O‘zbekiston sport kurashlari termasi o‘smirlar o‘rtasidagi OChni to‘qqizta medal bilan yakunladi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

20-23 iyul kunlari Tailandda sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasi qit’a chempionatida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha to‘liq tarkibda ishtirok etdi, deya ma’lum qiladi MOQ matbuot xizmati. 

Musobaqaning ilk kunida yunon-rum kurashchilari gilamga chiqishdi. Vazni 46 kilogramm bo‘lgan sportchilar bahsida hamyurtimiz Eldor Karimov bronza medali uchun kechgan bellashuvda mezbonlar vakilini mag‘lub etib, delegatsiyamiz hisobiga dastlabki bronza medalini taqdim etdi. Shu kuni shuningdek, Dilshod Omangeldiev (-63 kg.) va Saidislom Teshaboev (-42 kg.) lar ham bronza medallariga sazovor bo‘lishdi. 

Ayollar kurashida bir yo‘la ikkita qizimiz bronza medallari bilan taqdirlanishdi. Gulnoza Jumaboeva (-46 kg.) va Umida Maksetova (-38 kg.) uchinchi o‘rin taqdirini hal qilgan bahslarda mos ravishda Tailand va Xitoy Taypeyi vakillarini mag‘lub etib shohsupaga ko‘tarilishdi. 

Erkin kurash bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari esa musobaqada anchagina muvafaqiyatli ishtirok etib, yakunda 2 ta oltin va bittadan kumush hamda bronza medallariga sazovor bo‘lishdi. Vazni 42 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Umidjon Jalolov finalga qadar Eron va Qozog‘iston vakillarini ortiqcha qiyinchiliksiz mag‘lubiyatga uchratdi. Hal qiluvchi bahsda esa Umidjon yaponiyalik raqibi ustidan 10:0 hisobida g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni nomiga sazovor bo‘ldi. 

 -63 kilogramm vaznga ega bo‘lgan polvonlar bahsida ham Osiyo chempionatining oltin medali yurtdoshimizga nasib etdi. Ixtiyor Normurodov Qirg‘iziston, Hindiston va Mo‘g‘iliston terma jamoasi a’zolarini katta ustunlik bilan mag‘lub etib oltin medalga ega chiqdi. Shuningdek, Muhammadrasul Rahimov (-85 kg.) va Jamshidbek Marufov (-50 kg.)lar mos ravishda kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Rahimov Janubiy Koreya, Mo‘g‘iliston va Hindistonlik raqiblari kuragini erga tekkizib finalga qadar etib kelgandi. Hal qiluvchi bellashuvda esa yosh polvonimizga biroz omad etishmadi va u eronlik raqibiga 8:10 hisobida imkoniyatni boy berib kumush medal bilan cheklandi. Jamshidbek esa bronza medali taqdiri hal bo‘lgan bahsda Qirg‘iziston terma jamoasi a’zosini 10:0 hisobida taslim qilib, shohsupadan joy oldi. 

Yakunda O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo chempionatida jami 9 ta medalni qo‘lga kiritdi. Ularning 2 tasi oltin, 1 tasi kumush va 6 tasi bronza medallaridir. Qit’a chempionati bahonasida terma jamoamiz murabbiylar shtabi bir qator yosh polvonlarimizning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. Boisi 2018-yilgi huddi shu yosh toifasidagi Osiyo chempionati Argentinada bo‘lib o‘tadigan III o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beradi. Aynan shundan kelib chiqib, terma jamoamizning yaqin zaxirasi ko‘zdan kechirib olindi. Sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamiz a’zolari bugun ertalab Bangkokdan poytaxtimizga qaytib kelishdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!