
Konfederatsiyalar kubogini o‘tkazib yuboradigan 11 yulduz
Rossiya maydonlarida o‘tadigan Konfederatsiyalar kubogiga ham tobora oz fursat qolmoqda. Termalar jamoalar miqyosidagi nufuzli turnirlardan biri sanaluvchi mazkur musobaqada ayrim top-futbolchilar ham turli sabablarga qatnasha olishmaydi. Biz esa shundaylardan sanalgan 11 nafar futbolchi bilan tanishtiramiz.
Darvozabon
Manuel Noyer – Germaniya terma jamoasi
Zamonamizning eng kuchli darvozabonlaridan biri sanaladigan Noyer EChL yarim finalida “Real”ga qarshi bahsda Ronalduning golidan so‘ng jarohat orttirib oldi. Shu sababli “Bavariya” darvozaboni mazkur turnirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Ammo Yoaxim Lyovda tanlov imkoniyati etarli. Kevin Trapp, Ter-Shtegen yoki Bernd Leno.
Himoyachilar
Benedikt Xyovedes – Germaniya terma jamoasi
“Shalke-04” futbolchisi ham yaqinda operatsiyani boshdan o‘tkazdi va u ham Rossiyaga kelmaydigan bo‘ldi. Noyerdan farqli ravishda Lyov Xyovedesning o‘rnini kim bilan yopish borasida ancha o‘ylansa, ajab emas.
Joel Matip – Kamerun terma jamoasi
Bunisi biroz g‘alati tarixga ega. Gap shundaki, Matip va uning terma jamoadagi olti sherigi terma jamoada o‘ynashdan bosh tortishadi. Eng qizig‘i etakchi deb aytilgan futbolchilarsiz ham Kamerun termasi ushbu qishda bo‘lib o‘tgan Afrika Millatlar kubogida ishtirok etishdi va yakunda bosh sovringa ega chiqishdi. Endi ular Matipsiz ham Konfederatsiyalar kubogida muvaffaqiyatli o‘ynashni namoyish etishni niyat qilishgan.
Uinston Rid – Yangi Zelandiya terma jamoasi
“Vest Xem” klubi futbolchisi Premer ligadagi so‘nggi o‘yinlarning birida jarohat oldi va butun yozni shu jarohatni davolatishga majbur bo‘ladi.
Fabio Koentrao – Portugaliya terma jamoasi
Koentraoni ko‘pchilik sedan chiqargan bo‘lishi mumkin. Biroq shuni unutmangki, u EChLning amaldagi g‘olibidir. Ammo hozirda uning o‘rnida “Real”da ham, Portugaliyada ham boshqa futbolchiga extiyoj sezilmoqda.
Yarim himoyachilar
Renatu Sanshesh – Portugaliya terma jamoasi
O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan Evropa chempionatining qahramonlaridan biri bo‘lgan Sanshesh “Bavariya”ga o‘tganidan so‘ng mavsum davomida myunxenliklarning o‘yinini zahiradan tomosha qilib o‘tirishga majbur bo‘ldi. Faqatgina ba’zi-ba’zida Karlo Anchelotti “portugal olmosi” deb ta’rif berilgan Renatuni maydonga tushirib turdi. Biroq bu bosh murabbiy Fernandu Santushni Sansheshni termaga jalb etishi uchun sabab bo‘la olmadi va yakunda yosh futbolchi tarkibdan tushirib qoldirildi.
Joau Mariu – Portugaliya terma jamoasi
“Inter” yarim himoyachisi ham jarohat tufayli Rossiyaga kelmaydigan bo‘ldi. Biroq u nemis yulduzlaridan farqli o‘laroq, o‘zining Intsagramdagi sahifasida muxim turnirda terma jamoasiga yordam bera olmasligidan afsusda ekanligini bayon etdi.
Alan Zagoev – Rossiya terma jamoasi
Rossiya termasining eng etakchi futbolchisidan biri sanaladigan Zagoev ham o‘z uylarida o‘tadigan Konfederatsiyalar kubogini o‘tkazib yuborishga “mahkum etildi”. Sababi oddiy –JAROHAT!
Leroy Sane – Germaniya terma jamoasi
Sane uchun Konfederatsiyalar kubogi keraksuz musobaqaga o‘xshaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvdan so‘ng, eski jarohatini davolatishga qaror qilgan.
Erik Shupo-Moting – Kamerun terma jamoasi
“Shalke-04” klubining kamerunlik yarim himoyachisida ham xuddi Matipniki bilan bir xil bo‘lgan vaziyat. Ortiqcha izohga xojat yo‘q.
Hujumchi
Artyom Dzyuba – Rossiya terma jamoasi
Dzyubani Yangi Zelandiya termasi darvozaboni Rossiya terma jamoasining eng xavfli futbolchisi deb aytib o‘tgan edi. Biroq “Zenit” klubi forvardi tizzasidagi jarohat sabab, o‘z uylarida o‘tadigan mazkur musobaqani o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Bu esa Odil Axmedovning sobiq jamoadoshi Fedor Smolov uchun imkoniyatlar eshigini ochadigan bo‘ldi.
Shahzod Xolboev tayyorladi
Fikrlar