Rahmatjon Ro‘zioxunov: O‘zbek boks maktabining poydevori mustahkam

  • 5 iyun, 2017, 13:55
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

 

Tecno

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi erishayotgan yutuqlar bugun dunyo hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. May oyining boshida Toshkent shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionati chog‘ida Xalqaro havaskor bokschilari uyushmasi – AIBA prezidenti Vu Ching-Kuo ham o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalarining jahon maydonlarida erishayotgan yutuqlarini alohida tilga oldi va muvaffaqiyatlar ko‘p jihatdan mamlakatimizda sport rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor hamda O‘zbekiston boks federatsiya ishni to‘g‘ri tashkil etgani bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

SPORTS.uz axborot portali bugungi kunda Germaniyada bo‘ladigan jahon chempionatiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Rahmatjon Ro‘zioxunov bilan o‘zbek boksining yutuqlari, kelajakdagi maqsad va vazifalar haqida suhbatlashdi.

- Rahmatjon aka, Sizni ko‘pchilik tajribali murabbiy sifatida taniydi. Lekin sportchilik faoliyatingiz haqida deyarli ma’lumot yo‘q. Suhbatni shu mavzudan boshlasak...

- Men asli bolaligimdan boks bilan shug‘ullanganman. 1983 yildan boshlab musobaqalarda qatnasha boshladim. 1987 yili Afg‘onistonda harbiy xizmatni o‘tadim. 1990 yili O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirdim va shu yilning o‘zida sport ustasi bo‘ldim. 1994 yili o‘qishni a’lo baholarga bitirdim va oliygohda boks murabbiyi bo‘lib ishlay boshladim. Bokschilik faoliyatimni tugatdim va murabbiylikka qadam qo‘ydim.

Boks bilan bir qatorda kikboksing bilan shug‘ullandim. Jahon chempionatida qatnashdim. Keyinroq muaytayda ham o‘zimni sinab ko‘rdim. Jahon va Osiyo chempionatlarida yurtimiz sharafini himoya qildim. Bu sport turlari bo‘yicha murabbiy sifatida ishladim. Sharq yakkakurashlari bo‘yicha jami 29 ta jahon chempionini tarbiyaladim.

Shuni alohida aytishim kerakki, kikboksing va muaytay O‘zbekistonda yangi sport turlaridan bo‘lganiga qaramay, bugungi kunda ancha rivojlandi. Mamlakatimizda Osiyo va jahon chempionatlari yuqori saviyada tashkil etilganini sport muxlislari yaxshi bilishadi.

- Rahmatjon aka, muaytay va kikboksingdagi natijalaringizni ko‘plab muxlisu mutaxassislarimiz yaxshi bilishadi. Boks murabbiylari safiga qo‘shilishingiz qanday yuz berdi?

- Meni boks bo‘yicha ishlashga O‘zbekiston boks federatsiya raisning birinchi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov taklif qildi. Darhaqiqat, bugun Sherzod Tashmatovning tug‘ilgan kuni. Imkoniyatdan foydalanib, bu insonni chin dildan tabriklayman va ishlariga omad tilayman.

Yana o‘z so‘zimizga qaytsak, dastlab boks murabbiyi bo‘lish taklifiga rozi bo‘lmadim. Sherzod Rixsibaevichga boks federatsiyasida tajribali murabbiylar borligi, ularning orasida ustozlarim ham ishlayotganini, agar yangi ish va yo‘nalish bo‘lsagina ishimni o‘zgartirish mumkinligini aytdim. Shu suhbatimizdan so‘ng, oradan bir necha soat o‘tdi va Sherzod Tashmatov meni yana chaqirib, ayollar boksi aynan hali ommalashmagan yangi yo‘nalish ekanini aytib, qizlarga murabbiy bo‘lishimni tayinladi. Boshida ikkilandim, lekin Sherzod Rixsibaevichning “Rahmatjon aka, muaytay va kikboksingda ko‘plab chempionlar tayyorlaganingizni hamma biladi, lekin o‘zingiz bokschi va boks murabbiyi bo‘la turib, terma jamoalarimizga iste’dodli yoshlarni tarbiyalab berolmaysizmi?” deganidan keyin bu ishni qabul qildim.

