‘p kiritib, natijani 180 darajaga o‘zgartirib yuborgan edi. Aytgancha 85 daqiqada Vilfred Boni ham “shaharliklar’ safidagi kam sonly gollaridan birini kiritigan edi.
Anxel Di Mariya(Argentina) – “PSJ”
Kecha Di Mariya rosa 29 yoshga to‘ldi. Argentinaning Rosario shahrida tavvalud topgan Anxel kecha maydonda 61 daqiqa harakat qilib, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Tan olish kerak, Di Mariya kecha maydonda erkin harakatlandi va chiroyli o‘ynadi. U tomonidan kiritilgan har ikkala gol ham har qanday xit-paraddan o‘rin olsa ajab emas.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar