
Otabek Shukurov: “Ural” va “Anji”dan taklif bo‘lgan, ammo...
Otabek Shukurovni yorqin kelajak kutyapti deb ko‘p gapirishadi. “Bunyodkor”dagi o‘yinlari orqali uning imkoniyatlari katta ekanligi namoyon bo‘lgandi. Qolaversa, u milliy terma jamoa safida ham asta-sekin o‘z o‘rniga ega bo‘lib boryapti. Uning saviyasi o‘sib borayotgani uchun legioner sifatida xorijda to‘p surishi kutilayotgandi. Natijada Shukurov faoliyatini BAAning “Sharja” jamoasida davom ettirishga qaror qilgandi. Mana, yarim yildirki, u amirliklarning chempionatida to‘p surib kelmoqda. Yozgi tanaffus yuzaga kelgani bois futbolchi yaqinda uyiga qaytdi. Biz esa bundan foydalangan holda Otabek bilan suhbatlashdik. Shuni alohida ta’kidlash joizki, u o‘z jamoasining asosiy futbolchilaridan biriga aylana oldi.
- Legioner bo‘lib o‘ynash juda ham yoqimli. Men bunday darajada to‘p surishni nihoyatda xohlagandim, - deya gap boshladi, Shukurov.
- To‘g‘ri, BAAga borganimda boshida men uchun oz-moz qiyinchiliklar bo‘ldi. Ayniqsa, til va muhit bo‘yicha. Lekin asta-sekin ko‘nikib bordim. Hammasi faqat o‘zingizga bog‘liq. Buning uchun vaziyatga doim to‘g‘ri yondashish kerak.
- BAA chempionatida ancha yildan beri faoliyat olib borayotgan Aziz Haydarov sizga katta yordam ko‘rsatdi deb eshitgandik...
- Ha, to‘g‘ri. Aziz Haydarov menga qo‘lidan kelganicha barcha yordamni ko‘rsatdi. Kerakli maslahatlarini berdi. U erdagi muhit, mahalliy chempionat va har bir jamoa haqida menga atroflicha ma’lumotlar berdi. Bir so‘z bilan aytganda, Aziz aka har tomonlama menga katta yordam ko‘rsatdi. Buning uchun Haydarovga minnatdorchilik bildiraman. Yana bir gap: “Sharja” klubiga borganimda u erdagilar meni juda iliq kutib olishgandi. Shu bois ham u erdagi qiyinchiliklarni engib o‘tish va jamoaga moslashib ketish men uchun engil kechdi deb o‘ylayman.
- Ayting-chi, u erda sizni yoqimli ma’noda ajablantirgan holatlar ham bo‘ldimi?
- Meni hayron qoldiradigan narsalar kuzatilmadi. Faqat meni bir jihat hayron qoldirdi. U erdagi mashg‘ulotlar va o‘yinlar jarayonida futbolchilar individual jihatdan kuchli ekanlar. Aynan shu tomoni meni ajablantirdi. Mahalliy o‘yinchilar ham, legionerlar ham individual jihatdan menda katta taassurot qoldirishdi. To‘g‘risi, oldinlari BAAda bunchalik deb o‘ylamagandim. Shuningdek, “Sharja”ga borganimdan so‘ng jamoam bilan g‘alabalar qozondik va shu jihat ham mening u erga ko‘nikishimga yanada katta turtki berdi.
- Ayni paytda ta’tilni o‘tkazish uchun uyga keldingiz. Bu erda vaqtingiz qanday o‘tyapti?
- Dam olish jarayoni juda yaxshi o‘tyapti. Oilam bilan birgaman. Bu erda qiladigan ayrim ishlarim bor edi. Masalan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutini bitirdim. Yaqinda diplom ishimni yakunladim. Qolaversa, har bir kunimda ham o‘zim uchun mashg‘ulot olib boryapman. Yaqinda “Bunyodkor” jamoasiga qo‘shilib sport formamni saqlab turish uchun shug‘ullanib turmoqchiman. Ko‘proq oilam davrasida vaqt o‘tkazishga harakat qilyapman.
- “Bunyodkor”ni tark etib “Sharja” klubiga yo‘l olganingizni har kim turlicha talqin qildi. Lekin ko‘pchilik sizni yanada kuchliroq chempionatga ketishingizni kutishgandi. Umuman aytganda, bu siz uchun har tomonlama to‘g‘ri qaror bo‘lganiga ishonchingiz komilmidi?
- Hozirgacha buni to‘g‘ri qaror deb hisoblayman. To‘g‘ri, menga boshqa chempionatlardan variantlarim bor edi. Nima uchun BAAni tanladim? Aziz Haydarovning maslahatiga quloq soldim. Qolaversa, “Sharja” klubi bosh murabbiyi meni hurmat qilib, ishonch bildirib, taklif qilgani uchun ham ushbu jamoani tanladim. BAA chempionati men uchun legioner sifatidagi birinchi qadam va bu menga katta tajriba bo‘ladi deb o‘ylayman. Buning ustiga bir yarim yil davomida ushbu chempionatda to‘p surib o‘zimni futbolchi sifatida reklama qilishim uchun ham yaxshi imkoniyatdir. Bu keyingi faoliyatim uchun menga tramplin bo‘ladi. Odamlar BAA chempionati haqida har xil fikrlar bildirishi mumkin. Ammo shaxsan men uchun bu kuchli birinchilik. Bundan tashqari, u erdagi har bir jamoaning o‘yini legionerlarga bog‘liq. Shuning uchun klublarda doim legionerlar limiti to‘la bo‘ladi. Bizning klubda ham hamma narsa faqat legionerlarga bog‘liq. U erda mas’uliyat sizning zimmangizda ekanligi, g‘alaba uchun yanada ko‘proq mehnat qilishingiz kerakligi, bularning hammasi sizni yanada kuchli qiladi.
- “Bunyodkor”da ajoyib avlod etishib chiqdi. Masalan siz bilan birga o‘ynagan do‘stlaringiz – Eldor Shomurodov “Rostov”ga, Doston Hamdamov esa “Anji”ga ketdi. Shulardan kelib chiqib sizning ham imkoniyatingizni yuqori baholashgandi. Ularga havasingiz kelyaptimi?
- Har bir futbolchining hayoti faqat o‘ziniki. Futbolchi doim o‘z o‘yinlarini tahlil qilib boradi. Menga ham Rossiya chempionatidan takliflar bor edi. Lekin o‘sha vaziyatdan kelib chiqqan holda mening eng to‘g‘ri qarorim “Sharja” bilan bog‘liq edi.
- Aynan Rossiyaning qaysi klublaridan takliflar bo‘lgandi?
- “Ural” va “Anji” jamoalaridan takliflar bo‘lgan. Keyinchalik, Qatar, Saudiya Arabistoni klublaridan ham aniq chorlovlar kelib tushgandi.
- “Bunyodkor”ni bugungi kunga kelib qiyinchiliklar o‘rab olgan. Menimcha, siz ham sobiq jamoangizga befarq emassiz...
- “Bunyodkor”ning hamma o‘yinlaridan tortib ichki muhitigacha kuzatib boryapman. Murabbiylar va futbolchilar bilan har kuni aloqadaman. Albatta, “Bunyodkor”ning hozirgi ahvoli juda achinarli. Lekin u erda ish jarayoni juda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan. Men o‘ynayotgan paytda ham vaziyat og‘irroq edi. Ammo Mirjalol Qosimov hozirgacha yigitlarni to‘g‘ri yo‘nalishda o‘ynatib kelyapti. Iqtisodiy tomondan katta muammolar bo‘lsa ham jamoa o‘zini yo‘qotib qo‘ymayapti. Bunday paytda hammasi murabbiyga bog‘liq. Mirjalol aka jamoani ruhlantirib, o‘yinni tashkillashtirgan holda yaxshi natijalar ko‘rsata olyapti. Shuningdek, O‘zbekiston klublari orasida “Bunyodkor”ning o‘yini ancha yaxshi shakllangan deb hisoblayman. Chunki men Superligani ham kuzatib boryapman. Mirjalol Qosimovning xizmatlari juda katta. U erdagi ichki muhitni yaxshi bilganim uchun shunday deyapman. Umid qilamanki, erta-indin jamoadagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradi. Bu esa “Bunyodkor” va o‘zbek futboli uchun ham katta yutuq bo‘ladi. Shu o‘rinda men ham “Bunyodkor” jamoasiga rahmat aytmoqchiman. Klub akademiyasidagi insonlarga, klub rahbariyatiga, murabbiylar shtabiga, umuman bizga yordam bergan har bir insonga minnatdorchilik bildirib o‘taman.
