Futbol afsonasi Anri Husanov oʻyiniga qanday munosabat bildirdi?
“Manchester Siti” futbolchi “Uembli” arenasida o‘tkazilgan Angliya kubogi finalida “Chelsi”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, sakkizinchi marta ushbu bosh sovrin sohibi bo‘ldi.
Hal qiluvchi uchrashuvning kulminatsion nuqtasi Abduqodir Husanov va “Chelsi”ning braziliyalik legioneri Joao Pedro ishtirokidagi vaziyat bo‘ldi. Husanov jarima maydonchasiga yorib kirayotgan Pedro bilan elkama-elka to‘qnashdi, raqib futbolchi chiroyli yiqilib berdi.
“Chelsi” futbolchilari bu vaziyat uchun bosh hakamdan penalti talab qila boshladi. Ammo Darren Inglend qarorida qat’iy qoldi va hatto VARga ham murojaat qilgani yo‘q.
Aynan mana shu vaziyat futbol jamoatchiligi tomonidan keng muhokama qilinmoqda.
Afsonaviy fransuz futbolchisi Tyerri Anri “Chelsi” va “Manchester Siti” uchrashuvining birinchi bo‘limidagi bahsli vaziyat haqida fikr bildirdi.
Anrining fikricha, himoyachi Abduqodir Husanov Joau Pedroga qarshi qoidabuzarlik qilgani uchun qizil kartochka olishi kerak edi.
Tyerri Anri nima dedi?
O‘yindan keyingi efirda Anri ushbu vaziyatni qayta ko‘rib chiqqanini va hakam qarori noto‘g‘ri bo‘lganini aytdi.
Fransuzning so‘zlariga ko‘ra, bu epizod nafaqat penalti, balki chetlatishga ham tortardi, chunki Husanov “umuman to‘p uchun o‘ynashga urinmagan”.
- Men takroriy lavhani yana bir bor ko‘rdim va ochig‘ini aytsam, Husanovning Joau Pedroga qarshi foli – bu toza penalti. Menimcha, u yerda hatto qizil kartochka ham berish kerak edi, - Tyerri Anri.
Shuningdek, Frantsiya terma jamoasining sobiq hujumchisi ko‘plab ekspertlar muxlislar va ommaviy axborot vositalarining ehtimoliy reaksiysidan qo‘rqib, bunday qarorlarni ochiq tanqid qilishdan tiyilishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsumda “Manchester Siti” safida ikki sovrin – Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogiga ega chiqdi. 22 yoshli legionarimiz bu turnirlar final uchrashuvida o‘ynab, jamoa muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdi.
Qolaversa, Abduqodir Husanov Angliya futbolida sovrinlarni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida O‘zbekiston va jahon futboli tarixidan joy oldi.

Fikrlar