
Legionerlarimiz. Asror G‘ofurov: “Turkiyadagi faoliyatimdan ko‘nglim to‘lmoqda”
Turkiyada legioner futbolchimiz borligini ko‘pchilik yaxshi bilmasa kerak. Ana shu futbolchi Asror G‘ofurovdir. Surxondaryolik iqtidor egasi “Paxtakor” futbol klubi tarbiyalanuvchisi sanaladi. Taqdir taqozosi bilan G‘ofurov faoliyatini xorijda davom ettirib kelmoqda. Yaqinda Asrorning yurtimizga qaytganidan xabar topdik va darhol u bilan bog‘lanib ayrim savollarga javob oldik.
- Asror, O‘zbekistonga qachon qaytib keldingiz?
- Turkiyada mavsum yakuniga etgani munosabati bilan ayni damda jamoalar ta’tilga chiqqan. Bundan unumli foydalangan xolda, yurtimizga kelib-ketishni lozim topdim. Surxondaryoga kelganimga ham mana o‘n kun bo‘ldi.
- Turkiyadagi ilk jamoangiz “Manisaspor” bo‘lganini yaxshi bilamiz. Keyinchalik klubingizni o‘zgartirdingiz. Ochig‘ini aytganda, bugungi kundagi jamoangiz haqida bizda ma’lumot yo‘q.
- Ayni damda Turkiya to‘rtinchi ligasi ishtirokchisi bo‘lgan “Chorlu 1947” jamoasi sharafini himoya qilmoqdaman. Poyoniga etgan chempiontda jamoamiz bilan 3-o‘rinni egalladik. Yuqori ligaga chiqish uchun esa faqat 1-o‘rinni olish kerak bo‘ladi. Yangi mavsumdagi maqsadimiz tabiiyki chempionlikka erishish. Rahbariyat tomonidan shunday vazifa qo‘yilgan. Buning uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Nasib qilsa vazifani uddalaymiz.
- Turkiya to‘rtinchi ligasining saviyasi va unga bo‘lgan qiziqish qay darajada?
- Chempionatda 12ta gruppa bor. Har birida 13-14tadan jamoa ishtirok etadi. To‘rtinchi ligada faqatgina ikkita legioner o‘ynashiga ruhsat beriladi.
- Umuman olganda Turkiyada futbol bo‘yicha nechta liga mavjud?
- Jami 8ta liga tashkil etilgan. Tabiiyki jamoalar soni ham juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Muxlislik saviyasi ham yuqori darajada deyish mumkin.
- “Chorlu 1947”da sizdan tashqari yana legioner o‘yinchi bormi?
- Ha bor. U taniqli hujumchi Dide Drogbaning hamyurtidir.
- Bosh murabbiy qaerdan?
- U mahalliy mutaxassis sanaladi. Yoshlarga ham katta e’tibor qaratadi. Tarkibda 17 yoshlilar ham yo‘q emas.
- Sizdan ko‘proq qaysi pozitsiyada foydalanadi?
- Yarim himoyachi sifatida xarakatlanaman. Asosan markazda o‘ynayman.
- O‘zizga ham shu ampluada o‘ynash qulaymi yoki murabbiyning talabiga ko‘rami?
- Yo‘q, men yoshligimdan shu joyda o‘ynab kelaman. O‘zimga ham qulay va yoqadi.
- “Chorlu 1947”dagi keyingi taqdiringiz qanday kechishi haqida o‘ylab ko‘rdingizmi?
- Bu klub bilan o‘tkan yili bir yillik shartnomaga imzo chekkandim. Hozircha erkin agentman.
- Oldingizda yana boshqa variantlar bormi yoki...?
- Menimcha yana “Chorlu 1947”ga qaytsam kerak. Chunki ular ham buni istamoqda. O‘zimga ham jamoadagi sharoitlar va umuman faoliyatimdan ko‘nglim to‘lmoqda. Nasib qilsa o‘rtadagi shartnomani yana bir yilga uzaytiramiz.
- Endi qachon yig‘iladi jamoangiz?
- Iyul oyidan tayyorgarlik boshlanadi. Shunda yana Turkiyaga jo‘nab ketaman. Chempionat esa sentyabrdan boshlanadi.
- U erdagi ishlaringizni kim hal etadi?
- Turkiyalik shaxsiy agentim bor. Tashkiliy masalalarni aynan u kishi hal etadi.
- O‘zbekiston chempionatiga yaqin orada qaytish rejangizda bormi?
- Hozircha yo‘q. Lekin etti yil mobaynida “Paxtakor”da ter to‘kkanimni bilsangiz kerak.
- Ha, lekin oliy ligada o‘ynash hozircha nasib etmagan. To‘g‘rimi?
- Huddi shunday. “Paxtakor” bilan ikkinchi liga va birinchi liga musobaqalarida ikki yildan o‘ynadim.
- O‘sha paytdagi murabbiylaringizni aytib bersangiz?
- Avvaliga Shuhrat Rahmonqulov qo‘li ostida shug‘ullanganmiz. So‘ngra bizga No‘’mon Hasanov va keyinchalik Ilhom Mo‘minjonov boshchilik qilgan.
- Turkiyada futbolchilarga to‘lanadigan mablag‘ kattami yoki bizniki bilan taqqoslaganda deyarli bir xilmi?
- Bu haqda sizga hozircha hech nima deya olmayman. Navbatdagi savolga o‘tsak...
- Uylanganmisiz?
- Yo‘q, axir endigina 22 yoshga to‘ldim. (Biroz kulib) Bo‘ydoqchilik davrini surmoqdamiz hozircha.
- Bundan chiqdiki, “Chorlu 1947”da klub bazasida istiqomat qilasiz ekanda?
- Yo‘q, jamoa legioner futbolchilariga a’lohida uy bergan.
- Bir o‘zingiz zerikib qolmaysizmi?
- Ba’zan shunday xolatlar ham bo‘lib turadi.
- Yakuniga etgan chempionatda ko‘rsatgani o‘yiningizdan qanchalik qoniqish xosil qildingiz?
- Nazarimda yomon emas. 23ta o‘yinning barchasida asosiy tarkibda to‘liq o‘ynadim.
- Jismoniy jihatdan ancha baquvvatdek taassurot qoldirasiz. Bunga mashg‘ulotlarda ishlash orqali erishayotgan bo‘lsangiz kerak...?
- Albatta. Jamoadagi sharoitlar bunga yo‘l ochib bergan desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
- Turkiyada ko‘proq jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratishadimi yoki texnika?
- Har ikkisiga ham bir xil e’tibor bo‘ladi.
- To‘rtinchi ligadagi eng taniqli legionerlar kim?
- Ilgari Turkiya supper ligasida faoliyat olib borgan futbolchilar yo‘q. Bular – Jaba, Dejoa, Chibuzor...
BIZNING MA’LUMOT:
Asror G‘ofurov
Tug‘ilgan yili: 30.01. 1995 yil
Tug‘ilgan joyi: Surxondaryo viloyati
Millati: O‘zbek
Fuqaroligi: O‘zbekiston
Bo‘yi: 180 sm
Og‘irligi: 78 kg
Birinchi murabbiyi: Shuhrat Rahmonqulov.
“Paxtakor” futbol klubi tarbiyalanuvchisi
To‘p surgan jamoalari: 2011-2013 yillar “Paxtakor” (yoshlar jamoasida).
2013-2015 “Manisaspor” (Turkiya)
2015-2016 “Syokespor” (Turkiya)
2016 yildan “Chorlu 1947”
SPORTS.uz
Fikrlar