
«Liverpul»-«Bavariya» Sarhisob (Erkin G‘aybullaev blogi)
«Liverpul» hamda «Bavariya» o‘rtasidagi Enfilddagi uchrashuvda hisob ochilmadi.
«Bavariya» himoyachilari Niklas Zyule va Xummels «Liverpul» ning hujum uchligiga himoya qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib qo‘yishdi.
Kovachning taktikasi ish berdi. U to‘pni yarim himoyachilari nazorat qilishini xohladi. Amalda shunday ham bo‘ldi. Bu esa o‘yinning maydon markazida bo‘lishini ta’minlab, Klopp jamoasi uchun xavfli vaziyatlar sodir etishda qiyinchiliklarga olib keldi. «Liverpul» ustozi keyingi oy javob uchrashuvida anchagina ter to‘kishi aniq.
Bugungi o‘yinda yodda qolgan 5 voqeani tahlil qilamiz.
- «Bavariya» egilyapti, lekin sinmayapti!
«Bavariya» klubini yillar davomida ko‘p kuzatganmiz. U xoh Klopp bo‘lsin, yoki Benitec Angliyaga tashrif buyurib, doim o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Bu safar unday bo‘lmadi. Amaldagi Germaniya chempionlari o‘z o‘yinlarini ko‘rsata olishdi, futbolchilar bir-birilarini so‘zsiz tushuna olishdi.
Noyer, Xummels va Kimmixlar himoyada bir biriga to‘p uzatishlari, noqulay va xavfli vaziyatga tushib qolishlarini bilsada, noreal bosiqlik bilan, hayiqmasdan to‘p uzatishdi.
To‘psiz o‘ynashda ham Bundesliga chempionlari xuddi mustahkam devordek harakat qilishdi. Ular Evropaning eng kuchli hujum uchligiga o‘z jarima maydonlarida hech qanday imkoniyatlar qoldirishmadi.
Mana shunday ishonchli o‘yin evaziga ular Angliyadan 0:0 hisobidagi o‘zlari uchun yaxshi bo‘lgan natija bilan qaytishdi. Javob o‘yinida biz boshqa «Bavariya»ni ko‘rishimizga shubha yo‘q.
- «Liverpul»ning«g‘arib» himoyasi bardoshli chiqdi.
Gnabri, Koman, Levandovski kabi hujumchilarga qarshi van Deyksiz o‘ynashi kerak bo‘lganini bilgan «Liverpul» muxlislari hatto futbolchi va murabbiylari ham anchagina xavotir olishgani aniq.
Fabino o‘yindan-o‘yinga kuchayib bormoqda, ammo u haqiqiy markaziy himoyachi o‘rni uchun «yaralmagan».Shunday vaziyatda Matipning ishonchli o‘yini uni asosiy «figura»ga aylantirib qo‘yishi mumkin.
Seshanba oqshomida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, «Liverpul» himoyachilari van Deykni o‘rnini bildirishmadi. Ular Levandovskini to‘pga uch martadan ko‘proq tegishiga qo‘yishmadi, uning harakatlarini butunlay cheklab, jarima maydonida yakuniy zarba yoki to‘p uzatishlarni «kesib» qo‘yishni uddalashdi. Klopp bugungi o‘yin uchun himoyachilari bilan faxrlansa arziydi.
Endi Robertson va Trent Aleksander-Arnold Komanni «yopish»da ancha ter to‘kishdi, Gnabri ham «Liverpul» qanot himoyachilarini juda ko‘p sinovdan o‘tkazdi.
. «Qizillar» ham himoyadagi ishonchli o‘yin sabab nemis chempionlaridan gol «qabul qilib» olishmadi. Javob uchrashuvida, mehmonda urilgan gol evaziga «Liverpul»da imkoniyatlar yuqori bo‘lishi mumkin.
- «Bavariya»da javob o‘yini oldidan muammo
Hech kim birinchi bo‘limda Kimmixdan ko‘p darvozaga to‘p tepmadi (3) va hech kim havodagi kurashda undan ustunroq harakat qilmadi. 24 yoshli futbolchi Mane yoki Salohga «chaqiruv» tashladi.
Ammo nemis o‘yinchisi 27 daqiqada Mane hujumga o‘tib ketayotganda uni to‘xtatib qolib, sariq kartochka bilan jazolangani uning ijobiy harakatiga kichik «dog‘» tushirdi.
Ajoyib o‘yin namoyish etgan Kimmix kichik bir xatosi bilan bu o‘yinda jamoasiga foyda keltirgandir, ammo Kovachni javob uchrashuvi oldidan «bosh og‘rig‘iga» duchor qildi. Sababi u martda bo‘ladigan javob uchrashuvini o‘tkazib yuboradi, uning o‘rniga murabbiyda o‘ng qanot himoyasi uchun yagona tanlov - Rafinya bo‘ladi.
«Ajoyib uchlik»ka qarshi o‘yindan oldin, bittagina variant bilan qolgan Kovach bundan xursand bo‘lmagani aniq. Ustiga-ustak o‘sha vaziyatda Kimmix vaziyatga aralashmasa ham bo‘lar edi, sababi Xavi Martines undan yaqinroqda qarshilikka tayyor edi.
- «Liverpul» o‘yinchisidan yana bir «spektakl»
Xenderson hech qachon yarim kuch bilan o‘ynamaydi. Angliya termasi negadir unga to‘g‘ri baho bermaydi. Kuchiga ishonishmaydi. Mana bu o‘yinda biz yana bir bor uning nimalarga qodirligini ko‘rdik.
28 yoshli o‘yinchiga bugungi o‘yin bo‘yicha hech kimda savol va e’tirozlar yo‘q! U to‘rtta zarba yo‘liga chiqdi, uch bora yuqoridagi kurashda g‘olib chiqdi. Bugun qizil kiyimdagilardan hech qaysisi undan hech jabhada ustun kelmadi. Xenderson 83 foiz to‘pni uzatishda aniqlik ko‘rsatdi, kurashlarda va uzatishlardan umumiy 78 bora to‘pni qabul qilib oldi.
Klopp jamoasi sardorining tajribasi va o‘yinni ko‘ra olishiga ishonadi. Javob uchrashuvida ham uning tajribasi ish berishi shubhasiz.
- Mehmonga borishni yoqtirmaydigan inglizlar
«Liverpul» Chempionlar Ligasi guruh bosqichida uchta o‘yinni yutqazganligini hisobga oladigan bo‘lsak, Klopp va uning jamoasi «Alyans-Arena» stadionida g‘alaba qozonish uchun 2 marta ko‘proq ter to‘kishlari kerak.
Afsuski, «qizillar» «Bavariya» uchun ijobiy bo‘lgan nursiz durang qayd etishdi. Bunday natijada albatta nemis klubining ishonchli himoyasining hissasi katta.
Durangdan oldin juftlikda «Liverpul»ning imkoniyatini yuqori baholaganlar, o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini o‘zgartirishlarini aytishmoqda. Ba’zilari hali ham «qizillar»da imkoniyatning yuqoriligini ta’kidlashyapti.
«Bavariya» o‘z uyida anchagina xotirjam va ishonchli o‘ynaydi. «Liverpul» mehmonda «dovdirab» qolmoqda. Xullas, Kloppning maqsadi jiddiy bo‘lsa, u mana shu ikkita odatni buzishiga to‘g‘ri keladi.
Fikrlar