Professional boks bo‘yicha dastlabki O‘zbekiston chempionati g‘oliblari aniqlandi
Kuni kecha Farg‘ona shahrida professional boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘z yakuniga etdi. 5ta vazn toifasida o‘tkazilgan mazkur final janglari muxlis va mutaxassislarda ulkan taassurot qoldirdi.
Dastlab, 53.525 kg vazn toifasida uchinchi o‘rin uchun farg‘onalik Umidjon Malikjonov va Xorazm viloyati vakili Yo‘ldoshboy Ollonazarov ringga ko‘tarilishdi. Ushbu jangning 4-raundida xorazmlik charmqo‘lqop ustasi jangni davom ettira olmadi va ushbu vazn toifasida Umidjon Malikjonov sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Final jangida esa tajribali Olim Nazarov navoiylik yosh iqtidor Nurjan Serikovni mag‘lub etdi va O‘zbekiston chempionligi kamarini qo‘lga kiritdi.
63.503 kg vazn toifasidagi janglar ham qiziqarli kechdi. Uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan bahsda Toshkent shahri vakili Shohrux Ashurov mezbon bokschi Islombek Tursunboev ustidan g‘alaba qozondi.
Final jangida xorazmlik Abdurasul Ismoilov Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan Ulug‘bek Do‘stmurodovni 3-raundda texnik nokaut uchratdi va chempionlik kamariga ega bo‘ldi.
66.678 kg vazn toifasidagi janglar ham barchada iliq taassurot oldirdi. Ushbu vaznda uchinchi o‘rin uchun o‘tkaziladigan janga qashqadaryolik Shahbos Boqiev kela olmaganligi sababli g‘alaba Xorazm viloyati vakili Farrux Ilxomovga berildi. Final jangi esa tom ma’noda jang oqshomining ko‘rki bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ikki teng kuchli raqib - Toshkent shahri vakili Muxammadsalim Sotiboldiev va mezbon Akramjon Mamajonov to‘qnashuvida Toshkent shahri vakili ochkolar hisobida ustun kelib, ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu chempionat kamarini qo‘lga kiritdi.
Qolgan vazn toifalarida faqatgina final janglari o‘tkazildi. Ayrim sabablarga ko‘ra, uchinchi o‘rin uchun janglarga ba’zi bokschilarimiz kela olmadi.
69 kg vazn toifasidagi final jangi ham farg‘onaliklarni xushnud etdi. Sababi ushbu viloyat vakili Akmalxon Jamolxonov surxondaryolik Muzaffar Rashidovni ochkolar hisobiga mag‘lub etdi.
So‘ngi final 76,203 kg vaznda bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona viloyati sharafini ximoya qilgan Muslimbek Olimov xorazmlik Rajapboy Otanazarovni birinchi raundning ilk soniyalaridayoq nokautga uchratdi.
Shunday qilib, professional boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 5 vazn toifasidagi dastlabki g‘olib va sovrindorlari aniqlandi. Qolgan 5 vazn toifasidagi final janglari esa xabaringiz bor, 15 sentyabr kuni Samarqandda o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu final janglari 6 raunddan iborat bo‘lib, g‘olib- 8 mln, ikkinchi o‘rin soxibi – 4 mln, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bokschi – 2 mln so‘mni qo‘lga kiritdilar.



Fikrlar