
Mundial sari. Tanishing - Misr terma jamoasi
Sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishni davom etadi. Bu safar jahon chempionatida ishtirok etishni naqd 28 yil kutgan Misr terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Ilk natija
Misr terma jamoasi 1928 yil jahon futbolida o‘z nomini tanitdi. Aniqrog‘i, misrliklar shu yili Amsterdamda o‘tkazilgan IX yozgi Olimpiada o‘yinlarining yarim finaliga qadar etib bora olishdi. Qayd etish lozimki, ushbu musobaqa o‘sha davrda FIFA tomonidan havaskorlar o‘rtasidagi jahon chempionati sifatida e’tirof etilar edi.
Misr - Afrikada birinchi
E’tiborli jihati Misr Afrika qit’asida birinchi bo‘lib 1934 yil Italiyada bo‘lib o‘tgan FIFA jahon chempionatida ishtirok etdi. Biroq birinchi bosqichning o‘zidayoq Vengriyaga 4:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Uzoq kutilgan mundiallar
Shundan so‘ng misrliklar mundialni naqd 56 yil kutishga majbur bo‘lishdi. Qiziq tomoni bu safar ham ular Italiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etishdi. JCh-1990ning “F” guruhida ularga Angliya, Irlandiya va Gollandiya terma jamoalari raqiblik qilishdi. Misr ilk turda Gollandiya bilan 1:1, ikkinchi turda esa Irlandiya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi. So‘nggi turda 1:0 hisobida inglizlarga imkoniyatni boy bergan misrliklar 2 ochko bilan guruhda so‘nggi o‘rinda qolib ketishdi.
Italiya mundialidan so‘ng exromlar yurti jahon chempionatini yana 28 yil kutishini kim ham o‘ylabdi deysiz. Saralash bosqichida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgan va Muhammad Salohdek yulduzi bor misrliklar bu safar Rossiya yashil maydonlari mezbonligida o‘tadigan mundialda ishtirok etishadi. Ular bu safar “A” guruhidan joy olishdi. Bu bosqichda afrikaliklarga Saudiya Arabistoni, Urugvay hamda mezbon Rossiya terma jamoalari raqiblik qilishadi.
Qit’a birinchiligidagi natijalar
Misr terma jamoasi Afrika millatlar kubogida birinchi marta 1957 yil (Sudan) ishtirok etdi va ilk urinishidayoq chempionlikni qo‘lga kiritdi. Oradan 2 yil o‘tib, ya’ni 1959 yil ushbu musobaqaga Misrning o‘zi mezbonlik qildi. G‘olib yana misrliklar. Shundan so‘ng 1962 yil (Efiopiya) 2-o‘rin, 1963 yil (Gana) 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Misrliklar keyingi ikki musobaqada (1965, 1968) ishtirok etishmadi. 1970 yil Sudanda o‘tkazilgan qit’a birinchiligida esa bronza medallarni qo‘lga kiritishdi. 1972 yilgi Kamerunda bo‘lib o‘tgan turnir yana misrliklarsiz o‘tdi. 1974, 1976 yilgi Afrika millatlar kubogida Misr 3- va 4-o‘rinlarni egalladi. Terma jamoa 1978 yil saralashdan o‘ta olmadi. 1980 yil Nigeriyada bo‘lib o‘tgan musobaqada 4-o‘rin, 1982 yil yana qatnashmadi, 1984 yil yana 4-o‘rin bilan cheklandi.
1986 yil Misr ushbu musobaqani yana o‘zida qabul qildi va uzoq kutilgan chempionlikni muxlislariga taqdim etdi. Ushbu chempionlikdan so‘ng misrliklarda biroz pasayish yuz berdi. Ular ketma-ket 3 marta (1988, 1990 va 1992) turnirni guruh bosqichida yakunlashga majbur bo‘ldi. 1994 va 1996 yillarda esa chorak final bosqichida to‘xtashdi.
1998 yil Burkina-Faso mezbonligida o‘tgan qit’a birinchiligida Misr terma jamoasi yana katta sahnaga chiqdi. Shundan so‘ng misrliklar ketma-ket 3ta musobaqada muvaffaqiyatsizlikka uchrashdi (2000 yil chorak final, 2002 yil chorak final va 2004 yilda guruh bosqichi).
O‘z ishqibozlarini ketma-ket muvaffaqiyatsizliklar bilan ranjitgan Misr terma jamoasi qatorasiga uch marta (2006, 2008 va 2010) Afrikaning eng kuchli terma jamoasi degan nomni yana o‘ziniki qilib oldi.
G‘alaba va mag‘lubiyat doim yonma-yon yuradi deganlaridek misrliklar shundan so‘ng ketma-ket uch marta (2012, 2013 va 2015) musobaqada xatto saralash bosqichidan ham o‘ta olishmadi.
Nihoyat misrliklar 2017 yil Gabonda o‘tkazilgan chempionatda finalga qadar etib bora olishdi. Ammo, hal qiluvchi bahsda Kamerunga 2:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi va kumush medallar bilan cheklanishdi.
Misr terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Ilk uchrashuv: 1920 yil 28 avgust, Italiya – Misr 2:1.
Eng yirik g‘alabasi: 1963 yil noyabr, Misr – Laos 15:0.
Eng yirik mag‘lubiyati: 1928 yil 10 iyun, Italiya – Misr 11:3.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Ahmad Hasan (184).
Eng yaxshi to‘purar: Husam Hasan (68).
Bundan bir necha kunlar oldin Misr terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper JCh-2018da ishtirok etishi mumkin bo‘lgan futbolchilardan iborat kengaytirilgan tarkibni e’lon qildi.
Darvozabonlar: Essam Al-Xaydari («Al-Taavun», Saudiya Arabistoni), Axmed Al-Shenavi, Sherif Akrami (ikkalasi – «Al-Axli»), Muhammad Auad («Ismoiliya»)
Himoyachilar: Axmad Fatxi («Al-Axli»), Axmad Al-Muxammadi («Aston Villa», Angliya), Muhammad Abdul-Shafi («Al-Fotix», Saudiya Arabistoni), Axmad Xegazi, Ali Gabr (ikkalasi — «Vest Bromvich Albion», Angliya), Umar Gaber («Los-Andjeles», AQSh), Saad Samir, Ayman Ashraf (ikkalasi — «Al-Axli»), Karim Xafez («Lans», Frantsiya), Amro Tarek («Orlando Siti», AQSh), Maxmud Xamdi («Zamalek»)
Yarim himoyachilar: Muhammad El-Nenni («Arsenal», Angliya), Abdulla Said («KuPS», Finlyandiya), Maxmud Fadlalla «Shikabala» («Al-Raed», Saudiya Arabistoni), Maxmud Xassan «Trezege» («Kasympasha», Turkiya), Ramadan Sobxi («Stok Siti», Angliya), Tarek Xamid, Maxmud Abdul Aziz (ikkalasi — «Zamalek»), Maxmud Abdul-Moneym «Kaxraba» («Al-Ittixad», Saudiya Arabistoni), Amr Varda («Atromitos», Gretsiya), Sem Morsi («Uigan Atletik», Angliya)
Hujumchilar: Muhammad Saloh («Liverpul», Angliya), Maruan Muxsin («Al-Axli»), Axmad Xassan «Koka» Magub («Braga», Portugaliya), Axmad Gomaa («Al-Masri»).
Eslatib o‘tamiz. Misr terma jamoasi o‘zining mundialdagi ilk uchrashuvini 15 iyun kuni Urugvay terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar