
Karatechilarimiz Malayziyadagi xalqaro turnirda 19 ta medalni qo‘lga kiritishdi
Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri karate bo‘yicha 5-xalqaro “KL MAYORS CUP 2018” musobaqasiga mezbonlik qildi.
Unda Malayziya, Indoneziya, O‘zbekiston, Nepal, Hindiston, Bangladesh va Singapur va boshqa davlatlardan sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Vakillarimiz bu turnirda 8 oltin, 7 kumush va 4 bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallashdi. Birinchi o‘rin jami 156 ta medal jamg‘argan mezbon Malayziyaga (35-47-74) nasib qilgan bo‘lsa, indoneziyalik sportchilar 45 medal (22-8-15) bilan ikkinchi o‘rinni egallashdi.
Medallarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 8-9 yoshli sportchilar orasida Hasan Abdurahmonov oltin, Asilbek Sagatov kumush va Shahram Suvonov, Abdulloh Jo‘raev va Jonibek Davronov bronza medallari bilan taqdirlanishdi.
10-11 yosh (-30 kg) karatechilar o‘rtasida yakkalik kumite bahslarida Rustam Suvonov oltin, 12-13 yosh (+40 kg) yakkalik kumite bahslarida Dilshodbek Nuraliev ham oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Mirsaid Chuliboev (+50 kg) kumush medal bilan kifoyalandi.
Shuningdek, +60 kg vazn toifasining yakkalik kumite bahslarida Jahongir Nasimov ham shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
10-13 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi jamoaviy kumite bahslarida vakillarimiz bittadan oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi. 18 yoshdan yuqori o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi jamoaviy kumite bahslarida vakillarimiz tengsiz deb topildi. Oltin medal!
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda ham sportchilarimiz ajoyib natijalarga erishdi.
8-9 yoshli qizlar o‘rtasidagi yakkalik kumite bellashuvlarida Farangiz Eshonqulova oltin, 10-11 yoshlilar orasida Gulira’no Jo‘raeva (+40 kg) kumush va 12-13 yoshlilar o‘rtasida Sitora Avazova (+42 kg) ham kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, o‘smirlar o‘rtasida Sevara Jumaniyozova (+59 kg) yakkalik kumite bahslarida kumush va yakkalik katada bronza medaliga ega chiqdi.
18 yoshdan kichik va undan katta qizlar o‘rtasidagi jamoviy kumite bahslarida vakilalarimiz ikkita oltin medal bilan taqdirlandi.
Fikrlar