Shavkat Mirziyoev O‘FF prezidenti Mirabror Usmonovni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev kecha, 4 iyul kuni 70 yillik yubileyini nishonlagan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonovni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
“Davlat boshqaruvi organlari va jamoat tashkilotlaridagi ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati, ibratli ijtimoiy faoliyati bilan Vatanimiz mustaqilligini, uning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, yosh avlodni jismoniy va ma’naviy etuk insonlar etib tarbiyalash ishiga qo‘shgan katta hissasi uchun hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mirabror Zufarovich Usmonov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlansin”, – deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 iyuldagi №PF-5101 farmonida.
Mirabror Usmonov, shuningdek, “Mehnat shuhrati” (1995), “Fidokorona xizmatlari uchun” (2007), “El-yurt hurmati” (2011) ordenlari hamda “O‘zbekiston mustaqilligiga 15 yil” esdalik nishoni sohibi sanaladi. Bundan tashqari, Mirabror Zufarovich Osiyo Olimpiya kengashining “Oltin ordeni” va FIFAning “Xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Fikrlar