Ertaga xokkey bo‘yicha O‘zbekiston chempionati start oladi

  • 07.02.2019 11:26
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 1
  • Xokkey
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Xabaringiz bor, 1 fevral kuni «Ice City» majmuasining ochilish marosimida O‘zbekiston xokkey federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston chempionati tashkil etilishi haqida ma’lum qilingandi.

Ertaga, 8 fevral kuni xokkey bo‘yicha O‘zbekiston birinchi chempionati boshlanadi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba o‘tkazilayotgan ushbu musobaqada «Binokor», «Humo», «Semurg‘» va «Toshkent» jamoalari ishtirok etishadi. O‘yinlar «Ice City» muz arenasida tashkil qilinadi. Ikki oy davom etadigan chempionat doirasida 24 ta uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

8 fevral kuni «Toshkent» hamda «Binokor» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bilan O‘zbekiston I chempionati start oladi. Ushbu bahsdan so‘ng muzga «Humo» hamda «Semurg‘» jamoalari chiqib kelishadi.

Muntazam chempionat 17 mart kuni yakunlanadi. 20 martdan boshlab esa ikki raunddan iborat pley-off bahslari boshlanadi. Unda o‘yinlar uchta g‘alabagacha o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston xokkey federatsiyasi 2018 yilning 28 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
King of World
07/02/2019 15:05
Oooo ana yangilik! Malades. Futbolni yig‘ishtiringlar