Kurashchi qizimiz JCh bronza medali uchun gilamga chiqadi
Xabar berganimizdek, ayni kunlarda Xorvatiyaning Zagreb shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqani ko‘taringki ruhda o‘tkazayotgan vakillarimiz bugun ham terma jamoamiz hisobiga medal yozib qo‘yishlari mumkin. Qizlar o‘rtasida 40 kg.gacha vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Munojatxon Samieva kechki dasturda bronza medali uchun kurash olib boradi.
Hamyurtimiz dastlab Ukraina keyin Belarus terma jamoasi vakilalarini musobaqadan chiqarib yuborgan bo‘lsa, yarim finalda yaponiyalik kurashchiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Endi shohsupaga ko‘tarilish uchun hindistonlik Sviti Svitini mag‘lub etishi talab etiladi.
Shuningdek, parallel ravishda kechayotgan bahsda ikki nafar klassik kurashchilarimiz yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritilgan. 48 kg vazn toifasida Abror Otaboev, 55 kg toifasida esa Amirbek Sultonov final yo‘llanmasi uchun gilamga chiqishadi. Oltin medal yo‘lida Otaboev Qozog‘iston, Sultonov esa Eron terma jamoasi vakillaridan ustun kelishlari kerak.

Fikrlar