
“Navbahor” jiddiy o‘zgarishlar ostonasida
“Bunyodkor” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng Mo‘minjonovning o‘rnini boshqa bir mutaxassis egallashi mumkinligi ko‘p bora ta’kidlanmoqda. Pepsi Superliga 25-turi doirasidagi Toshkentda “Bunyodkor”dan (0:2) uchralgan mag‘lubiyatdan keyin “Navbahor”ning chempionlik uchun imkoniyatlari keskin pasayib ketdi. Klub rasmiy sayti esa bu borada rasmiy bayonot berdi.
“Qaldirg‘ochlar”dan uchralgan mag‘lubiyatdan muxlislarning kayfiyati tushib ketganligi bor gap. Har holda jamoa ishqibozlari Toshkentga ijobiy natija ilinjida yo‘l olishgandi. Lekin, natija kutilgandek bo‘lmadi. Ayni paytda viloyat futbol assotsiatsiyasi va klub rahbariyati vaziyatni o‘nglash, muxlislarning “Navbahor” jamoasiga bo‘lgan mehrini qaytarish ustida ish olib borishmoqda. Barchaga ma’lumki, Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrulla Bozarov jamoani yuqori o‘rinlar uchun kurashishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Aynan viloyat rahbarining sa’y-harakatlari samarasi o‘laroq, “Navbahor” avvalgi obro‘sini yana tiklashga intilmoqda. Klubda hammasi yaxshi bo‘lishi uchun hozir ham bosh qotirilmoqda.
Muxlislarni xotirjam qilgan holda ta’kidlash joizki, ertaga “Navbahor” jamoasida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berishini aytish mumkin. Ertaga “Navbahor” PFKda katta yig‘ilish o‘tkaziladi va klubda bir qator yangiliklar ro‘y beradi. Bir so‘z bilan aytganda, jamoa muxlislarining ishonchlarini oqlash va ularni xursand qilish uchun “Navbahor” PFK tomonidan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Fikrlar