Iguainning “Milan”ga o‘tishi kimga foyda, kimga zarar?
Gonsalo Iguain “Yuventus”dan ijara asosida “Milan”ga o‘tishi oydinlashdi va Ronalduga raqobatchilik qilmaydigan bo‘ldi. Xo‘sh, uning “rossonerilar”ga o‘tishidan kimga foyda-yu kimga zarar?
Iguainni dastlab “Chelsi” bosh murabbiyiga aylangan sobiq ustozi Maurisio Sarri olib kelishni istagan edi. Biroq argentinalik hujumchi endi Jennaro Gattuzo qo‘li ostida to‘p suradi.
Guardian nashriga ko‘ra milanliklar uning ijarasi uchun avval 16 million funt to‘laydi, mavsum yakunida esa 32 million funt transfer huquqini rasmiylashtiradi. Ushbu kelishuv kimning foydasiga ishlaydi?
Leonardo
“Milan” ijrochi direktori va sobiq futbolchi “Milan”ga kelgan zahoti klubni shonli davriga qaytarish maqsadida jiddiy ish boshladi va bu tranfser uning yutug‘i debochasi deyishimiz mumkin.
Argentinalik hujumchi A Seriyada bir necha mavsumdan beri yuqori saviyadagi o‘yinlarini namoyish qilib kelmoqda. “Milan” o‘tgan mavsumda 56 gol urdi va o‘z darvozasidan 42 gol o‘tkazib yubordi. Ko‘rinib turibdiki, “Milan” ko‘proq gollar urishga muhtoj. 2017-yilda klubni qabul qilib olgan Gattuzoga top saviyadagi hujumchi kerak.
Iguainning kelishi bu ko‘zlangan maqsadni haqiqatga aylantirishi mumkin.
Alvaro Morata
Alvaro darhaqiqat ajoyib haftani boshidan kechirdi. Dastlab uning oilasida egizak farzandlar tug‘ilgan bo‘lsa, keyingisi Iguainning “Milan”ga o‘tishi bo‘ldi.
Boisi Iguainning londonliklar safiga o‘tishi ancha vaqtdan beri og‘izdan tushmay kelayotgan edi. Bu esa Morataning “Stemford Bridj”dan ketishini anglatar edi. Bu esa “tumanli Albion”da atigi bir mavsum o‘tkazgan ispaniyalik hujumchiga ruhiy zarba bo‘lishi muqarrar edi.
Endi voqealar rivoji bunday tus olgach Maurisio Sarri Morataga o‘zini ko‘rsatish uchun yana bir marta imkoniyat berishga majbur. Agarda Morata shunga qaramay, “Chelsi”ni tark etadigan bo‘lsa, “Yuventus” eshiklari u uchun qayta ochilishi ham mumkin.
Leonardo Bonuchchi
Italiyalik himoyachi bir yil avval turinliklarni 37 million funt evaziga tark etgandi. Uning “Milan”dagi faoliyati u o‘ylaganchalik kechmadi. “Yuventus” ham o‘z navbatida tajribali sobiq himoyachisini qaytarishga qarshi emasdi. Aprelda Chempionlar Ligasi doirasida “Real”dan uchralgan 0-3 hisobidagi mag‘lubiyat “Yuventus” rahbariyatining maqsadini tushunishga yordam beradi.
Endi 31 yoshli Italiya sardori “keksa sinora” himoyasiga qaytdi, hujumda Ronaldu bor. Nazariy jihatdan barchasi ko‘ngildagidek kechmoqda.
Zarar
Maurisio Sarri
Sarri sobiq shogirdini “Stemford Bridj”da ko‘rishni juda-juda istagandi. U buni amalda bajara olmadi va yangi jamoasidagi maqsadlarini Morata va Jiru bilan hal qilishga urinib ko‘radi.
“Chelsi” Chempionlar Ligasida ishtirok eta olmaydi, ularga “chaqnovchi” hujumchi kerak. Azar va Villian klubda qoladigan bo‘lsa ham, bu etmasligi mumkin.
Krishtianu Ronaldu
Ikki hujumchi “Real Madrid”da to‘rt mavsum birgalikda harakat qildi va bu vaqt ichida ular 250 gol urishga erishishdi.
“Yuventus” Ronalduning transferini amalga oshirish uchun qariyb 100 million funt sarfladi. “Keksa sinora” klub moliyaviy byudjetini engillashtirishni futbolchilarni sotish orqali hal qilishi ma’lum edi. Buning dastlabki qurboni Iguain bo‘ldi.
Iguain klubda qolsa qolmasa, Ronaldu “Yuve” yulduzi bo‘lishi aniq edi. “Milan”da endi Iguain yaqqol yulduzga aylanadi.
Nikola Kalinich
Xorvatiyalik hujumchi yomon mavsumini Iguain kelishi bilan davom ettirishi mumkin. Kalinich Dalich qo‘li ostida Mundialda Xorvatiyaning birinchi o‘yinida ishtirok etdi. Keyin esa jarohatini bahona qilib o‘yinga tushishdan bosh tortdi.
Shu tariqa 30 yoshli hujumchi uyiga ravona qilindi va terma jamoasining finalga qadar etib borganini televizor orqali tomosha qildi.
Klubdagi faoliyati esa undan ham battar. O‘tgan mavsumda “Milan” safida olti gol urishga erishdi. Bu esa Chempionlar Ligasiga chiqishni istagan jamoa uchun kamlik qiladi. Iguainning kelishi esa uning “bortdan” tushib qolishini anglatadi.
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi.

Fikrlar