
SPORTS.uz: Umid Ahmadjonov ertaga Andijonga tashrif buyuradi
Nihoyat, “Andijon” klubi ma’lum tanaffusdan so‘ng kuchlilar safiga qaytishga juda yaqin turibdi. Aniqrog‘i, yana bitta o‘yinda g‘alaba qozonsa, “Andijon” Superliganing yangi a’zosiga aylanadi. Buning uchun andijonliklar 13 noyabr kuni o‘z maydonida Farg‘onaning “Istiqlol” jamoasini mag‘lubiyatga uchratishi zarur bo‘ladi. Shuning uchun seshanba kuni bo‘ladigan uchrashuv “Burgutlar” uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda “Sog‘lom avlod” stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘ta muhim bellashuvga har tomonlama jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. E’tiborli tomoni shundaki, mazkur bellashuv futbolimiz rahbariyatini ham befarq qoldirmayapti. Shu sababdan O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning “Andijon” – “Istiqlol” o‘rtasidagi bellashuvga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu borada o‘zi bilan gaplashganimizda chindan ham Andijonga tashrif buyurishi rejada borligini tasdiqladi. Agarda rejada biror-bir o‘zgarish yuz bermasa, Ahmadjonov o‘yinni bevosita “Sog‘lom avlod” stadionida kuzatadi. Shuningdek, Toshkentdan yana boshqa bir qator taniqli shaxslarning ham tashrifi kutilmoqda. Chunki mazkur to‘qnashuvda kelasi yili Superliganing yangi a’zosi rasman aniq bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa “Andijon”ning “Istiqlol”ni mag‘lub etishi talab etiladi. Yodingizda bo‘lsa, Umid Muhammadjonovich shu yilning qish faslida Andijonga qilgan tashrifi chog‘ida “Andijon” jamoasining o‘rni Superligada bo‘lishi kerakligini va shu bois klub o‘z oldiga faqat yuqori maqsadlarni qo‘yishi zarurligi haqida o‘z fikrlarini bildirgandi. Umid Ahmadjonovning ushbu so‘zlari o‘laroq “Andijon” klubi pro-ligada chindan ham Superliga uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylandi va ayni paytda deyarli bu vazifani uddalashga juda yaqin turibdi. Qolaversa, viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich Abdurahmonovning jamoaga qaratayotgan e’tibori, futbolchilar uchun yaratib berayotgan sharoitlari, keng imkoniyatlar sababli ham “Andijon” o‘z muxlislarini xursand etib kelmoqda.
Yana bir e’tiborga molik tomoni shundaki, boya ta’kidlaganimizdek, maydon egalari ushbu uchrashuvga har tomonlama yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu jumladan muxlislar ham sevimli jamoasini har qachongidan ko‘ra katta ishtiyoq bilan qo‘llab-quvvatlash uchun hozirik ko‘rmoqdalar. Bundan tashqari, viloyat hokimining tashabbusi bilan jamoa a’zolarini munosib ravishda rag‘batlantirish ham ko‘zda tutilgan. Uchrashuvdan oldin esa muxlislarga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida kontsert dasturi ham uyushtiriladi. Xullas, muxlislarni ajoyib sovg‘alar va syurprizlar kutib turibdi.
Demak, 13 noyabr, soat 14:30 da boshlanadigan “Andijon” – “Istiqlol” uchrashuviga barcha muxlislarni chorlab qolamiz.
Shuhratbek JO‘RAEV
Fikrlar