O‘zbek bokschilari xalqaro turnirda 11 medalni qo‘lga kiritishdi
17-23 oktyabr kunlari O‘zbekiston boks terma jamoasi Mo‘g‘iliston poytaxti Ulan-Bator shahridagi “Búyant-Uxáa” saroyida boks bo‘yicha “Chinggis Khan Cup” xalqaro musobaqasi ishtirok etdi.
Unda ishtirok etgan bokschilarimiz jami 4 oltin, 4 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi safida Tursunoy Rahimova (-51 kg.) va Maftunaxon Melieva (-60 kg.) shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Shaxnoza Nizomova (-54 kg.) kumush va Dilnozaxon Odiljonova (-69 kg.) bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Erkaklar bellashuvlarida esa Abdulxay Sharaxmatov (-56 kg.) va Isroil Madrimov (-75 kg.) barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medallarga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Nodirjon Mirzoahmedov (-49 kg.), Abrorjon Qodirov (-52 kg), Fazliddin Meliboev (-69 kg) kumush hamda Elnur Abduraimov (-64 kg.), Zuhriddin Mahkamov (-81 kg.) terma jamoamiz hisobiga bronza medallarini qo‘shib qo‘ydi.
Shunday qilib, O‘zbekiston medallar jamg‘arish bo‘yicha mezbon Mo‘g‘iliston terma jamoasidan so‘ng ikkinchi o‘rinni band etdi. Kuchli uchlikdan esa xitoylik charm qo‘lqop ustalari o‘rin olishdi.
Eslatib o‘tamiz, 2000 yildan beri ilk marta Mo‘g‘ilistonda o‘tkazilgan mazkur turnirda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Nigeriya va Mo‘g‘iliston terma jamoalari ishtirok etdi. Bellashuvlar AIBA qoidalari asosida o‘tkazildi.

Fikrlar