Rasman! Edgar Gess "Sho‘rtan" bosh murabbiyi etib tayinlandi
Ikkinchi davra o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan “Sho‘rtan” jamoasi hal qiluvchi yig‘inlarni Toshkentda o‘tkazmoqda. 5 iyuldan e’tiboran G‘uzorda boshlangan ushbu jarayonlarda futbolchilar Vitaliy Legay va Gennadiy Kochnevlar qo‘l ostida mashg‘ulotlarda qatnashishayotgan edi.
Davralar oralig‘ida "Sho‘rtan" rahbariyati bir qator tajribali mutaxassislar bilan muloqot olib bordi va nihoyat kuni kecha yakuniy qaror qabul qilindi.
Bundan avval ham “Sho‘rtan”da faoliyat ko‘rsatgan, g‘uzorlik muxlislar mehrini qozongan va aytish joizki, hozircha jamoani o‘z tarixida eng yuksak natijalarga erishtirgan Edgar Gess “Oq bo‘rilar” boshqaruviga munosib nomzod deb topildi.
25 iyul kechki mashg‘ulotlar arafasida "Sho‘rtan" rahbariyati futbolchilar va murabbiylar shtabi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazdi hamda E.Gessni rasman bosh murabbiy sifatida tanishtirdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu murabbiy “Sho‘rtan”ni 2009-2011 va 2012-2013 yillar davomida boshqarib bordi. Uning qo‘l ostida “Oq bo‘rilar” 2010 yilgi mavsumda Oliy ligada 4-o‘rinni egallashdi. Shu yilning o‘zida “Sho‘rtan” O‘zbekiston Kubogining finaliga qadar etib bordi. 2011 yilgi mavsumda esa G‘uzor jamoasi Xalqaro musobaqa - Osiyo Konfederatsiyasi Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Guruhdan keyingi bosqich - 1/8 finalga chiqish vazifasini uddaladi.



Fikrlar