Qashqadaryo derbisi: “Nasaf”– “Mash’al” uchrashuvi prevyusi

Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

 

Voha futbol ishqibozlari XXVI O‘zbekiston chempionatining 11-turida voha derbisiga guvoh bo‘lishadi. Aslida bu tur derbilarga boy hisoblanadi.

Uchrashuv 18 may payshanba kuni G‘uzor shahridagi “G‘uzor” markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi. Derbi maqomiga ega uchrashuv soat 18:30 da start oladi.  Bir kun oldin, 17 may kuni yoshlar ligasi doirasidagi uchrashuv esa, Sputnik qo‘rg‘onidagi yoshlarimiz qarorgohi maydonida soat 18:00da boshlanadi.

Valentin Kovalenko katta tanaffusdan so‘ng yana “Nasaf” ishtirokidagi o‘yinni boshqaradigan bщldi. Ushbu hakam so‘nggi bor, 2015 yili jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvni boshqargan.

O‘zaro uchrashuvlar tarixidan

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi chempionat bahslari 2002 yildan boshlangan. Shu yili jamoamiz har ikkala uchrashuvda ham muborakliklarni bir xil 2:0 hisobida mag‘lub etgan. Jamoamiz safida “gazchilar” darvozasini birinchi ishg‘ol etgan futbolchi Nu’mon Hasanov hisoblanadi.

“Mash’al” hamda “Nasaf” jamoalarining o‘zaro o‘yinlari tarixiga nazar tashlasak, o‘tkazilgan 28 ta o‘yinning 14 tasida "ajdarlar" zafar quchganligining guvohiga aylanamiz. "Mash’al" vakillari esa 8 bor g‘alaba qozonishgan. Qolgan oltita bahsda tomonlar murosa yo‘lini tanlashgan. E’tiborli jihati, barcha durang natijalar Muborakda qayd etilgan.

To‘plar nisbati bo‘yicha ham mos ravishda “Nasaf” futbolchilari ustunlik qilmoqda: 46-27. Voha derbisida Zafar Xolmurodov 8 marta gol kiritgan yagona futbolchi bo‘lib turibdi.

Derbida uch marta “xet-trik” kuzatilgan. 2004 yili Muborakda Zafar Xolmurodov, 2007 yili Viktor Klishin raqib darvozabonlarini uch marta xafa qilgan. Bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida eng ko‘p, besh marotaba qayd etilgan hisob - 2:0. Bu jamoalar o‘zaro bahslashganda ikki bor nursiz durang qayd etilgan. Qolgan barcha uchrashuvlarda muxlislar gollarga guvoh bo‘lishgan.

O‘tgan yilgi mavsumda G‘uzorda o‘tkazilgan ikkinchi davra o‘yinida “Nasaf”ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topgan. Uchrashuvdagi gollarni Bobir Abduxoliqov va Sharof Muhitdinovlar kiritgan.

Qarshidagi uchrashuvlarga oid faktlar

Mazkur jamoalar shu paytgacha Qarshida o‘zaro 14 marta kuch sinashishgan. O‘tgan uchrashuvlarning 12tasida “Nasaf”ning qo‘li baland kelgan. 2 uchrashuvda “Mash’al” jamoasi g‘alaba qozongan. Qarshida bo‘lgan uchrashuvlarda jamoalar o‘rtasida biron marta durang natija qayd etilmagan. To‘plar nisbati esa 33:10, ustunlik “Nasaf” tomonida.

“Mash’al” jamoasi so‘nggi bor 2008 yilgi Qarshida bo‘lgan uchrashuvda g‘alaba qozongan. Bu uchrashuv 2:3 hisobida yakun topgan. Qarshida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda to‘rt marta 2:0, to‘rt marta 3:1, ikki marta 3:0 hisoblari ham qayd etilgan.

Jamoalar to‘purarlari haqida

Futbolchilarimiz bu yilgi chempionatda raqiblari darvozasiga 13ta gol kiritishdi (bir o‘yinda raqibimiz futbolchisi o‘z darvozasini ishg‘ol qilgan). Hozircha jamoamiz to‘purari Dragan Cheran bo‘lib turibdi. U hozirgacha 6ta gol kiritdi. Afsuski, bu hujumchimiz keyingi 3 uchrashuvda gol ura olgani yo‘q. Yana bir fakt, futbolchilarimiz bu yilgi mavsumning faqat bir uchrashuvida 2ta gol urishdi (“Qo‘qon-1912” – “Nasaf” 1:2). Qolgan safar uchrashuvlarida, jamoamiz bittadan ortiq gol ura olmayapti yoki umuman ura olmayapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!