Server Jeparovning yangi jamoasi haqida nimalarni bilasiz?

  • 14 yanvar, 2017, 22:03
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi – Server Jeparov Eronning “Istiqlol” jamoasiga o‘tgani to‘g‘risida xabar berib o‘tgan edik. Osiyoning ikki karra eng yaxshi futbolchisining yangi jamoasi haqida nimalarni bilasiz? Agarda bu savolga javob berishda qiynalgan bo‘lsangiz, biz javob beramiz.

Klub tarixi

Jeparovning yangi klubi 1945 yilning 26 sentyabrida “Docharkex Savaran” nomi ostida tashkil topgan bo‘lib, 1949 yildan boshlab “Toj” nomi ostida faoliyat yuritgan. 1979 yil mamlakatdagi katta o‘zgarishlardan so‘ng jamoa bugungi nomi – “Istiqlol”ni oladi. “Istiqlol” iborasi forschadan “mustaqillik” degan ma’noni anglatar ekan. “Istiqlol” sport jamiyati bo‘lib, mazkur nomni sportning boshqa turlarida ham uchratishingiz mumkin bo‘ladi. Ushbu sport jamiyatiga uch nafar ofitserlar: Mirzani, Janonpur va Navoblar tomonidan asos solingan ekan. Klub ko‘k-oq rang liboslarda harakat qiladi.

Jamoa stadioni

“Istiqlol” o‘z uy uchrashuvlarini o‘sha mashxur “Ozodi” stadionida o‘tkazib keladi. Bugungi kunda o‘z bag‘riga 78 mingdan ziyod muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oluvchi mazkur arenaga 1973 yilda asos solingan. Stadionning katta sig‘imiga qaramay “Texron derbisi”da ba’zan muxlislarga joy etmay qolar ekan.

Jamoa sovrinlari

“Istiqlol” mamlakatdagi eng sovrindor jamoalardan sanaladi. Texron klubi shu kunga qadar 8 bor Eron chempioni bo‘lgan ekan. 2001 yilda Eron Pro ligasiga asos solingan va ko‘pchilik manbalarda natijalar aynan ana shu yildan boshlab hisoblanadi. Shunday bo‘lgan taqdirda jamoaning chempionliklari soni 3 tani tashkil etadi. Jeparovning yangi klubi so‘nggi bor 2012/13 yilgi mavsumda Pro ligada g‘olib chiqqanini ta’kidlash joiz.

Eron kubogi(Xafzi kubogi)ni qo‘lga kiritish bo‘yichg esa “Istiqlol”ning oldiga tushadigani yo‘q. Klub mazkur musobaqa finallariga 10 bor chiqqan bo‘lsa, shulardan 6 tasida g‘alaba qozongan, o‘z-o‘zidan ayonki, qolgan 4 safar esa imkoniyat boy berilgan.

Xalqaro arenada ham jamoa etarlicha obro‘ga ega sanaladi. “Istiqlol” ikki bor OChK(OChL)da zafar quchgan va bu borada Erondagi ilk jamoa sanaladi. To‘g‘ri, mazkur muvaffaqiyatlar o‘tgan asrda qolib ketganini ta’kidlamasdan iloj yo‘q.

Klubning mashxur muxlislari

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Eronda muxlislar futbolni sevishadi va har bir o‘yinda o‘z sevimlilarini stadiondan turib qo‘llashga intilishadi. Bundan tashqari esa klub bir qator mashxur muxlislariga ega: Muxammad Rizo Paxlavi(Eronning so‘nggi shahzodasi), Niki Karimi(aktrisa), Shila Xudad(aktrisa), Xamid Xaddodi(basketbolchi) va hokazolar.

“Isqiqlol” bugungi kunda…

Jamoani bugungi kunda mahalliy mutaxassis – Alirizo Mansuriyan boshqarib kelmoqda.

Mansuriyan jamoani yozda qabul qilib oldi. Unga qadar esa Eron terma jamoasida yordamchi murabbiy bo‘lib ishlagan bo‘lsa, keyinchalik Eron olimpiya(U-23) termasiga murabbiylik qildi. “Istiqlol”ga kelguniga qadar esa u “Naft” jamoasida faoliyat yuritib kelgan.

Eron Pro ligasi “kuz-bahor” tizimida o‘tishini inobatga oladigan bo‘lsak, Jeparov “Istiqlol”ga mavsum o‘rtasida borib qo‘shildi. Ta’kidlash joizki, uning yangi klubining ishlari u qadar “yurishmayapti”. “Istiqlol” Xafzi kubogidagi yurishini chorak finaldayoq yakunlagan bo‘lsa, chempionatda 5-o‘rinda bormoqda. Darvoqe, “Istiqlol”ni fevral oyida OChL saralash bosqichi doirasida “ As-Sad”ga qarshi o‘yin kutib turganini aytish lozim.

Jamoa tarkibi

Muxlislarimizda “Jeparov yangi jamoasida kimlar bilan to‘p tepadi?” degan savol paydo bo‘lgan bo‘lishi tabiiy. Biz esa ularning ayrimlarini keltiramiz: Mexti Rahmati, Xusro Xaydari, Robson(Braziliya), Xrayr Mkoyan(Armaniston), Leandro Padovani(Braziliya).

 

Shahzod Xolboev tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!