
Maylinda Kelmendi: "Meni Toshkentda bunchalik samimiy kutib olishadi, deb o‘ylamagan edim"
Bugun start olgan dzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-prisida bir qator yulduz sportchilar ishtirok etmoqda. Shubhasiz, ular orasida -52 kg vazn toifasida g‘alaba qozongan kosovolik Maylinda Kelmendi ham bor. Bugungi bellashuvlar yakuniga etgach, ushbu mahoratli sportchi bilan bog‘lanib, taassurotlari haqida fikr olishga urinib ko‘rdik.
– Musobaqa siz uchun nimasi bilan ahaiyatli edi va taassurotlaringiz qanday?
– Taassurotlarim judayam iliq. Avvalo, shuni aytishim kerakki, meni Toshkentda bunchalik samimiy kutib olishadi, deb o‘ylamagan edim. O‘zbekistonga birinchi marotaba kelishim va uyga katta xotiralar bilan qaytaman. Musobaqa ahamiyati haqida gapiradigan bo‘lsam, may oyidan Tokio Olimpiadasiga reyting ochkolarini jamg‘arish boshlangani bois Olimpiadaga borishni niyat qilgan har qanday dzyudochi bunday turnirlarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilishadi. Shunday ekan, unda g‘alaba qozonishim muhim edi.
– G‘alaba qozonish qanchalik qiyin yoki oson bo‘ldi?
– 4 ta bellashuv o‘tkazgan bo‘lsam, shulardan 3 tasida muddatidan avval g‘alaba qozondim. Ikkinchi bellashuv faqat to‘liq davom etdi xolos. Ochig‘ini aytay, bu gal katta qiyinchilikka duch kelmadim.
– Jahon chempionatidan keyin faoliyatingizda biroz tanaffus bo‘ldi. Buning sababi nima?
– Jahon chempionatida jarohat olgandim. Aslida o‘shanda medal ololmaganimda ham shu jarohat sabab edi. Mana, sekin-asta o‘z sport formamga kirib bormoqdaman. Bu hali mening eng yuqori sport formam emas.
– Tokio Olimpiadasida qaysi vazn toifasida ishtirok etasiz?
– Shu -52 kg vazn toifasida qolaman.
Mau’lumot uchun, Maylinda Kelmendi Rio Olimpiadasi chempioni va ikki karra jahon chempioni sanaladi. Kosovo davlati tarixida Olimpiya o‘yinlarida medal olgan ilk va yagona sportchi bo‘lib turibdi
Fikrlar