Ishni boks bilan shug‘ullanishni istagan qizlarni xalqaro musobaqalarga tayyorlashdan, ularni mahoratini oshirishdan boshladik. Bir yil deganda, Osiyo chempionati sovrindorlarini, jahon chempionati ishtirokchilarini tayyorladik. Ayniqsa, Yodgoroy Mirzaevaning Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritgani va o‘zbek qizlari o‘rtasida birinchi bo‘lib, Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida ishtirok etgani mehnatlarimiz samarasi bo‘ldi.

Qizlarni boks bilan shug‘ullantirish barobarida ular bilan ishlaydigan murabbiylarni ham tayyorlab bordik. Keyinchalik O‘zbekiston boks federatsiyasi murabbiylari taklifiga ko‘ra, men erkaklar terma jamoalarida ishlashga o‘tdim.

- Bugun O‘zbekiston – boks bo‘yicha dunyoning eng kuchli terma jamoasi hisoblanadi. Bu muvaffaqiyatning siri nimada?

- Men bu muvaffaqiyatlarning poydevori O‘zbekiston boks federatsiyasidagi ishlar har tomonlama to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligida, deb bilaman. Bunda federatsiya rahbari birinchi o‘rinbosari Tashmatovning tajribasi va ishbilarmonligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aslida Sherzod Rixsibaevich kikboksing va muaytay federatsiyalari, Sharq yakkakurashlarini rivojlantirish markazida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan, buni yakkakurash turlarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, jahondagi eng nufuzli musobaqalarni yurtimizda yuqori saviyada tashkil etilganiga katta hissa qo‘shgani ham isbotlab turibdi.

Sherzod Tashmatov boks federatsiyasi faoliyatini jonlashtirish maqsadida ishga tajribali, jonkuyar va o‘z ishini ustasi bo‘lgan mutaxassislar, murabbiylar va xodimlarni jalb qildi. Ayniqsa, iste’dodli bokschilar selektsiyasiga katta e’tibor qarata boshladik. Ish jarayonida mamlakatimizning barcha viloyatlari, hatto chekka-chekka qishloqlardagi to‘garaklar ham e’tiborda chet qolmadi. Sherzod Rixsibaevich rahbar sifatida bizdan chekka hududlardagi bokschilarning imkoniyatini o‘rganishni, ularga o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat va sharoit yaratib berishimizni talab qiladi.

To‘g‘risi, ayrim viloyatlarda boks ancha orqaga ketib qolgan ekan. Masalan, Samarqand yoki Surxondaryodan bir necha yillar davomida mahoratli bokschi etishib chiqmagandi. Lekin yurtimizning har bir qishlog‘ida yuqori sport natijasiga erisha oladigan yigit-qizlar ko‘pligini bilamiz-ku. Xullas birinchi navbatda ozgina sportga layoqati bo‘lgan bokschi borki murabbiylar uni e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilmoqda.

Yana bir muhim jihat shundan iboratki, bugungi kunga kelib terma jamoaga bokschilarning saralab olishning shaffof tizimi yaratildi.

- Bu qanday amalga oshiriladi?

- Terma jamoaga yo‘l O‘zbekiston chempionatlari va birinchiliklaridan boshlanadi. Kimki mamlakat chempionatlarida o‘zini ko‘rsatsa, terma jamoaga nomzod sifatida qayd etiladi va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga jalb qilinadi. Hozirgi paytda terma jamoa yig‘inlariga nafaqat mamlakat chempionati sovrindorlari balki ularga etarlicha raqobat qila oladigan boshqa sportchilar ham taklif qilinadi.

