
MOQda Butunjahon taekvondoni targ‘ib qilish fondi mutasaddilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Bugun, 20 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida Butunjahon taekvondoni targ‘ib qilish fondi vakillari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar bermoqda.
Unda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, MOQ vitse-prezidenti va O‘zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi raisi Ahmadjon Rahimov hamda assotsiatsiyaning boshqa mutasaddilari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda taekvondoni O‘zbekistonda yanada rivojlantirish, ommaviyligini oshirish, Olimpiya o‘yinlarida munosib natijalarga erishish masalalari muhokama qilindi.
Umid Ahmadjonov mehmonlarni qarshi olar ekan, taekvondo vatani vakillari bilan hamkorlik biz uchun samarali bo‘lishi haqida gapirdi.
«Avvalambor O‘zbekistonga hush kelibsiz. Bir necha oy oldin Ahmadjon Rahimov bilan birga Koreya Respublikasiga borib, taekvondoni rivojlantirish bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishgandik. Ayni paytda Tokio Olimpiadasida yuqori natijalarga erishish, mamlakatimizda sportning ushbu turini yanada taraqqiy toptirish bo‘yicha katta strategiya ishlab chiqilgan. Biz taekvondo vatani vakillari bilan hamkorlik orqali yuksak natijalarni qayd etmoqchimiz. Yaqinda sportchilarimiz Koreya Respublikasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazib qaytishdi. Siz orqali yurtimizda taekvondoni ommalashtirishdan biz judayam xursand bo‘lardik», – dedi MOQ rahbari.
O‘z navbatida fond rahbari Sang Vuk Li bunday e’tibordan xursand ekanligini va hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
«Bizni iliq kutib olganingiz uchun tashakkur. Koreya va O‘zbekistonning o‘xshash jihatlari ko‘p. Taekvondo insonda jismoniy va ruhiy madaniyatning uyg‘unligini mujassamlashtirgan sport turi hisoblanadi. Shaxsan MOQ rahbarining o‘zi taekvondoga bunday e’tibor qaratayotgani bizni quvontirmay qolmaydi.
Fondimizning asosiy maqsadi taekvondoni butunjahon bo‘ylab rivojlantirishdir. Bizda mamlakat Prezidenti ham taekvondoga qiziqadi va mazkur sport turi Qurolli kuchlar tizimiga kiritilgan.
Biz O‘zbekistondagi koreys diasporasi vakillari bilan uchrashuvda nafaqat o‘zaro munosabatlarni, balki taekvondoni ham rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilishni iltimos qildik. Biz taekvondo taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi bilan birga ishlashga tayyormiz», – dedi janob Li.
O‘z navbatida Umid Ahmadjonov yurtimizdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ham taekvondo to‘garagi ish olib borilayotgani, shu orqali mazkur sport turini ommaviyligini yanada oshirish maqsad qilinganligini ta’kidlab o‘tdi. Bu esa albatta mehmonlarni xursand qilmay qolmadi.
Uchrashuv yakunida Umid Ahmadjonov an’anaga ko‘ra Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan mehmonlarga esdalik sovg‘alarini topshirdi. O‘z navbatida Sang Vuk Li ham O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi uchun atalgan sovg‘alarini tortiq etdi.
Fikrlar