MXLdan qancha pul topish mumkin? (Top-10)
Forbes jurnali eng badavlat xokkeychilar reytingining yangilangan ko‘rinishini taqdim etib, etakchi o‘zgarganiga ishora qildi: Sidni Krosbining 8 yillik yakkahokimligidan so‘ng birinchi o‘rinni «Chikago» sardori Jonatan Teyvz «tortib oldi». Ushbu ro‘yxatda rossiyaliklardan Aleksandr Ovechkin joy egalladi, uning jamg‘armasidagi 14 mln. dollar 2016-2017 yillar mavsumidagi beshinchi pog‘onani kafolatladi, xolos.
Boshqa moliyaviy ma’lumotlar bilan quyida tanishishingiz mumkin.
1. Jonatan TEYVZ (28 yosh, Kanada)
Klubi: «Chikago Blekxouks»
Umumiy daromad: $16 mln.
Maosh: $13,8 mln.
Reklamalardan: $2,2 mln.
«Chikago» sardorining 2014 yili klub bilan 8 yilga mo‘ljallangan 84 millionlik shartnoma imzolashi reyting etakchiligini qo‘lga kiritishida debocha vazifasini o‘tadi: ushbu kelishuvga ko‘ra, Jonatan 2016-2017 yillar mavsumida 13,8 mln. oladi. Bundan tashqari, yaqinda Stenli kubogida qo‘lga kiritilgan so‘nggi g‘alabalar (2010, 2013, 2015 yillarda) «Blekxouks» yulduzini MXLdagi eng mashhur xokkeychilardan biriga aylantirdi, uning libosi esa o‘tgan mavsum eng xaridorgiri bo‘ldi. Shu bois, Chevrolet, Bauer (xokkey ekipirovkalari), Canadian Tire (Kanada riteyleri) va boshqa brendlar bilan tuzilgan shartnomalar tufayli Teyvzning g‘aznasi yiliga qo‘shimcha 2 mln. dollarga to‘ladigan bo‘ldi.
2. Sidni KROSBI, 29 yosh, Kanada
Klubi: «Pittsburg Pingvinz»
Umumiy daromad: $15,4 mln.
Maosh: $10,9 mln.
Reklamalardan: $4,5 mln.
Krosbi «Pingvinz» bilan tuzilgan 104,4 mln. dollarlik shartnomaga 2012 yili imzo chekkan. Bitim shartlariga ko‘ra, u dastlabki uch yil mobaynida 36 mln. oldi, 2015-2016 yillar mavsumida esa kafolatlangan to‘lov summasi miqdori 10,9 mln. dollarga kamaydi. Shunga qaramay, 2016 yilgi Stenli kubogi «pley-off» bosqichining eng foydali o‘yinchisi deb topilgan Krosbi hamon reklamalardan eng ko‘p foyda ko‘rayotgan xokkeychi bo‘lib turibdi.
3. Patrik KEYN, 27 yosh, AQSh
Klubi: «Chikago Blekxouks»
Umumiy daromad: $14,8 mln.
Maosh: $13,8 mln.
Reklamalardan: $1 mln.
Keynning «Blekxouks» bilan tuzgan shartnomasi (8 yillik, 84 mln. dollar) Forbes reytingi etakchisi Teyvznikiga o‘xshash – jamoa o‘yini aynan shu ikki xokkeychi hisobiga tashkil etiladi. Patrik kundalik hayotida tez-tez mojaroli vaziyatlarga tushmaganida, uning reklamalardan oladigan daromadi (Chevrolet, Bauer, Gatorade va boshqa brendlardan 1 mln. dollar) yanada yirikroq ko‘rinish kasb etardi. 2015 yili zo‘rlashda ayblangani Electronic Arts bilan tuzilgan shartnomasiga putur etkazdi, 2009 yilda esa 20 tsent qaytimdan bosh tortgan taksichini do‘pposlagandi. Shunga qaramay, Keyn o‘tgan mavsumda liganing eng foydali o‘yinchisi sifatida e’tirof etildi.
4.Anje KOPITAR, 29 yosh, Sloveniya
Klubi: «Los-Andjeles Kingz»
Umumiy daromad: $14,1 mln.
Maosh: $14 mln.
Reklamalardan: $50 ming
Kopitar joriy yil yanvarida klub bilan 8 yilga mo‘ljallangan 80 mln. dollarlik shartnomaga imzo chekdi. Shu tariqa 2016-2017 yillar mavsumi uchun unga 14 mln. dollar hamda liganing eng ko‘p maosh oladigan xokkeychisi nomi (agar reklamalardan olinadigan daromad hisoblanmasa) kafolatlandi.
5. Aleksandr OVEChKIN, 31 yosh, Rossiya
Klubi: «Vashington Kepitals»
Umumiy daromad: $14 mln.
Maosh: $10 mln.
