
“Metallurg” yana bir futbolchini o‘z safiga ko‘shib oldi
Bekobodliklar yana bir iqtidorli o‘yinchi bilan kelishuvga erishdilar. Toshkent viloyatining AGMK jamoasi bilan xayrlashgan Muzaffar Muzaffarov uchinchi yig‘indan e’tiboran bekobodliklar safiga kelib qo‘shilgan edi. Tibbiy ko‘rikdan keyin kuni kecha klub va futbolchi o‘rtasida shartnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muzaffar Muzaffarov 1995 yilning 12 aprel sanasida tavallud topgan. 23 yoshda. Ampluasi yarim himoyachi. 2014 yildan buyon kuchlilar safida to‘p surib kelmoqda.
Birinchi mavsumni Farg‘onaning “Neftchi” jamoasida o‘tkazgan Muzaffar 2015-16 yillarda “So‘g‘diyona”, 2017 yilda “Neftchi”, 2018 yilda esa AGMK jamoasida faoliyat yuritdi. Shu yillar davomida Muzaffarov 96 uchrashuvda maydonga chiqib, raqiblar darvozasiga 13 ta gol kiritdi. 19 marta ogohlantirildi. 3 marta esa ikkitalik sariq kartochkalar tufayli maydondan chetlatilgan.
Muqaddam, “Metallurg” tarkibga Server Jeparov, Kamoliddin Tojiev, Shavkat Mullajonovlarni qo‘shib olgandi. Shuningdek, bu mavsumdan e’tiboran sobiq paxtakorchilik Akbar Ismatullaev, Abbos Otaxonov hamda Stanislav Andreev ham “Metallurg” jamoasi sharafini to‘laqonli a’zolar sifatida himoya etishadi.
Fikrlar