- Faoliyatingizga katta ta’sirini ko‘rsatgan murabbiy deb kimni aytgan bo‘lardingiz?
- Bitta murabbiyni ko‘rsatib o‘tmoqchi emasman. Doim qaerda bo‘lishimdan qat’iy nazar o‘sha joylarda menga yordam ko‘rsatishgan va o‘zimga kerakli jihatlarni o‘rganib borganman. Men bilan birga ishlagan murabbiylarga va oila a’zolarimga katta rahmat aytmoqchiman. Men uchun ham murabbiy, ham eng yaqin insonim sifatida dadamga alohida minnatdorchilik bildiraman. Kerakli paytda tanqid qiladi, kerak paytda to‘g‘ri tushuntiradi.
- Sizni doim kuzatib boramiz. “Mash’al” akademiyasidan etishib chiqdingiz. Keyinchalik ushbu klubda o‘ynadingiz. “Bunyodkor”ga o‘tganingizda esa bu faoliyatingizda oldinga siljish bo‘ldi. U erdagi faoliyatingiz orqali milliy terma jamoa darajasigacha ko‘tarildingiz. Shundan so‘ng legioner maqomiga aylanganingizda bu siz uchun yana bir oldingi tashlangan qadam bo‘lgandi. Endi Otabek Shukurovning “Sharja”dan keyingi bekati qaerda va qanday ko‘rinishda bo‘ladi?
- Yoshligimdan kuchli chempionatda o‘ynashni xohlayman. Men uchun klubning nomi yoki pul keyingi masalalar. Birinchi navbatda futboldagi imidjimni doim yuqori o‘ringa qo‘yaman. “Sharja” jamoasi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolaganman va uning yana bir yili bor. Mana shu bir yil men uchun katta imkoniyat. Nasib bo‘lsa, shu vaqt davomida BAA chempionatini ham engib o‘tib, u erdan Evropaning biror-bir kuchliroq chempionatiga yo‘l olishni juda istayman. Futbolchi uchun og‘ir narsa – bu zaxirada o‘tirish. Men esa buni xohlamayman. Rossiyami, Turkiyami yoki kuchli beshtalikdagi chempionatlardan birida faoliyatimni olib borishni niyat qilaman. Hozirgacha xorijdagi agentlar bilan doimiy aloqadaman. Ular meni kuzatib borishyapti.
- Demak, oldinda turgan bir yil siz uchun chinakam imtihonga aylanar ekan-da?
- Ha, shunday. Men bu imkoniyatdan maksimal darajada foydalanishim kerak. Yanada yuqori darajaga ko‘tarilishim uchun bu menga berilgan imkoniyat deb hisoblayman.
- “Bunyodkor” bilan “Sharja”da o‘ynashning farqi nimada ekan?
- BAA chempionati juda qiziqarli. U erdagi har bir o‘yin murosasiz. Masalan, bizda etakchilarning g‘alaba qozonish imkoniyati ko‘proq bo‘lsa, u erda buning aksi. Chunki boya aytganimdek, u erdagi har bir jamoada to‘rttadan legioner bor va kuchli o‘yinchilarga ega. Ularning o‘yini qovushsa, demak jamoasi yutadi. BAAlik futbolchilar ham bemalol 2-3 ta raqibini aldab o‘ta oladilar. Bizga nisbatan ular tezkor o‘ynashadi. To‘g‘ri, O‘zbekistonda jamoaviy o‘yin kuchliroq. BAAda esa individual jihatdan o‘yinchilar kuchli.
