Messi va boshqa 7 afsona uchun so‘nggi mundial

  • 27 mart, 2018, 19:05
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Jahon chempionati har 4 yilda bir o‘tkazilishidan xabaringiz bor. Shuning uchun biz muxlislar kabi futbolchilar ham uni intiqlik bilan kutadi. Ba’zi futbolchilar unda bir bor ishtirok etishni orzu qilishsa, boshqalari uning ta’mini totib o‘rganib qolishgan, ammo har safar uni o‘zgacha zavq bilan qarshi olishadi. Rossiyadagi mundial juda ko‘pchilik futbolchilar uchun faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lishi aniq. Kimdir keyingi mundialgacha futbol uchun qarilik qilib qolsa, yana kimdir o‘z termasi bilan qatnashish imkoniyatidan foydalana olmaydi.

Tecno

Buffon o‘z vatandoshining o‘limidan keyin termaga qaytishini e’lon qildi. U uchun bu mundial so‘nggisi bo‘ladi, garchi ishtirok eta olmasa ham. Bu aniq. Futbolda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan quyidagi futbolchilarni biz mundialda so‘nggi bor kuzatayotgan bo‘lishimiz mumkin.

  1. Xaver Ernandes «Chicharito»

Meksikaning asosiy hujumchisi 30 yoshga to‘ldi. U hozirgacha 99 o‘yinda 49 ta gol urdi. Har ikki o‘yinda bir gol urayotgan hujumchi keyingi mundialda 34 yoshda bo‘ladi. Bu yosh bilan ham qatnashishi mumkin bo‘lgan futbolchi 4 yildan so‘ng qanday holatga keladi? Hozirdanoq faoliyatida pastga «sho‘ng‘ish» kuzatilayotgan hujumchi o‘zining bor imkoniyatini Rossiya maydonlarida ishga solishiga ishonch bildiramiz.

  1. Olive Jiru

«Chelsi»ning yangi hujumchisi o‘z vaqtida «Arsenal»da yorqin o‘yinlari bilan muxlislar qalbidan joy egallab ulgurgan edi. Hozirda esa u tajribali futbolchiga aylandi. Frantsuz hujumchisi uchun munosib o‘rinbosar tarbiyalanmoqda – Kilian Mbappe. London klubi hujumchisi uchun ham Qatar maydonlari armon bo‘lishi aniq. Aleksandr Lyakazett, Antuan Grizman, Kilian Mbappe kabi yosh futbolchilar Frantsiyaning kelajagi hisoblanadi.

  1. Jo Xart

Ajoyib darvozabon ham 31 yoshga to‘ldi. Uning Angliya terma jamoasidagi ishonchli o‘yinlari doim yodimizda. Hozirda yorqin o‘yin ko‘rsatmayotgan bo‘lsada, sobiq «shaharliklar» vakili Rossiyaga borish ehtimoli yuqori, ammo Qatar maydonlarida o‘tishi rejalashtirilgan musobaqada inglizlar boshqa darvozabonni olishlari aniq.

  1. Edison Kavani

Luis Suares va Edison Kavani hozirda Urugvay terma jamoasining asosiy ishonchli vakillaridan biri. Kavanining terma jamoadagi o‘yinlari soni 100lik dovondan oshdi. Uning bu paytgacha urgan gollar soni 40 ta. Suares va Kavani juftligi bu yilgi jahon chempionatida eng kuchlilardan biri deb e’tirof etilmoqda. Arab mamlakatlaridan birida o‘tajak o‘yinlargacha Kavanining yoshi ham 35 ga etadi. Keyingi mundialdan umid qolmaganini bilgan bu yil oltin medallar uchun kurashsa ajab emas.

  1. Dani Alvesh

Jahon chempionati oldidan Alvesh 35 yoshni qarshilaydi. Braziliya termasi o‘yinchisi PSJ jamoasida ajoyib o‘yinlarni namoyish etmoqda. Tezlik va maydondagi xatti-harakatlaridan hech kim uning yoshini taxmin qilib topa olmaydi.

Har doimgidek Braziliya bu yil ham juda kuchli tarkib bilan «Ivan Vasilievich» yurtiga yo‘l olmoqda. Braziliya Germaniyadan olingan alamli mag‘lubiyatni esdan chiqarib, futbol «qirollari» etishtirib chiqarishda tinmayotgan davlatning muxlislarini xursand qilishga harakat qiladi.

  1. Andreas Inesta

Inesta Rossiya maydonlarida o‘ynashini umid qilamiz. Futbol afsonalaridan biri 33 yoshni qarshilagan. U o‘yinlarni so‘nggi daqiqalargacha davom ettira olmayotgani biroz tashvishli, biroq «Maestro» maydonda bir daqiqa harakatlanib ham o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuboradigan futbolchilar sirasiga kiradi.

Inestaning jismoniy holati «Qatar-2022» da qatnashish imkoniyatini bermaydi.

  1. Zlatan Ibragimovich

Men xohlasam, o‘sha erda bo‘laman”. Aynan mana shu so‘zlarni aytgan Zlatan saralash o‘yinlarida qatnashmadi, lekin uning JChda ishtirok etishi kutilmoqda. Evro-2016dan keyin u terma jamoani tark etishini aytgan edi. «Sehrli o‘lka»ga yo‘la olgan, «kamtar» o‘yinchi Qatarga murabbiy yoki muxlis sifatida tashrif buyurishi mumkin.

  1. Lionel Messi

Messi Argentina terma jamoasidan bir necha marta ketishni reja qilgani esingizda bor. Bundan tashqari «Barselona» hujumchisi Rossiya maydonlari Argentina va uning uchun oltin medallar yo‘lidagi so‘nggi imkoniyat ekanligini aytib o‘tdi. Messining muzeyida faqatgina jahon chempionati oltin medallari yo‘q.

Agar Messi bu yil Argentina bilan chempion bo‘lsa, keyingi jahon chempionatida qahramonlarcha qatnashishi mumkin. Bundan boshqa natija esa keyingi jahon chempionatida Argentina termasida «o‘zga sayyoralik» qatnashmasligini bildiradi.

Erkin G‘aybullaev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!