
Frantsiya javohiri “so‘yloq tish”ni taxtdan ag‘dara oladimi?
Frantsiyalik yosh iqtidor egasi Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining nimchorak finalida Argentinaga qarshi kechgan 4-3 hisobidagi g‘alabada o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Muxlislar esa uning bu xizmatlarini qadrlab, futbol olamiga “yangi so‘yloq” kirib kelgani haqida og‘iz ko‘pirtira boshlashdi. Xo‘sh, 19 yashar yigitcha qaysi jihatlari bilan braziliyalik Ronaldoni eslatmoqda? Mbappe 2002 yilgi jahon chempioniga munosib izdosh bo‘la oladimi?
Kilian Mbappe Frantsiya 1998 yilda jahon chempionatini qo‘lga kiritganida hali tug‘ilmagan ham edi. O‘shanda “ko‘klar” finalda Ronaldoning Braziliyasini “er tishlatgan” edi.
“Stad de Frans”da kechgan uchrashuvda esa Zinedin Zidan bosh qahramonga aylangan edi. Ronaldo esa uchrashuvni asosiy tarkibda boshlay olmagandi, biroq u buni to‘rt yil o‘tib amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Yaponiya va Janubiy Koreyada o‘tgan mundialda “fenomen” Germaniyani taslim qilishda bosh-qosh bo‘ldi. Undan keyin bir qancha jarohatlar girdobida qolib faoliyatini yakunlaganidan beri futbol dunyosi hali boshqa “fenomen” ko‘rmay kelayotgan edi. Hozirgacha! Endi uning prototipi topildi!
Mbappe argentinalik himoyachilarni dohda qoldirib dubl qayd etgan uchrashuvda har tomonlama yaqin o‘tmishdagi eng kuchli futbolchilardan biri haqiqiy Ronaldoni eslatib yubordi.
Sankt-Peterburgdagi uchrashuv vaqtida Angliyaning afsonaviy hujumchisi Gari Lineker Tvitterdagi sahifasida o‘z hayratini yashirib o‘tirmadi: “Mbappean fenomenal yurish. U menga ko‘proq braziliyalik Ronaldoni eslatmoqda.”
“Kilianda iqtidor, tezlik va gol urish yuqori, shunday bo‘lsada u hali juda yosh” – deydi Varan o‘z termadoshi haqida.
“Unda braziliyalik Ronaldoga o‘xshaydigan iqtidor bor, ammo u biroz boshqacha, Mbappe dribling qilishni yaxshi ko‘radi, u o‘rganmoqda, safimizda shunday futbolchi borligidan judayam xursandmiz.”
Dide Desham ham o‘z shogirdini Ronaldoga qiyosladi: “Ronaldo judayam, judayam tezkor futbolchi edi. O‘ylashimcha, Kilian undan ham tezkorroq.”
Albatta, bularning bari maqtov. 41 yoshli “so‘yloq” o‘smirlik yoshida avval “PSV Eyndxoven”da, keyinroq “Barselona”da porlab butun dunyoni o‘ziga qaratgan edi. Kataloniyaliklar safida o‘tkazgan yagona mavsumida u 49 o‘yinda 47 gol urishga erishgan. Uning ayniqsa “Kompostela”ga qarshi urgan “yakkaxon shou”si hanuz futbol muxlislari yodidan ko‘tarilmagan.
U 1997 yilda “Inter”ga o‘tganidan keyin ham dunyo rekordlarini o‘rnatishda davom etdi. 2002 yilda esa terma jamoasini jahon chempioniga aylantirdi. Ikki karra “Oltin to‘p” va ko‘plab shaxsiy sovrinlar sohibiga faqatgina jiddiy jarohatlar to‘g‘anoq bo‘ldi. Ronaldoga kimsan Buffon iliq fikrlarini bildirgan: “Menga eng ko‘p muammo tug‘dirgan hujumchi bu Ronaldo. Braziliyaligi. U mukammal futbolchi edi, unda kuch, tezlik, intuitsiya, texnik qobiliyatlar. Menimcha, u laboratoriyada yaratilgan bo‘lsa kerak.”
Mbappe esa bolaligini boshqa bir Ronaldoning o‘yinlarini ko‘rib, undan ilxomlanib o‘sdi. Krishtianu Ronaldu frantsiyalik yosh iqtidor egasining yotoqxonasi ko‘rkiga aylandi.
So‘nggi kunlarda paydo bo‘lgan transfer mish-mishlariga qaraganda, portugaliyalik futbolchi “Santyago Bernabeu”dagi to‘qqiz yillik faoliyatidan keyin “Yuventus” safiga 100 million evro evaziga ko‘chib o‘tishi mumkin ekan.
O‘tgan yili Mbappeni qo‘lga kirita olmagan madridliklar Kilian uchun yangi jahon transfer rekordini o‘rnatmoqchi ekanliklari haqida bong urmoqda.
Bunday yoshda misli ko‘rilmagan transfer rekordini o‘rnatgan Mbappeni jiddiy jarohatlar ta’qib qilmasa, “so‘yloq”ni ancha ortda qoldirib ketishi mumkin.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi
Fikrlar