
Mundial sari. Tanishing - Peru terma jamoasi
Barchamizga ma’lumki sanoqli kunlardan so‘ng Rossiya yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XXI jahon chempionati start oladi. Sayyoramizning eng yirik musobaqasi oldidan SPORTS.uz sayti siz aziz muxlislarni mundialda ishtirok etuvchi terma jamoalar bilan tanishtirishda davom etadi. Bu safar mundalni naqd 36 yil kutgan Janubiy Amerika qit’asi vakili - Peru terma jamoasi haqida fikr yuritamiz.
Peru - Janubiy Amerika qit’asining o‘rtamiyona terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Peruliklar o‘zlarining ilk uchrashuvini 1927 yilning 1 noyabr kuni qit’adoshi Urugvay terma jamoasiga qarshi o‘tkazishgan va 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yshgan.
Jahon chempionatlaridagi ishtiroki
Peru terma jamoasi 1930 yil Urugvayda o‘tkazilgan ilk mundial ishtirokchisi hisoblanadi. Ammo o‘shanda ular o‘z ishtiroklarini musobaqaning guruh bosqichidayoq to‘xtatishgan.
Shundan so‘ng peruliklar o‘zlarining mundialdagi keyingi ishtirokini naqd 40 yil kutishga majbur bo‘lishdi. Aniqrog‘i Peru 1970 yil Meksikada o‘tkazilgan to‘qqizinchi jahon chempionatida ishtirok etdi. O‘sha musobaqada perulik futbolchilar guruhda Germaniya, Bolgariya va Marokash terma jamoasiga qarshi o‘yinlar o‘tkazishgan. Dastlabki ikki o‘yinda Bolgariya (2:1) va Marokash (3:0) taslim etilgach, so‘nggi turda Germaniyaga 1:3 hisobida imkoniyat boy berildi. Ammo, shunday bo‘lsada ular guruhda ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l olishdi. Lekin chorak finalda ular Braziliyaga to‘qnash kelishdi va 4:2 hisobida imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtiroklarini to‘xtatishdi.
Shundan so‘ng Peru orada 1974 yilgi Germaniya mundiali saralashidan o‘ta olmadi. Lekin 1978 yil Argentinada o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etdi. Peru terma jamoasiga bu safar guruh bosqichida Gollandiya, Shotlandiya va Eron terma jamoalari raqiblik qilishdi. Ushbu bosqichda ikkita g‘alaba va bir durang qayd etgan Peru bu safar ham chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ammo ular yana shu bosqichda o‘z ishtiroklarini to‘xtatishga majbur bo‘lishdi.
Oradan to‘rt yil o‘tib, 1982 yil mundialga Ispaniya yashil maydonlari mezbonlik qildi. Peru esa guruhda Polsha, Italiya va Kamerun terma jamoalariga qarshi kurash olib bordi. Dastlabki ikki turda Kamerun (0:0) va Italiya (1:1) bilan durang o‘ynagan peruliklar so‘nggi turda kutilmaganda Polshaga 5:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘yishdi. Shu tariqa guruhda so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan Peru uchun Ispaniya mundiali muddatidan avval yakuniga etdi.
E’tiborlisi, yuqoridagi mundialdan so‘ng perulik futbolchilar to JCh-2018ga qadar birorta ham jahon chempionatlarida ishtirok eta olishmadi. Nihoyat saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan Peru Rossiya maydonlarida o‘tadigan mundialda ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi ular musobaqaning “S” guruhida Frantsiya, Avstraliya va Daniya terma jamoalariga qarshi kurash olib borishadi.
Qit’a birinchiliklaridagi natijalari
Peruning Amerika kuboklaridagi ilk ishtiroki 1927 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ushbu musobaqaga Peruning o‘zi mezbonlik qilgan. Yakunda esa maydon egalari musobaqaning bronza medallarini qo‘lga kiritishgan. Oradan ikki yil o‘tib Argentinadagi chempionatda esa to‘rtinchi o‘rinni egallashdi. 1935 yilgi qit’a birinchiligi yana Peruda o‘tkazildi va yana maydon egalari bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. 1937 yil esa musobaqa yana Argentina maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Biroq, bu safar Peru oltinchi o‘rin bilan kifoyalandi.
