
“Roma” yangi mavsumda qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?
O‘tgan Chempionlar Ligasi kashfiyotchisi bo‘lgan “Roma” qaynoq transfer bozorini boshidan kechirmoqda. Rimliklarni bir qator asosiy tarkib futbolchilari tark etgan bo‘lsa, ularning o‘rniga nomdor vakillar kelib qo‘shildi. Yangi mavsumda “Roma”ni qay ko‘rinishda ko‘rishimiz mumkin?
Rimliklar o‘tgan mavsumni uchinchi o‘rinda yakunladi. Ular “Napoli” va “Yuventus”dan keyin marraga etib kelishdi. Biroq ularning A Seriya nomdor klublaridan keyingi o‘rinni egallashi ular orasidagi sifat yaqin degan ma’no kasb etmaydi. A Seriya haqida gap ketganda, barcha Ronalduning shov-shuvli tarzda “Yuventus”ga o‘tganini gapirayotgan bir paytda, “Roma” ham bir qator transferlarni amalga oshirdi.
Ular ikki yirik yo‘qotishni boshidan kechirganini eslatib o‘tish zarur. Jamoani darvozabon – Alisson “Liverpul”ga almashtirgan bo‘lsa, Radja Nainggolan A Seriyaning boshqa bir vakili “Inter”ga o‘tib ketdi.
Ularning o‘rniga esa “PSJ”dan Xaver Pastore, “Ayaks”dan Jastin Klyuyvert, “Atalanta”dan Brayan Kristante to‘ldirdi. 2018-19-yilgi mavsumda ushbu sezilarli o‘zgarishlar bilan asosiy tarkib ham ancha boshqacha tus olishi muqarrar.
1-variant
Yozgi transfer bozori tugaguniga qadar klub yana bir muhim futbolchini olib kelishi mumkin. Agarda bu amalga oshmagana taqdirda ham “Roma” A Seriyaning eng kuchli asosiy tarkibini hosil qilishi mumkin.
Alissonning o‘rnini “Bolonya”dan olib kelingan faxriy posbon Mirante egallashi kutilmoqda. Uning oldida esa tajribali Manolas – Fasio juftligi joy oladi. Ularga qanotdan Kolarov va Florentsilar kamarbasta bo‘lishadi.
Yarim himoyada esa afsonaviy Daniele De Rossi va yangi vakil Kristantelar egallaydi. Ulardan oldinda hujumkor futbolchilardan eng nomdori “PSJ”ning sobiq vakili va Italiya futboliga yaxshi tanish bo‘lgan Pastore etakchilik qiladi. Eden Djekoni qanotlardan Perotti va El Shaaravilar yordam berishadi.
2-variant
Rimliklarning transfer nishonlari amalga oshadigan bo‘lsa, Alissonni Mundial kashfiyotchisi bo‘lgan Olsen to‘ldirishi kutilmoqda. Shvetsiyalik posbon braziliyalik hamkasbining o‘rnini bildirmasligi aniq.
Himoya chizig‘iga esa Markano olib kelinishi kutilmoqda. Yarim himoyada Strootman Kristantega sheriklik qilishi ham mumkin. Ulardan oldinda Gollandiya afsonasi Patrik Klyuyvertning o‘g‘li Jastin chapdan, o‘ng qanotdan esa Malkom o‘ynashi varianti kutilgan edi. Biroq Malkom “Roma”ni tanlamadi. Shunday bo‘lsada, “Olimpiko”da kuchli vingerlar etarlicha topiladi. Juda bo‘lmasa, dunyoning eng qimmat darvozaboni bo‘lgan Alisson transferidan tushgan pulni birorta kuchli futbolchiga sarflashadi.
3-variant
Asosiy tarkib raqobatchilik qilish uchun etarli bo‘lmasa, “Roma” o‘zining yosh iqtidor egalariga suyanishi mumkin. Ular bu borada Evropada maqtansa arzigulik tarbiyalanuvchilari va vakillariga ega.
Bunday variantda darvozani yosh iqtidor egasi Daniel Fusato egallashi mumkin. Himoyada esa yana bir yangi nom Bianda harakat qilishi kutilmoqda. 18 yoshli frantsuz himoyachisini porloq kelajak kutmoqda, deya bong urayotganlar soni ortib bormoqda.
Shuningdek, markaziy himoyachilarga qanotlardan Karsdorp va Lyuka Pellegrinilar yordam berishadi. Hujumkor yarim himoyachilar – Klyuyvert, Korich va turk Jengiz Under egallashi mumkin.
Hujumda esa 2016-17-yilgi mavsumda 11 gol urgan Patrik Shik javlon urishi mumkin. 22-yoshli hujumchi “Sampdoriya”da o‘z mahoratini etarlicha toblab bo‘lgan.
Ko‘rib turganimizdek, “Roma”da variantlar etarlicha. Ular bu tarkib bilan so‘nggi natijalarini yanada yaxshilashga urinib ko‘rishlari mumkin. Chempionlik uchun kuchli tarkib bo‘lmasada, A Seriya va Chempionlar Ligasida navbatdagi qahramonliklarni ko‘rstib qo‘yishlari ehtimoldan holi emas. Bu futbol, to‘p dumaloq, maydon tekis!
Erkinjon G‘aybullaev tayyorladi
Fikrlar