
O‘smirlar terma jamoasining "Chig‘atoy"dagi yig‘inida 50 nafarga yaqin futbolchi ko‘rikdan o‘tmoqda
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ayni kunlarda poytaxtimizdagi "Chig‘atoy" sport bazasida yig‘in o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
Unga ko‘ra bosh murabbiy Azamat Abduraimov yig‘in davomida 50 nafarga yaqin futbolchilarni ko‘zdan kechirishni maqsad qilgan.
Yig‘inning dastlabki kunlarida terma jamoada hali o‘yin o‘tkazmagan, avvalgi yig‘inlarda ishtirok etmagan futbolchilar qatnashishdi. Kecha 6 dekabr kuni ular 2004 yil tavallud topgan Toshkentning "Spartak" jamoasi futbolchilariga qarshi nazorat o‘yini o‘tkazib, 1:1 hisobida durang qayd etishdi.
Yig‘inning ikkinchi qismida O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasining asosiy tarkib futbolchilar qatnashadi. Ular yig‘in davomida ikkita nazorat uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgan. Yig‘in 10 dekabrga qadar davom etadi.
Fikrlar