
Sarrining yo‘l qo‘ygan uch asosiy xatosi!
“Ko‘klar” 2019-yil boshidan beri to‘qqizta o‘yinining to‘rttasida mag‘lub bo‘ldi. Hammasidanam yakshanba kuni “Manchester Siti”dan uchralgan 6-0 hisobidagi qaqshatgich mag‘lubiyat o‘tib tushdi.
Bu “Chelsi”ning Premer Liga tarixida 1991-yilda “Nottingem Forest”dan 7-0 hisobidagi mag‘lubiyatidan keyingi yirik mag‘lubiyati bo‘ldi.
Bunday antirekordlardan Sarri ham tez orada Roman Abramovichning navbatdagi qurboniga aylanishi mumkinligini tahmin qilish mumkin.
Ammo tanganing ikki tomoni bo‘ladi. Klubning nursiz o‘yin ko‘rsatishida Sarri aybning bir qismini shogirdlari gardaniga bemalol yuklab qo‘yishi mumkin.
Ammo Premer Liganing oltinchi pog‘onasidan joy olgan “Chelsi” murabbiyining yo‘l qo‘ygan muhim xatolarini tilga olmasdan iloj yo‘q. Xo‘sh, bu qaysi xatolar? Quyida ana shu haqida muhokama qilamiz.
- B rejaning yo‘qligi
Sarri jamoa boshqaruvini endigina qo‘lga olganida muxlislar uning yorqin futbol uslubi “Stemford Bridj”da chaqnashi mumkinligini kutishgandi.
“Sarrismo” “Napoli”ni nafaqt A Seriyada, balki Evropada eng jozibador klubga aylantirdi. “Chelsi” ham huddi shu narsa takrorlanishini istagandi.
Sarrining yangi jamoasi uning uslubiga moslashishi uchun vaqt talab qilinishi barchaga ma’lum edi. Ammo ilk umid uchqunlari “ko‘klar” buni qisqa fursatda bajara olishini bildirdi. Ammo o‘shandan keyin ba’zi sabablar tufayli bu ish bermadi.
Birinchidan, raqib jamoalar “Sarrismo”ni to‘xtatish uchun italiyalik murabbiyning kalit futbolchisi Jorjinoni “o‘yindan chiqarib tashlash” yo‘lini topishdi.
Boshqa bir tomondan, “ko‘klar” raqib yarim himoyasini yorib o‘tish yo‘llarini qidirish o‘rniga hujumchilariga to‘pni tezroq etkazib berish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Eng yaxshi murabbiylar bunday holatda o‘z o‘yin uslublarini sayqallashtirishda va ba’zi vaziyatlarda esa B rejalar tuzishga harakat qilishadi. Sarri esa bu haqida o‘ylab ko‘rgani ham yo‘q.
“Chelsi”ning “Bornmut”dan 4-0 hisobida uchralgan mag‘lubiyatidan keyin Sarri jurnalistlarga “Nega? Men A reja yaxshiroq ishlashini istayman” deya javob qaytardi.
“10 yil avval “Barselona” barchasini yutganini hamma biladi. Chunki ular o‘z futbolini juda yaxshi namoyish qilishgandi. Men ham avvalo o‘z futbolimni yaxshiroq ishlashini istayman” – dedi italiyalik murabbiy.
A rejaning ish bermasligi va B rejaning yo‘qligi tufayli klub safardagi uch o‘yinda 12-0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Londonliklar 2018-yil oxiridagi so‘nggi o‘yinidan beri safarda gol ura olmay kelmoqda.
- Rotatsiyaning yo‘qligi
Ko‘plab futbol murabbiylari o‘zlarining sevimli asosiy tarkibiga ega. Bu ularning o‘yin uslublariga mos tushishi tufayli tushunsa bo‘ladi.
Ammo ular rotatsiya qilish asosiy tarkibni doimo jangovar holatda ushlab turish uchun kerakli ekanligini ham tushunishlari bor gap.
Bu mavsum Evropa Ligasida ishtirok etayotgan “Chelsi”dan ko‘pchilik ushbu musobaqada jamoa asosan yoshlar bilan ishtirok etib etakchilarga dam berilishini kutishgandi. Ammo Sarri hamma bilgan haqiqatni ko‘ra olmadi. Murabbiy o‘zining eng kuchli tarkibi bilan Evropa Ligasida ishtirok etdi. Keyingi bosqichga chiqish yo‘llanmasi naqd bo‘lgachgina Xadson-Odoi va Ampadu kabi yoshlarga imkon berildi, xolos.
Karabao Kubogi ham yordam bermadi. Barcha musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda 40 o‘yinda Sarri atigi 27 futbolchidan foydalangan xolos. Shulardan 15 tasi esa 40 o‘yinning yarmidagina ishtirok eta olgan.
Bu 90 daqiqa qattiq mehnat talab qiladigan “Sarrismo” uslubida futbolchilarni ancha toliqtirib qo‘yadi.
Oldingi chiziqdagi uchlik ancha yuqori va qattiq pressing qilishlari shartligi tufayli dam olish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa 30 yoshni qarshilagan Villianga o‘xshaganlar uchun. Bunga echim sifatida yozda “Bavariya”ga o‘tishi kutilayotgan Xadson-Odoiga ko‘proq o‘yin amaliyoti berishni aytib o‘tish mumkin.
- Azarning “aldamchi to‘qqizlik vazifasi”
“Chelsi” kabi Azar ham mavsumni yuqori notada boshlashga erishdi. Sentyabr oyida olti gol va ikki golli uzatmani amalga oshirgan etakchi futbolchi Sarrining 40 gol uradigan futbolchisi bo‘lishi mumkinligini o‘rtaga qo‘ydi.
Ammo belgiyalik futbolchi o‘sha olti golidan keyin uzoq vaqt raqib darvozasini aniq nishonga ololmadi. Nafaqat u balki markziy hujumchilar ham “Sarrismo”ga moslashish bilan vaqt o‘tkazishdi.
Natijada Eden Azarga “aldamchi to‘qqizlik” vazfasi ishonib topshirildi. To‘p bilan bo‘lganda ko‘p ishlarga qodir bo‘lgan futbolchi, aldamchi to‘qqizlik pozitsiyasida tomoshabinga aylanib qoldi.
Futbolchi yangi pozitsiyasida jismonan baquvvat markaziy himoyachilarni engib o‘ta olmasligi kundek ravshan edi.
Ammo eng katta muammo shundaki Azar “aldamchi to‘qqizlik”dan ko‘ra chap qanot vingeri sifatida katta foydasi tegadi. Premer Ligada bu pozitsiyada undanda kuchliroq futbolchilar deyarli yo‘q. Sarri chap qanotni Villian va Pedrolarga ishonib topshirishni ma’qul ko‘rdi. ammo ular belgiyalik futbolchining ishini to‘liq bajara olmaydi.
Xullas, bosh murabbiyning yo‘l qo‘ygan ba’zi xatolari sabab “Chelsi” ayni vaqtdagi holatiga tushib qoldi. Yangi echimlar tez orada taklif qilinmasa, rahbariyatning unga bo‘lgan ishonchi ham yo‘qolishi tabiiy holat.
Fikrlar