- Siz “Bunyodkor”da jamoaviy o‘yin asosida shakllangan futbolchi edingiz. BAAga borganda mazkur holat bo‘yicha qiynalmadingizmi?
- Bu gapim bilan u erda jamoaviy o‘yin yo‘q demoqchi emasman. Masalan, bizning chempionatda hujumchilar yoki hujumkor futbolchilarning o‘yinni o‘z zimmasiga olish qobiliyati pastroq. BAAda esa buni juda yaxshi nazorat qila oladilar. Masalan, oxirgi daqiqalarda gol urib ketish juda osondek ko‘rinadi.
- U erda hujumchimiz Igor Sergeev ham bor edi va u “Al Dafra”da o‘ynadi. Adashmasam, u 10 ta o‘yinda bor yo‘g‘i 1 ta gol urdi. Shunchaki, boya gol urish osondek ko‘rinadi deganingiz uchun aytyapman...
- Sergeev haqida bir nima deb gapira olmayman. Chunki uning o‘yinlarini ko‘p kuzata olmadim. Biz bilan o‘yinda ham Igor maydonga tushgani yo‘q. Rosti, u haqida aniq ma’lumotga ega emasman.
- Jahon chempionatini kuzatib boryapsizmi?
- Ha. Braziliya va Argentinaga muxlislik qilyapman. Ispaniya – Portugaliya o‘yini ham menga juda yoqdi. Lekin 1-turdan keyin biror nima deyish qiyin. Chunki doim ham dastlabki turlar jamoalar uchun og‘ir kechadi. O‘yindan-o‘yinga kuchayib borgan termalar chempionlikka da’vogar bo‘lishadi.
- Ushbu jahon chempionati ham milliy terma jamoamizsiz o‘tyapti. Endi esa bizda ham jiddiy qadamlar tashlanyapti, katta o‘zgarishlar kuzatilyapti. Yangilanayotgan terma jamoamiz haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Milliy termamizning jahon chempionatida ishtirok eta olmayotgani men uchun ham alamli. Hozirgacha bu haqida o‘ylasam o‘zimda yomon narsalarni his qilaman. To‘g‘ri aytdingiz, futbolimizda katta islohotlar bo‘lyapti. Futbolning rivojlanishi uchun ulkan hajmdagi ishlar olib borilyapti. Men hammasini kuzatib boryapman. Hozirgi kunimizdan Qatarda bo‘ladigan mundial haqida o‘ylab, maksimal imkoniyat bilan ishlashimiz lozim.
- Terma jamoamizni qaysi murabbiy boshqarishini istayapsiz?
- Bu haqida aniq ma’lumotim yo‘q. Lekin har xil gap-so‘zlar bo‘lyapti. Menimcha, rahbariyat jahon chempionatidan keyin bu masalaga oydinlik kiritadi. Shuni xohlardimki, o‘zbek futbolidan kelib chiqqan holda taktik sxemalarni tanlaydigan murabbiy kelsa yaxshi bo‘lardi. Men o‘zbek futbolidagi muhitni bejizga nazarda tutayotganim yo‘q. Xohlaymizmi-yo‘qmi, biz braziliyaliklar singari kuchli texnikaga ega emasmiz. Bizda nima kuchliroq? Taktik futbol va biz aqlliroq o‘yin ko‘rsatamiz. Aynan shu jihatlarimizdan kelib chiqib taktikalar tanlansa bemalol jahon chempionatiga chiqsak bo‘ladi deb o‘ylayman.
- Faraz qiling, oldimizda ikkita nomzod turibdi. Karlos Keyrush va Bert van Marveyk. Siz kimni tanlagan bo‘lardingiz?
- Ikkalasi bilan birga ishlamaganman. Muhimi, qaysi biri bo‘lishidan qat’iy nazar jahon chempionatiga chiqsak bo‘ldi.
Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.
Fikrlar