Reklamalardan: $4 mln.
MXLning so‘nggi to‘rt mavsumdagi eng yaxshi mergani «Vashington»da 10 mln. dollar miqdorida maosh oladi. +olgan daromadlar esa Bauer, Nike, Coca-Cola hamda Fanatics bilan tuzilgan reklama shartnomalaridan keladi. 2016 yilning iyunida «Otkritie» banki va Ovechkin o‘rtasida imzolangan bitimni Forbes oltita raqamli summaga baholamoqda.
6. Pi-Key SUBBAN, 27 yosh, Kanada
Klubi: «Neshvill Predatorz»
Umumiy daromad: $12,5 mln.
Maosh: $11 mln.
Reklamalardan: $1,5 mln.
2014 yili «Monreal Kanadiens» bilan tuzilgan shartnoma (72 mln. dollar) Subbanni liganing eng qimmat himoyachisiga aylantirgandi, uning maoshi esa deyarli uch baravarga oshdi. Joriy yil yozida Pi-Key kutilmaganda «Neshvill»ga o‘tdi. Yangi joyga ko‘chishi brendlar o‘rtasida eng xaridorgir bo‘lgan xokkeychining reklamalardan tushadigan daromadiga qanday ta’sir ko‘rsatishi hozircha noma’lum. Bugungi kunda Subbanning hamkorlari ro‘yxatidan Samsung, Air Canada, Gatorade, Scotiabank va Brigestone kompaniyalari o‘rin olishgan.
7. Shi UEBER, 31 yosh, Kanada
Klubi: «Monreal Kanadiens»
Umumiy daromad: $12,1 mln.
Maosh: $12 mln.
Reklamalardan: $100 ming
2012 yili «Neshvill Predatorz» bilan tuzilgan 14 yillik shartnoma (110 mln. dollar) 9-mavsumda liganing eng yaxshi va qimmatbaho himoyachilaridan biriga 12 mln. dollar keltiradi. Bu esa kelishuvning dastlabki yillarida amal qilgan mablag‘dan 2 mln.ga kam degani.
8. Rayan O’RAYLI, 25 yosh, Kanada
Klubi: «Baffalo Seybrz»
Umumiy daromad: $11,2 mln.
Maosh: $11 mln.
Reklamalardan: $200 ming
2012-2013 yillar mavsumi MXLdagi lokautdan foydalangan O’Rayli Rossiyaga kelib, Magnitogorskning «Metallurg»ida o‘ynadi. 2015 yilning yozida esa hujumchining professional faoliyatiga yo‘l ochgan «Kolorado Evelansh» Rayanni «Baffalo»ga qo‘yib yubordi. «Seybrz» darhol o‘yinchiga 7 yilga mo‘ljallangan 52,5 mln. dollarlik shartnoma taklif etdi.
9. Stiven STEMKOS, 26 yosh, Kanada
Klubi: «Tampa Bey Laytning»
Umumiy daromad: $11 mln.
Maosh: $9,5 mln.
Reklamalardan: $1,5 mln.
O‘tgan yozda forvard «Tampa-Bey» bilan bitim tuzdi (8 yillik, 68 mln. dollar). Vaholanki, uni «Toronto»ga sotishni mo‘ljallashgan, kanadalik xokkeychi bu jamoada reklamalardan mo‘may daromad olishi mumkin edi. Biroq Stiven mahoratli o‘yinchi sifatida shakllanishiga zamin hozirlagan klubda sardor bo‘lishni xohladi, qolaversa, uning homiylik shartnomalari shundoq ham binoyidek: Nike, Bauer, Coca-Cola, Sport Chek (Kanadaning sport mahsulotlari sotishga mo‘ljallangan riteyleri).
10. Xenrik LUNDKVIST, 34 yosh, Shvetsiya
Klubi: «Nyu-York Reynjers»
Umumiy daromad: $10,4 mln.
Maosh: $9,5 mln.
Reklamalardan: $900 ming
Reytingdagi yagona darvozabon va xokkey olamidagi eng ko‘p maosh oladigan golkiperlardan biri. Lundkvist 2013 yili «Reynjers» bilan 7 yilga mo‘ljallangan 59,5 mln. dollarlik shartnomaga imzo chekdi. Lekin har mavsum uning maoshi miqdori kamaymoqda. Shunga qaramay, Xenrikning hamkorlari unga sodiqlar: Bauer, Procter&Gamble, Bread&Boxers va Tag Heuer kompaniyalari bilan tuzilgan kelishuvlar unga 900 ming dollar keltiradi. +olaversa, ushbu xokkeychi o‘z biznesini rivojlantirishga ulgurgan - Lundkvist Nyu-Yorkdagi Tiny & the Bar Upstairs restorani xo‘jayinlaridan biri hisoblanadi.
O‘tkirbek UMAROV tayyorladi

Fikrlar