Qolaversa, terma jamoaning asosiy tarkibidan joy olgan bokschilarga ham hech qanday imtiyoz yo‘q. Ular ham haqiqatan kuchli ekanini ringda isbotlab qo‘yishi kerak. Misol uchun bugun o‘z janglari bilan muxlislarni xushnud etayotgan Isroil Madrimov 2015 yili Samarqanddagi mamlakat chempionatida 69 kilogramm vazn toifasidagi birinchi jangidayoq mag‘lubiyatga uchradi. O‘sha chempionatda hech kim tanimagan Shahram G‘iyosov mazkur vazn chempioni bo‘ldi.  Demak, terma jamoadagi asosiy o‘rin Shahramniki. Riodagi Olimpiadaga  borish uchun u asosiy da’vogar. Murabbiylar Shahramning tajribasizligini inobatga olib, o‘rniga tajribali bokschi jalb qilish taklifini berishdi. Biroq, boks federatsiyasi rahbariyati qaroriga ko‘ra, kim zo‘r bo‘lsa o‘sha mamlakat sharafini himoya qiladi, degan to‘xtamga kelindi. Bu Rio Olimpiadasida o‘zini oqladi va G‘iyosov olimpiya kumush medalini qo‘lga kiritdi.  

Bokschilarning avvalgi yutuqlari, bir necha yildan beri terma jamoa a’zosi ekani inobatga olinmaydigan bo‘ldi. Ya’ni har kim o‘z kuchini, mahoratini, salohiyatini ko‘rsatsa, ularga imkoniyat beriladi. Isroil Madrimov ham 69 kilogrammdagi joyini Shahramga berib qo‘ygan bo‘lsa-da, 75 kilogramm vaznda nimalarga qodirligini namoyish etib, qisqa fursat ichida terma jamoaga qaytdi. Uning yaqinda Samarqanddagi WSB turnirida olimpiya va jahon chempioni, kubalik Arlen Lopezni qanday mag‘lub etganini barcha boks muxlislari juda yaxshi bilishadi.

Hasanboy Do‘smatov haqida ham gapirish mumkin. Bugungi kunda havaskorlar bokschida dunyoning eng kuchli charm qo‘lqop ustasi, deya e’tirof etilgan Hasanboy ortidan o‘zidan iste’dodi kam bo‘lmagan bokschilar etishib chiqayotganini yaxshi biladi. Shuning uchun har bir musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘radi, raqiblarining imkoniyatlarini o‘rganadi, har kuni soatlab o‘z ustida ishlaydi. Agar Hasanboy mamlakat chempionatida raqobatni boy bersa, o‘rnini chempion bo‘lgan bokschi egallaydi.

Yana bir misol 91 kilogramm vazndagi Sanjar Tursunovni aytish mumkin. Bu bola 18 yoshda. Toshkentdagi musobaqada jahon chempionatidaga yo‘llanma oldi. Osiyo chempioni qozog‘istonlik Vasiliy Levit musobaqadan so‘ng Sanjar bilan jangda qattiq qiynalganini alohida tan oldi. Sanjar 91 kilogramm vaznda dunyoda eng tezkor va o‘ta noqulay bokschi hisoblanadi. Uning yagona kamchiligi xalqaro tajribasi yo‘qligida. Lekin hali oldinda ko‘p musobaqalar bor. Sanjar ham sekin-asta tajriba to‘plab, kuchli bokschiga aylanib boradi. Uni kelajakdagi musobaqalarga tayyorlayapmiz.

Bularning bari sog‘lom raqobat samarasi. Terma jamoada hech qaysi bokschining o‘rni kafolatlanmagan, demak kim zo‘r bo‘lsa, musobaqalarda o‘sha qatnashadi.

- Demak, O‘zbekiston chempionati bokschilar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadigan musobaqa darajasiga ko‘tarilibdi.