Nihoyat 1939 yilgi qit’a chempionatiga yana Peru mezbonlik qildi. Ammo, bu safar natijalar tamomila boshqacha bo‘ldi. Finalga qadar etib kelgan perulik futbolchilar hal qiluvchi bahsda Urugvayga qarshi maydonga tushishdi. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashlari yordamida Peru raqibini 2:1 hisobida engdi va o‘z tarixidagi ilk sovrinni qo‘lga kiritdi.
Peru 1941 yil to‘rtinchi o‘rin va 1942 yil beshinchi o‘rinni egalladi. Shundan so‘ng 1945 va 1946 yilgi qit’a birinchiliklarida ishtirok etmadi.
1975 yilga kelib Peru yana chempionlikni tantana qildi. Ungacha esa ikki marta (1949, 1955) bronza medallarini qo‘lga kiritdi. 1975 yilgi chempionatdan so‘ng Peru to 2011 yilga qadar ushbu musobaqada medallarni qo‘la kirita olmay keldi. Lekin 2011 yil Argentinada va oradan to‘rt yil o‘tib 2015 yil Chilida o‘tkazilgan musobaqalarda ketma-ket bronza medallarini o‘ziniki qilib oldi. 2016 yil AQShda o‘tkazilgan musobaqada esa ular chorak finalga qadar etib borishdi.
Peru terma jamoasi haqida qiziqarli faktlar
Eng yirik g‘alabasi: 1938 yil 11 avgust, Peru – Ekvador 9:1.
Eng yirik mag‘lubiyati: 1997 yil 26 iyun Braziliya – Peru 7:0.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Roberto Palasios (128).
Eng yaxshi to‘purar: Paolo Gerrero (28).
FIFA reytingidagi eng yuqori o‘rni: 10-o‘rin (2017 yil).
FIFA reytingidagi eng past o‘rni: 91-o‘rin (2009 yil).
Ayni damda Peru terma jamoasiga argentinalik mutaxassis Rikardo Gareka bosh murabbiylik qilmoqda. Quyida esa JCh-2018da Peru sharafini himoya qilishi mumkin bo‘lgan futbolchilar tarkibi bilan tanishib olishingiz mumkin.
Darvozabonlar: Pedro Galese (Verakrus, Meksika), Xose Karvalo (Universitario), Karlos Kaseda (Universitario);
Himoyachilar: Luis Abram (Veles Sarsfild, Argentina), Alberto Rodriges (Atletiko Xunior, Kolumbiya), Anderson Santamariya (Puebla, Meksika), Migel Trauko (Flamengo, Braziliya), Luis Advinkula (Lobos BUAP, Meksika), Migel Arauxo (Alyansa Lima), Aldo Korso (Universitario), Nilson Loyola (Melgar), Kristian Ramos (Verakrus, Meksika);
Yarim himoyachilar: Pedro Akino (Lobos BUAP, Meksika), Vilder Kartaxena (Verakrus, Meksika), Kristian Kueva (San-Paulu, Braziliya), Edison Flores (Olborg, Daniya), Paolo Urtado (Vitoriya, Braziliya), Serxio Penya (Granada B, Ispaniya), Andi Polo (Portlend Timbers, AQSh), Renato Tapia (Feyenoord, Gollandiya), Yosimar Yotun (Orlando Siti, AQSh);
Hujumchiar: Andre Karrilo (Benfika, Portugaliya), Raul Ruidias (Moreliya, Meksika), Jefferson Farfan (Lokomotiv, Rossiya).
Ma’lumot uchun, Peru JCh-2018dagi o‘zining ilk uchrashuvini 16 iyun kuni Daniya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Baxtiyor TOShTEMIROV tayyorladi.
Fikrlar