
Katta kurashlarga shay angliyalik o‘spirinni taniysizmi?
Chempionshipdagi ajoyib o‘yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo‘lishdan tashqari, Evropa chempionligini ham nishonlashga ulgurgan 17 yoshli Rayan Sessenonni yaqinroq tanishtirish maqsadida FootballHD.ru sayti alohida maqola tayyorladi.
Agar bu yigitcha hozir Rossiyada yashaganida, JCh-2018 o‘tkazilayotgan pallada davlat imtihonlarini topshirayotgan bo‘lardi. U may oyida 17 yoshni qarshiladi, ammo 16 yasharligidayoq dovruq qozonishga ulgurgandi.
«Fulxem» asosiy tarkibida «Leyton Orient»ga qarshi Angliya kubogi bahsida debyutini nishonladi, bir haftadan keyin esa chempionshipda ham maydonga tushib, «Lids»ning o‘ng qanotidagi o‘yinchilarga tinchlik bermadi.
Oradan to‘rt kun o‘tib esa kattalar futbolidagi ilk golini «Kardiff» jamoasi darvozasiga yo‘lladi. Avvallari «Fulxem»ning hech bir tarbiyalanuvchisi bu qadar tez rivojlanishga erishmagani aniq, zero Sessenon to‘p kiritish orqali ikkita rekordni qayd etgandi.
U nafaqat chempionship, balki Angliyadagi boshqa professional ligalarda eng yosh gol muallifiga aylangandi.
«Rayanning harakatlarini kuzatdim. Unda yangi Eshli Koulga aylanish uchun hamma narsa mujassam». «Bu - yangi Beyl», - angliyalik ekspertlar Rayanga xuddi shunday ta’rif berishmoqda.
Sessenon o‘z o‘yini bilan nafaqat APLni tark etganidan so‘ng deyarli unutilgan «Fulxem»ga nisbatan qiziqishni orttirdi, balki chempionship reytingining oshishiga sababchi bo‘ldi.
U bir vaqt-lari «PSJ»da porlagan Stefan Sessenonga qarindosh. Rayanning chap qanotda bajarayotgan ishi haqiqatan ajablanarli. O‘tgan mavsum uning hatto professional shartnomasi ham yo‘q edi, shunga qaramay, haqiqiy etakchilarga xos tarzda to‘p surgandi.
Sessenon universal futbolchi - ham himoya, ham hujumga birdek ulguradi. Burchak zarbalarini aniq ijro etadi, chap oyog‘ida qoyilmaqom zarbalar yo‘llaydi. Driblingi ham chakkimas - raqiblarini ajoyib tezligi va chaqqon harakatlari evaziga aldab o‘tadi.
Gap mudofaa chizig‘i vakili haqida ketayotganini unutmaslik lozim. Shunday ekan, himoyadagi ustunliklarini ham sanab o‘tish maqsadga muvofiq.
To‘g‘ri, Sessenon hali zallarda ko‘p mashg‘ulot o‘tamagan, shu bois jismonan etuk emasligi to‘pni olib qo‘yish chog‘ida pand beradi. Ammo bu kamchiligidan aslo o‘kinmaydi, ajoyib «podkat»lar yordamida aybini yuvishga intiladi.
Axir Rayanni terma jamoaga chaqirishgani bejiz emas, aks holda Britaniya matbuotida u haqda bu qadar ko‘p ma’lumotlar tarqalmasdi. Aniqrog‘i, 16, 17 va 19 yoshlilar termalarida o‘zini ko‘rsatgan. Hozir uning oshig‘i olchi, axir yoshlar o‘rtasidagi Evropa chempionligini nishonladi-da.
Sessenonning tez orada Angliya grandlari e’tiboriga tushishi muqarrar edi, axir Koul va Beylga qiyoslanayotgan futbolchiga befarq bo‘lish mumkinmi? Ha, «Arsenal», «Liverpul», «Tottenxem» va «Manchester Siti» Rayan uchun «ov»ga astoydil kirishdilar. «Shporlar» hammadan ko‘p pul taklif qilishdi - 25 million.
«Fulxem» Pavel Pogrebnyakni sotganidan buyon bunday mablag‘ni tushida ham ko‘rmayotgandi, ammo baribir, Rayanni qo‘yib yubormadi. Sababi aniq - klub rahbari Slavisha Yovanovich o‘smir futbolchini qadrlaydi, Sessenonning o‘zi esa hali APLda to‘p surishga tayyor emasdek.
«U hamisha g‘oliblikka moyil, vaholanki, endigina 16 yoshga to‘ldi. Ko‘pchilikning e’tiborini qozondi, shunga qaramay, unga ortiqcha bosim yuklamaslik kerak», - degandi serbiyalik mutasaddi Rayanning debyutidan so‘ng. «Bu erda ekanligimdan xursandman. Asosiy maqsadim - imkon qadar yaxshiroq o‘yin ko‘rsatish.
Yosh futbolchi uchun tez-tez maydonga tushish muhim. O‘tgan mavsum o‘zimni ko‘rsatish uchun ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ldim, 30ta uchrashuv o‘tkazdim, keyingi yilda ham shu holat davom etadi, degan umiddaman. Kelajagim haqida nima deyishim mumkin? O‘zgalar fikri menga ta’sir o‘tkazadi, deb o‘ylamayman. Bor e’tiborimni sevimli ishim, «Fulxem»dagi o‘yinlarimga qaratganman».
Bu Rayanning Evropa chempionligini qo‘lga kiritishidan avval aytgan gaplari. Qit’a birinchiligidan keyin esa uning nomi matbuotda yanada ko‘proq tilga olina boshlandi.
Bunday pallada bosim bo‘lishi shubhasiz - jahon yulduzlari bilan solishtirish, OAVdagi ko‘plab maqolalar, top-klublarning qiziqishi hamda taklif etilayotgan shartnomalardagi ko‘zni quvnatadigan raqamlar.
Shunisi aniqki, Sessenonning kelajagi porloq, biroq bu yo‘lda kuchli raqiblari, matbuotdagi tanqidlar hamda o‘zi bilan o‘zi kurashishiga to‘g‘ri keladi. Ushbu kurashda uning o‘zini qanday tutishi ko‘pchilikni qiziqtirishi tayin.
Manba: www.interfutbol.uz
Fikrlar