- Ha. Sherzod Tashmatov murabbiylar bilan maslahatlashgan holda chempionatlarni tashkil qilish talablarini yangiladi. Keyingi yillarda har bir uchrashuvning adolatli o‘tishini ta’minlashga katta e’tibor qaratilyapti. Buning uchun har bir jang to‘rtta video kamera yordamida tasvirga olinadi va tajribali mutaxassislar tuzilgan maxsus komissiya shikoyatlar bo‘yicha tahlil ishlarini olib boradi. Musobaqa jarayonida jang tasvirlari to‘g‘ridan to‘g‘ri sportchilarning tayyorlanish zali, hakamlar va ma’muriyat joylashgan xonalarga onlayn rejimda uzatiladi. Hech nimani yashirib bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, musobaqa jarayonida ishonch telefonlari xizmatini yo‘lga qo‘yish tajribasini ham qo‘llayapmiz. Ya’ni, noxolislik bo‘ldimi, berilgan raqamlarga qo‘ng‘iroq qilinsa, shikoyat maxsus komissiya tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Mamlakat chempionatlariga imkon qadar har bir viloyatdan ko‘proq bokschilarni jalb qilishga alohida e’tibor qilinyapti.Bu raqobatni kuchaytirmoqda va yangi-yangi nomlar etishib chiqishiga zamin yaratyapti. Masalan, bugungi kunda Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lgan va jahon chempionatiga yo‘llanma olgan asosiy tarkib bokschilari tug‘ilib o‘sgan joylarga e’tibor qarataylik. Hasanboy Do‘smatov va Jasur Latipov Andijondan, Shahram G‘iyosov buxorolik, Murodjon Ahmadaliev namanganlik, Bahodir Jalolov surxondaryolik, Bektemir Meliqo‘ziev farg‘onalik, Isroil Madrimov xorazmlik, Elnur Abduraimov va Sanjar Tursunov Toshkent viloyatidan etishib chiqqan bokschilar.

Qolaversa, poytaxtlik Abdulhay Shorahmatov, buxorolik Shahobiddin Zoirov, jizzaxlik Bobo-Usmon Boturov kabi yana bir necha bokschilarimiz ham asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashmoqda.

Shu o‘rinda, bokschilarni tayyorlash jarayoniga bo‘lgan munosabat ham tubdan o‘zgarganini aytish lozim. Rahbariyat talabi bo‘yicha bokschilar yil davomida o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb qilingan. Har oy ikki hafta davomida Yangiobod bazasida mashg‘ulot o‘tkaziladi. Bu bokschilarning vaznini, salomatligi, jismoniy va psixologik holatini nazorat qilish imkonini beradi. Qolaversa, mashg‘ulotlarga bir vazn toifasida to‘rt-beshtadan bokschi jalb etiladi va bular ko‘p vaqtini birga o‘tkazadi, shug‘ullanadi, ovqatlanadi, bir so‘z bilan aytganda bir oiladek yashaydi. Bu jamoaning ichki muhitiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

- Hozirgi terma jamoamiz natijalariga ko‘ra eng kuchlisi, deb tan olinmoqda. Terma jamoani yanada kuchaytirishning imkoni bormi?

- O‘zbekiston boks federatsiyasining yangi rahbariyati va murabbiylari uchun jiddiy sinovlar 2015 yildan boshlandi. Har bir vazn toifasi bo‘yicha eng kuchli bokschilarni saralab olganimizdan keyin qit’a va jahon chempionatlarida ularning imkoniyatlarini sinadik. 2015 yili Tailanddagi qit’a chempionatida ettita bokschimiz finalga chiqqan bo‘lsa-da, faqat Hasanboy Do‘smatov va Bektemir Meliqo‘ziev chempion bo‘ldi. Beshta kumushdan tashqari, bitta bronza ham qo‘lga kiritildi.

Shu yilning o‘zida Qatardagi jahon chempionatida Fazliddin G‘oibnazarov, Bektemir Melqo‘ziev, Muroljon Ahmadaliev finalga chiqqan bo‘lsa-da, raqiblariga yutqazdi. Elshod Rasulov, Bahodir Jalolov va Elnur Abduraimov bronza medal egasi bo‘ldi. Hasanboy esa ilk uchrashuvidayoq mag‘lub bo‘lgandi.

Lekin shu yigitlarning o‘zi bir yildan so‘ng Olimpiya o‘yinlarida qanday natijalarni qayd etganini qarang! Hammasi o‘sishga erishdi. Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsatolmagan Hasanboy Do‘smatov bir yil ichida Olimpiya chempioni bo‘ldi va dunyoning eng zo‘r bokschisi degan nomga sazovor bo‘ldi.

Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida shogirdlarimiz to‘qqizta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bunaqasi tarixda bo‘lmaganini biz emas, siz – jurnalistlar yozdingiz. Biz esa mutaxassis sifatida bokschilarimiz har tomonla o‘sayotganini aytishimiz mumkin. Har xolda natijalar shundan dalolat bermoqda.

