O‘zbekiston termasining bekor qilingan o‘rtoqlik o‘yinlari
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 12 fevral kuni Antaliya shahrida Armaniston terma jamoasiga qarshi o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘yin bekor qilinganidan xabaringiz bor. Bu holat so‘nggi yillarda bir necha bor qaytarilayotgani sabab, ushbu yangilik jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga uchradi. Biz esa aynan so‘nggi yillarda termamizning bekor qilingan o‘rtoqlik o‘yinlarini eslashga harakat qilib ko‘ramiz.
Temurxo‘ja Abduxoliqovning yangi jamoasi haqida nimalarni bilasiz?
O‘zbekiston – Turkiya
Bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sana va joy: 14.08.2013 Toshkent
Bundan salkam 4 yil muqaddam potentsial imkoniyati ancha yuqori bo‘lgan Turkiya termasining “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston termasiga qarshi o‘yin o‘tkazishi borasida kelishib olingan edi. Biroq belgilangan vaqtga 9 kun qolganida Turkiya Futbol Federatsiyasi(TFF) rasmiy saytida ushbu bahsning bekor qilingani to‘g‘risida xabar chiqadi. O‘shanda bo‘lishi ko‘zda tutilgan mazkur o‘yin O‘zbekiston tashabbusi bilan bekor qilingani to‘g‘risida xabar tarqatilgan edi.
O‘zbekiston – Moldova
Bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sana va joy: 09.02.2016 Antaliya(Turkiya)
Bundan rosa bir yil oldin Samvel Babayan jamoasi Turkiyadagi yig‘in doirasida Moldova terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazishi lozim edi. 2015 yilning 25 noyabr sanasida O‘FF rasmiy saytida aynan shu to‘g‘risida xabar chiqqan edi. Ushbu o‘yin o‘tkazilmasligi to‘g‘risidagi yangilikdan so‘ng, biznikilar xavfsizlik masalalari sabab Turkiya yig‘ini va unda o‘tishi ko‘zda tutilgan o‘yinlar bekor qilingani to‘grisida bayonot berishgan.
O‘zbekiston – Qirg‘iziston
Bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sana va joy: 02.06.2016 Toshkent
Kanadaga qarshi o‘yin oldidan Toshkentda Qirg‘iziston bilan “repetitsiya” o‘tkazishimiz ko‘zda tutilgan edi. Biroq mazkur o‘yin ham bekor qilingan. Avvalo ushbu variant qirg‘izlar Yaman bilan o‘yin o‘tkazmasliklari aniq bo‘lgach paydo bo‘lgan edi. Alal-oqibat bu variant ham bekor bo‘ladi va…

O‘zbekiston – Ekvatorial Gvineya
Bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sana va joy: 02.06.2016 Toshkent
Odatda, “birinchi xato ikkinchisini boshlab keladi”, degan gapni ko‘p eshitamiz. Ushbu holat ham mazkur naqlga mos keladi. Avvaliga Qirg‘iziston bilan o‘yin bekor qilingach, Ekvatorial Gvineya bilan “kelishildi”. Biroq afrikaliklarning tashabbusi bilan mazkur bellashuv ham bekor qilindi. Bunga sabab sifatida esa gvineyaliklar 3 iyun kuni Afrika Millatlar kubogining saralashida Benin bilan o‘ynashi mumkinligi keltirilgan edi. Biznikilar esa vaziyatdan chiqib ketishning “g‘ayrioddiy” usulini ko‘rsatishgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
O‘zbekiston – “Yablonets”(Chexiya)
Bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sana va joy: 13.07.2016 Enbah(Avstriya)
Yozning qoq o‘rtasida tashkil etilgan Avstriya yig‘inidan o‘rin olgan ushbu o‘yin ob-havoning “injiq” kelgani tufayli o‘tkazilmagan edi. Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda , yomg‘ir yog‘ib, kechga dovul tinmagani tufayli har ikki tomon kelishib, “bor-e”, deb o‘yinni bekor qilib qo‘ya qolishgan. Ana shunaqa.
O‘zbekiston – Armaniston
Bo‘lib o‘tishi lozim bo‘lgan sana va joy: 12.02.2017 Antaliya(Turkiya)

Ushbu o‘yin milliy terma jamoaning 9–13 fevral kunlari Turkiyada tashkil qilinadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari doirasida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Armaniston termasi Turkiyadagi siyosiy barqarorsizlik tufayli u erda yig‘in o‘tkazishdan bosh tortdi va yuzaga kelgan noqulaylik uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasidan uzr so‘radi.
Server Jeparovning yangi jamoasi haqida nimalarni bilasiz?
Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar