
“Metallurg” futbolchilari normativ topshirishdi
Mavsum avvalida barcha klublar o‘yinchilari ikki marta test-sinovlaridan o‘tkazilgandi. Mavsum oralig‘ida, hal qiluvchi bosqich oldidan Shamil Iseev boshchiligidagi O‘FAning Texnik rivojlantirish boshqarmasi ilmiy-metodik guruhi mutaxassislari Superliga jamoalari o‘yinchilarini uchinchi marta nazoratdan o‘tkazdi. Bekobodning “Metallurg” jamoasi vakillari ham bundan mustasno emas.
Ikkinchi davradan keyin Toshkent viloyati vakillari Qibray o‘quv mashg‘ulot maskanida 30 metrga yugurish, turgan joyidan uzunlikka sakrash, 7x50 metrga yugurish hamda “yo-yo” testi bo‘yicha nazoratdan o‘tishgandi.
Ba’zi futbolchilarimizning terma jamoalarga jalb etilganligi, ayrimlari jarohati bois test nazoratidan qolib ketgandi. Bugun Qibray o‘quv mashg‘ulot maskaniga O‘FA texnik rivojlantirish boshqarmasi vakillari yana tashrif buyurishdi va “Metallurg” PFKning nazoratdan o‘tmagan o‘yinchilarini “imtihondan” o‘tkazishdi. Bu haqda Bekobod klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Osiyo o‘yinlarida qatnashgan Zabixillo O‘rinboev, Abbosjon Otaxonov, jarohat bois anchadan buyon jamoaga yordam berolmay, davolanish bilan band bo‘lgan Jasur Hasanov, Zafar To‘raev singari futbolchilarning bu galgi ko‘rik natijalari tez orada ma’lum qilinadi.
O‘z navbatida “Nasaf”ga qarshi nazorat uchrashuvidan keyin kichik ta’tilga chiqqan “Metallurg” futbolchilari bugundan e’tiboran yana Qibrayda Superliganing 23-turidan o‘rin egallagan “Lokomotiv”ga qarshi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini davom ettirishyapti.
Fikrlar