Bevosita savolingizga javob beradigan bo‘lsam, albatta terma jamoamizni yanada kuchaytirish uchun imkoniyat va salohiyat etarli. Sog‘lom raqobat muhiti buni ta’minlaydi. Yurtimiz esa iste’dodlarga juda boy.

- Ko‘pchilikni WSB turniri doirasida Kubadagi mag‘lubiyat sabablari qiziqtirmoqda?

- Albatta, muxlislarimiz bokschilar faoliyatini kuzatib borayotgani, natijalarga o‘z munosabatini bildirayotgani bizni quvontiradi. Kubalik va qozog‘istonlik bokschilar etti yildan buyon bu turnirda qatnashmoqda va ular bir necha bor chempion ham bo‘lishgan. “Uzbek tigers” bokschilar endi ikkinchi mavsum qatnashishdi. Qaerlardadir xatoga yo‘l qo‘ydik yoki tajribasizlik qildik. Lekin shogirdlarimiz har bir uchrashuvda qo‘lidan kelgancha harakat qildi.

Kubadagi janglarda jamoamiz hakamlar hisob-kitobiga ko‘ra mag‘lub bo‘lishdi. Men murabbiy sifatida baho beradigan bo‘lsam, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziev menimcha, raqibidan engilgani yo‘q. Mayli bu ham bir tajriba. Kuchli bokschi mag‘lubiyatni ham engib o‘tishi kerak. Zotan, bu yilga qo‘ygan eng katta vazifamiz Germaniyada bo‘ladigan jahon chempionatida munosib ishtirok etishdan iborat.

- Xalqaro sport jamoatchiligining o‘zbek bokschilariga munosabati qanday?

- Biz xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun yiliga bir necha marotaba xorijga chiqamiz. Chet elda bo‘ladigan janglarimizni tomosha qilishga uzoq-yaqindan o‘zbekistonlik muxlislar ham keladi. Ular bizni bevosita musobaqa joyidan qo‘llab-quvvatlab turgani yigitlarga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

Ko‘pchilik o‘zbek bokschilari bilan mashg‘ulot o‘tkazish taklifini beradi. Osiyo chempionati doirasida ham biri necha terma jamoa vakillari ertaroq kelib, bokschilarimiz bilan birga o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi. Kuni-kecha boks bo‘yicha Angliya terma jamoasi 26 kishilik delegatsiyasi bilan kelib, Yangioboddagi qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashdi. Shu o‘rinda, zamonaviy boksga Angliyada asos solinganini unutmaslik lozim. Boks vatani vakillari yurtimizga kelib, bizdan boksni o‘rganishi, har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi. Zero, inglizlar ham bu erga o‘z mahoratini oshirish uchun kelgan va ortga mamnun holda qaytdi.

Qolaversa, Osiyo chempionatidan so‘ng qozog‘istonlik hamkasblarimiz o‘zbek boks maktabi kuchayganini ham tan oldi. Qozog‘iston ommaviy axborot vositalari hozirgi paytda o‘zbek boksi ilgarilab ketgani haqida maqolalar chop etmoqda.

Eng muhimi, O‘zbekiston boks federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi – AIBA va Osiyo boks konfederatsiyasi rahbariyati tomonidan yuqori baholanmoqda. Zotan, Sherzod Tashmatov bejizga Osiyo boks konfederatsiyasi vitse-prezidenti etib tayinlangani ham bu inson tajribali mutaxassis sifatida qadrlanishidan dalolat beradi.

Albatta, o‘zbek boksi jahonda etakchiga aylangani hammaga ham manzur bo‘lavermaydi. Chunki bu sport, kurash va raqobat. Bizning bugungi kundagi asosiy vazifamiz esa ana shu etakchi pog‘onalarda qolish. Shuning uchun ham asosiy e’tiborni ayni paytda oldimizdagi jahon chempionatida munosib ishtirok etishga qaratganmiz. Bokschilarimiz yana bir karra xalqimiz ishonchini oqlab, olqishini olish uchun bor kuch-qudratini ishga soladi.

- Rahmatjon aka, samimiy suhbat uchun rahmat.

SPORTS.uz

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!